Maʼmun akademiyasining barpo etilishida xorazmshoh Maʼmuniylar sulolasining, Ikkinchi Uygʻonish davrining yuzaga kelishida esa buyuk bobomiz Amir Temurning va temuriy avlodlarning hissasi beqiyosdir. Har ikki sulola hukmdorlari oʻz davrining yorqin isteʼdodlarini, olimlarini davlat qanoti ostiga toʻplagan va gʻamxoʻrlik qilib, kerakli shart sharoitlarni yaratib bergani uchun tarixan qisqa davr ichida ona yurtimiz dunyo ilm-faniga poydevor boʻlgulik buyuk kashfiyotlarni yaratdilar.
Barcha davrlarda maʼrifatchilik yoʻnalishi asosan uch soha orqali taraqqiy topib borgan. Bular – maorif (yangicha maktablar ochish, taʼlim usulini yangilash), sanʼat (badiiy adabiyot, teatr) va matbuot (gazeta va jurnallar).
XX asr jadid namoyondalari Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Usmon Nosir singari maʼrifatparvar bobolarimiz oʻz davrida ham yangi avlod taʼlim va tarbiyasi muammolari faqat orzu boʻlganligi, jamiyat taraqqiyotida oʻzgarishlar qilish esa oson kechmasligini, ulugʻ maqsadlarga erishish esa millat madaniyati, maʼrifati, ilm-fanning rivoji bilan bogʻliqligini har tomonlama teran anglaganlar.
Jamiyatda maʼnaviy muhitni shakllantirishdagi muhim omil esa mamlakat yoshlarining taʼlim-tarbiya tizimi boʻlib, uning dolzarbligini jadidlarning yetuk namoyondalaridan biri Abdulla Avloniyning “Turkiy Guliston yoxud axloq” asaridagi quyidagi satrlar ham isbotlaydi:
“Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”, “Ilm insonlarning madori hayoti, rahbari, najotidur” degan fikrlari hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Shunga koʻra, millatimiz uchun yosh avlod tarbiyasi jarayoni, jumladan, maʼnaviy tarbiya nechogʻliq muhim, dolzarb va u davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Davr talablariga javob bermay qolgan taʼlim-tarbiya tizimi tubdan isloh qilinishining zaruriyat ekanligi mamlakatimizning mustaqilligini dastlabki kunlaridanoq yoʻlga qoʻyilganligi ayni haqiqatdir.
Jumladan taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida fikr yuritganda avvalambor shu sohaga daxldor tizimlarni isloh etish yangicha yoʻnalishlarni kashf etish taqozo etadi va bugungi davr talabi hamdir.
Umuman mamlakatimizda xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilgan ishlar islohotlarga nazar soladigan boʻlsak, soʻngi toʻrt yil davomida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq taʼlimini isloh qilish boʻyicha 2 ta Farmon, 14 ta qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan 16 ta qarorlar qabul qilinishi, taʼlim tizimi uchun tarixiy yil boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shuningdek xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Davlatimiz rahbari 1-oktyabr “Oʻqituvchilar va murabbiylar” kuni munosabati bilan soʻzlagan nutqida keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi Oʻzbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham tub islohotlar olib borilayotganiga toʻxtalib, “Biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak” deb taʼkidlab oʻtdilar.
Ana shu maqsadlarni amalga oshirishda sohada yangicha “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident farmoni loyihasi muhokamaga qoʻyildi. Mazkur Farmon loyihasi sohada oʻtgan yillar davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning yangilangan tarixiy hujjatdir. Farmonda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari deputatlariga katta masʼuliyat yuklanmoqda. Endilikda har bir maktab direktori lavozimiga munosib nomzodni tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinmoqda. Shu bilan birga, milliy taʼlim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-maʼrifat egalari, jismoniy va maʼnaviy sogʻlom insonlar etib tarbiyalash, taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda mamlakatimiz taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, jamiyatimizda oʻqituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga boʻlgan hurmat-eʼtiborni yana-da oshirish, taʼlim oluvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, taʼlim tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish imkoni bermoqda. Bu borada taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha xususiy sektorning salmogʻini kengaytirish, hududlarda nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashkil etish orqali raqobat muhitini shakllantirish, taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali taʼlim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan xolda taʼlimni boshqarishni avtomatlashtirish va har tomonlama tahlil qilib borish tizimini yaratish, elektron resurslar va masofaviy taʼlim texnologiyalarini yana-da rivojlantirish, taʼlim oluvchilar oʻrtasida IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish, shuningdek ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish, iqtidorli yosh olimlarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish, mavjud ilmiy tashkilotlar salohiyatini yana-da mustahkamlash va rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda Uchinchi Renessans gʻoyasi ham davlatning, ham yoshlarning, ham ota-onalar va ustozlarning orzu istaklarini birlashtirib, bugun va kelajakni birlashtiruvchi hayotbaxsh gʻoya boʻlgani uchun ham Prezidentimiz Uchinchi Renessans masalasini milliy gʻoya sifatida koʻtardilar.
Aziz HAKIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Buxoro shahar boʻlinmasi rahbari,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi









