Mamlakatimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlashga katta eʼtibor berilmoqda. Bu jarayonda fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini taʼminlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab oʻtish lozim.
Birinchisi, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun.
Ikkinchisi, Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom maʼnoda diniy-maʼrifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi boʻldi.
Hozir koʻpkonfessiyali jamiyatlarda davlat va din munosabatlarining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi turli din vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik muhiti barqarorligini taʼminlaydi. Bu tinchlik-osoyishtalikning muhim omillaridan biri. Ayniqsa, dunyo miqyosida ekstremizm va terrorizm muammosi xavf solib turgan, dindan siyosiy maqsadda foydalanishga urinishlar kuchaygan bir paytda aksar mamlakatlarda davlat va din munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solishga asosiy masala sifatida qaralmoqda.
Hozir axborot olish va uzatish imkoniyati kengayib, maʼlumot tarqatuvchi resurslar tobora koʻpayib boryapti. Bular aholining ijtimoiy, axloqiy va diniy qarashlariga jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ushbu jarayonda davlat va din munosabatlarining toʻgʻri va sogʻlom belgilanishi — eng asosiy prinsip. Zero, bu masala mamlakat tinchligi, fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kabi juda nozik va dolzarb jihatlarga tegishli. Shuning oʻziyoq fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va davlatning diniy sohadagi siyosati konsepsiyasini zamonga moslab ishlab chiqish zaruratini paydo qildi.
Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi diniy tashkilotlar bilan aloqalar, jamiyatda dinning oʻrni kabi masalalarda davlatning aniq va tizimli qarashlari hamda yoʻnalishlarini oʻzida mujassam etgan, davlatning diniy sohadagi siyosatini ochiq va shaffof aks ettiruvchi hamda strategik vazifalarni qamrab olgan muhim hujjat sifatida amaliyotga joriy etildi.
Mazkur konsepsiyada vijdon erkinligi huquqi, Oʻzbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni roʻyobga chiqarish masalasi, shuningdek, davlatning diniy sohadagi siyosati maqsadi va vazifalari, prinsiplari va ustuvor yoʻnalishlari aniq qilib belgilab berildi. Zero, zamonaviy jamiyatda har qanday davlatning diniy sohadagi siyosatida asosiy tayanch prinsiplar boʻlishi shart. Shu bois, konsepsiyada mamlakatimizning diniy sohadagi siyosati qonuniylik, vijdon erkinligi, dinning davlatdan ajratilgani, tenglik, erkin tanlov, dinlararo muloqot va oʻzaro tushunish kabi prinsiplarga tayanishi koʻrsatildi.
Davlatning diniy sohadagi siyosati Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Fuqarolar xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqidan erkin foydalanadi. Shuningdek, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdir. Ular bir xil huquq va erkinliklarga ega. Turli konfessiyalarga oid tashkilotlar diniy bagʻrikenglik, murosa, hurmat va oʻzaro tushunish asosida muloqot oʻrnatadi. Bularning barchasi yangi konsepsiyada prinsipial jihatlar sifatida zamonga moslab ochib berilgan.
Shu oʻrinda umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uygʻunligining asosiy shartlarini anglash va anglatish masalasi ham juda muhim ekanini eslab oʻtish lozim. Shunga koʻra, bu jihatlarni “uch makon” tamoyili misolida koʻrib chiqsak.
Birinchisi, fuqarolarning oʻz shaxsiy makoni doirasida boshqa shaxslarning manfaatiga daxl qilmay, xohlagan dinga eʼtiqod qilishi yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmasligi.
Ikkinchisi, diniy jamoa makonida fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz diniy qarashlarini ifodalashi, ibodatlarni, rasm-rusumlarni yakka holda yoki guruh boʻlib bajarishi.
Uchinchisi, ijtimoiy-siyosiy makonda aqida va qarashlarni qonunga xilof ravishda tarqatishga hamda diniy belgilarga koʻra siyosiy partiyalarni va siyosiy maqsadlarni koʻzlovchi ommaviy jamoat harakatlarini tashkil etishga yoʻl qoʻyilmasligi.
Yana bir eʼtiborli jihat — konsepsiyada dunyoviy davlatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishi va mexanizmlari aniq va tushunarli bayon etilganidir. Keling, ushbu yoʻnalishlar va ularning mazmun-mohiyati haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak.
Birinchidan, davlat boshqaruvi yoʻnalishida davlat boshqaruviga oid qarorlar qabul qilish hamda amalga oshirishda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish tutiladi. Bunda umummilliy va umuminsoniy qadriyatlar, madaniy merosni hurmat qilgan holda umumjamiyat manfaatlarini koʻzlash, ilmiy asoslangan yondashuvlarga tayanish belgilangan. Konsepsiyada aniq mexanizmlar orqali bu yoʻnalishning har bir jihati batafsil qamrab olingan.
Ikkinchidan, iqtisodiyotni tartibga solish yoʻnalishida esa davlat iqtisodiyotni, iqtisodiyot subyektlari oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solishda empirik dalillar, oqilona tahlil va obyektiv kuzatuvlarga asoslangan iqtisodiy qonuniyatlar, prinsiplar va institutlarga tayanishi taʼkidlanadi.
Uchinchidan, taʼlim yoʻnalishida oʻqitish jarayonida, uni tashkil qilishda va taʼlim xizmatlari koʻrsatishda taʼlim oluvchilarda diniy aqida va qarashlardan xoli tarzda ilmiy bilimlarni, mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, qarashlar xilma-xilligini hurmat qilish, umumjamiyat manfaatlariga hissa qoʻshish gʻoyalari belgilangan.
Toʻrtinchidan, tibbiyot yoʻnalishida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish va tibbiy madaniyatni shakllantirishda ilmiy tadqiqotlar, dalillar, tibbiy odob qoidalari, fuqarolarning sogʻliqni saqlash huquqlari ustuvorligi prinsiplariga amal qilish qayd etiladi.
Beshinchidan, madaniyat yoʻnalishida jamiyatning madaniy rivojlanishi jarayonida, jumladan, urf-odatlar, badiiy va amaliy sanʼat (adabiyot, musiqa, xoreografiya, teatr, kino va boshqalar) sohalarini rivojlantirishda insonparvarlik, tabiatga gʻamxoʻrlik, milliy va umuminsoniy madaniy merosga hurmat gʻoyalariga tayanish taʼkidlanadi.
Oltinchidan, nikoh institutini tartibga solish yoʻnalishida nikoh munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solishda fuqarolarning huquq va erkinliklariga, fuqarolik va oila toʻgʻrisidagi qonunchilikka alohida urgʻu berilgan.
Yettinchidan, ijtimoiy axloq va xulq-atvor normalarini shakllantirish yoʻnalishi ham bugun koʻplab dolzarb masalalarni tartibga solish va huquqlarni taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Jumladan, ushbu yoʻnalishda shaxsning boshqa shaxslar va jamiyat bilan munosabatlarda, shaxsiy eʼtiqodidan qatʼi nazar, ularning huquq va erkinligini, shuningdek, vijdon erkinligi huquqini hurmat qilgan holda oʻzini oqilona tutishi, insonparvarlik gʻoyalari, milliy va dunyoviy qadriyatlarga tayanishi kabi masalalar mohiyatini anglash har qachongidan ham muhim.
Konsepsiya yurtimiz davlatchiligi rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan. U koʻpmillatli va koʻpkonfessiyali mamlakatimizda umumjamiyat manfaatlarini roʻyobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida oʻzaro totuv yashash, barqaror muhitni taʼminlashga qaratilgan.
Ilhom MAʼRUPOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
raisi maslahatchisi