Taʼkidlash joizki, bugun mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlib oʻtayotgan bunday sessiyalar hokimlarning xalqqa Murojaatnomasi shaklida oʻtkazilmoqda. Sababi, bu yilda bajarilmay qolgan ishlar, vazifalar, shuningdek, kelgusi yilda har bir sohani rivojlantirish boʻyicha koʻriladigan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berilayotir.
Qayd etilganidek, bugun har birimizning amalga oshirayotgan ishlarimiz va harakatlarimiz davlatimiz qudrati va salohiyatini yana-da oshirish, yangi Oʻzbekistonni dunyo hamjamiyatidagi nufuzini yuksaltirish, asosiysi shu yurtda yashayotgan xalqimizning turmush farovonligini yana-da yaxshilashga qaratilgan.
Davlat va jamiyat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan rivojlanib borgan sari inson manfaati, xalq turmush darajasi ham rivojlanadi. Respublikamizning chekka tumanlardan biri boʻlgan Mingbuloq tumanida ham bu borada qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting koʻrsatkichlari natijasiga koʻra Mingbuloq tumani “qoniqarsiz hudud” deb baholangan edi. Ushbu koʻrsatkichni yaxshilash uchun hududiy soliq toʻlovchilar tomonidan joriy yilning 11 oyida 66,9 milliard soʻmlik byudjetga tushum tushishi taʼminlandi. Jumladan, 9 milliard 500 million soʻm ortiqcha tushum tushirilishiga erishildi. Shuningdek, joriy yilning oʻtgan davrida tumanning asosiy koʻrsatkichlarida sezilarli oʻzgarishlar kuzatildi. Jumladan, sanoat mahsulotlari hajmi 418,3 milliard soʻmni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 64,4 milliard soʻmga teng boʻlgan 74 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Buning hisobiga 387 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Yil boshidan buyon 321 ta yangi kichik biznes subyektlari tashkil etildi va 240 ta kichik biznes subyektlarining faoliyati qayta tiklanib, 1 ming 178 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.
Tijorat banklari tomonidan hunarmandchilik yoʻnalishidagi 161 ta loyiha uchun 3,7 milliard soʻmlik kredit ajratilib, ushbu yoʻnalishda jami 263 ta ish oʻrni yaratilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida jami 35,1 milliard soʻm kredit mablagʻi ajratilgan.
Maʼlumki, pandemiya davrida aholining aksariyat qismi oʻz daromadini yoʻqotdi. Davlatimiz rahbarining Farmon va qarorlari asosida yaratilgan imtiyoz va yengilliklar hisobiga tuman hududidagi 13 ta tadbirkorlik subyektlarining 18 milliard 21 million soʻm kredit mablagʻlari muddatlari uzaytirib berildi. Aholi tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar doirasida 3 ming 492 nafar fuqarolarga 180 milliard imtiyozli kredit mablagʻ ajratildi.
Eksportbop qishloq xoʻjalik mahsulotlari hajmining koʻpayishi hisobiga 2020-yil uchun rejalashtirilgan 13 million 400 ming AQSH dollarilik eksport prognoz rejasi 11 oyda 14 million 89 ming dollarga bajarildi. Yoki 20 ming tonnadan ortiq meva-savzavot mahsulotlari turli horijiy davlatlarga eksport qilindi.
Investitsiya dasturi asosida 5 ta ijtimoiy soha obyektlarini qurilish-taʼmirlash ishlariga 13 milliard 43 million soʻm mablagʻlar yoʻnaltirildi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan 2 ta 48 xonadonli koʻp qavatli turar-joy binolari qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ta koʻp qavatli turar-joy binolari joriy hamda mukammal taʼmirlandi.
Bugungi pandemiya sharoitida aholini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tashkil etilib, tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, ehtiyojmand va yordamga muhtoj 2 ming 353 ta oila roʻyxati shakllantirilib, “Temir daftar”ga kiritildi. Oʻtgan davr mobaynida ushbu oilalardagi 3 ming 243 nafar mehnatga layoqatli fuqarolarning bandligi taʼminlanib, 2 ming 135 ta oila “Temir daftar”dan chiqarildi.
Tahlillarga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida Mingbuloq tuman hokimligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 1 ming 167 ta murojaat kelib tushgan. Bu raqamni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan solishtiradigan boʻlsak, 312 taga koʻpayganligini koʻrishimiz mumkin. Kelib tushgan murojaatlarning 504 tasi qanoatlantirilgan. Eng koʻp murojaat yer ajratish masalada ekanligini koʻrish mumkin.
Sessiyada keyingi yilda amalga oshirilishi belgilangan yangi loyihalar xususida ham maʼlumot berildi.
Sessiya doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tuman hokimi N. Xudoyberdiyev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan muammolar yechimi boʻyicha jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.