Natijada 2019 yil yakuniga ko'ra, mamlakatimiz Xalqaro statistika salohiyati indeksi bo'yicha 64,4 ballni qayd etib, reytingda 124 o'rindan 84 o'ringa ko'tarildi.
Prezidentimiz 1 iyun` kuni milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo'yicha o'tkazgan yig'ilishda sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida to'xtalar ekan, milliy statistika ma'lumotlari qanchalik haqqoniy va ochiq bo'lsa, uning asosida olib boriladigan davlat siyosati ham shunchalik to'g'ri va adolatli bo'lishini ta'kidladi.
Bugun statistika sohasini rivojlantirish bo'yicha haqiqatan keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada inflyatsiyani hisoblash usuli xalqaro standartlarga moslashtirildi, kuzatuvdagi tovarlar tarkibi kengaytirildi. Davlat byudjeti, tashqi qarz, oltin zaxirasi va tabiiy boyliklar haqidagi moliyaviy ko'rsatkichlar ochiq e'lon qilinmoqda. Ammo Prezidentimiz ta'kidlaganidek, statistik kuzatuv ma'lumotlarining yarmi qog'oz shaklida to'planayotgani, ularni tahlil qilishda 20 yil avval joriy etilgan dasturiy ta'minotdan foydalanilayotgani sohadagi kamchiliklarimizdan hisoblanadi.
Mazkur muammolarni hal etish maqsadida Jahon banki bilan hamkorlikda Statistika sohasini rivojlantirish bo'yicha strategiya ishlab chiqildi. 2019 yilning may oyida boshlangan mazkur jarayonda nafaqat Davlat statistika qo'mitasi, balki respublikamizning deyarli barcha manfaatdor vazirlik va idoralari faol ishtirok etdi. 2019 yilning noyabr` va dekabr` oylarida loyiha muhokamasiga bag'ishlangan xalqaro konferentsiya tashkil qilinib, xorijiy tashkilotlar ekspertlarining taklif va mulohazalari asosida strategiya yanada takomillashtirildi.
Bugungi kunda ushbu strategiya asosida statistika faoliyatini tashkil etish infratuzilmasi jahon andozalariga moslashtirilmoqda. Ma'lumotlarni yig'ish, qayta ishlash va taqdim qilish infratuzilmasiga ilg'or AKTi amaliyoti keng joriy etilyapti.
Bu boradagi ilk ishlardan biri inflyatsiyani ob'ektiv va shaffof hisoblash bo'yicha narx-navolarni kuzatish jarayonlari to'liq elektron planshetlarga o'kazilgani bo'ldi. Jahon bankining moliyaviy qo'llab-quvvatlashi bilan 2020 yildan uy xo'jaliklarini kuzatish jarayonlariga ham planshetlar to'liq joriy qilindi.
Davlatimiz rahbari yig'ilishda soliq va statistika idoralari o'rtasida avtomatlashgan axborot almashinuvini yo'lga qo'yish orqali inflyatsiyani hisoblash xarajatlarini keskin qisqartirish mumkinligini alohida ta'kidladi. CHindan ham, barcha sohalarda raqamli texnologiyalar joriy etilayotgan bugungi davrda statistik ma'lumotlar almashinuvini to'liq elektronlashtirish talab etiladi. Hozirda mazkur vazifani amalga oshirish, xususan, davlat statistika hisobotlarini onlayn qabul qilishni yo'lga qo'yish bo'yicha qo'mitada yangi avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Rejaga ko'ra, 2025 yilga qadar qo'mita va boshqa statistik ma'lumotlarni ishlab chiqaruvchi vazirlik va idoralarning mukammal ma'lumotlar bazalari yaratiladi.
SHuningdek, Statistika sohasini rivojlantirish strategiyasi asosida tizimni zamon talablariga moslashtirishga mo'ljallangan uslubiy asoslar ham tahlil qilinib, yanada takomillashtirish ko'zda tutilgan. Sifatni boshqarish dasturi (DatCam) va biznes-jarayonlarni boshqarishning xalqaro e'tirof etilgan modellari (GAMSO va GSBPM modellari) amaliyotga keng joriy qilinadi. Natijada, mamlakatimiz haqidagi statistik ma'lumotlarning ishonchliligi va shaffofligi darajasi yanada ortadi.
Ushbu strategiya hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish milliy statistika tizimining me'yoriy-uslubiy asoslarini xalqaro andozalarga moslashtirish, amaldagi statistik ko'rsatkichlar sifatini oshirib, mavjud bo'lmaganlarini shakllantirish, makroiqtisodiy ko'rsatkichlarimizning xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olinishi turli xalqaro reytinglardagi pozitsiyamizni to'g'ri va to'liq aks ettirish imkonini beradi.
Bahodir BEGALOV,
Davlat statistika qo'mitasi raisi,
iqtisod fanlari doktori, professor