Minimal iste'mol xarajatlari jahon standartlariga mos(mi)?

    E'lon qilingan kambag'allik chegarasi O'zbekistonda boshqa mamlakatlarga qaraganda birmuncha yuqori.

    Joriy yil may oyining oxirida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi tomonidan mamlakatimizda ilk bor minimal iste'mol xarajatlari qiymati e'lon qilindi. Dastlabki hisob-kitob natijalariga ko'ra, u 440 ming so'm, deb belgilandi.

    Rivojlangan mamlakatlarda allaqachon joriy etilgan mazkur tizim bizda birinchi marta tatbiq etilayotgani bois, odamlar orasida turli fikrlarga sabab bo'lgani tabiiy. Ayrimlar buni iste'mol savati yoki bazaviy hisoblash miqdori bilan bog'lagan bo'lsa, boshqalar qabul qilingan minimal iste'mol xarajatlarini barcha aholi qatlami uchun birdek amal qiladigan qiymat sifatida qabul qildi. Ammo, minimal iste'mol xarajatlarining yuqoridagilardan mutlaqo ayro bo'lgan o'z funktsional vazifalari bo'lgani holda, bu, birinchi navbatda, kambag'allik chegarasi hamda ijtimoiy qo'llab-quvvatlash siyosatini yuritishda maqsadli guruhlarni aniqlashdan iborat.

    — Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy majlisga murojaatnomasida xorijiy tajribani inobatga olgan holda, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismini qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, minimal iste'mol xarajatlari ko'rsatkichini amaliyotga joriy etish topshirig'ini bergan edi. Shu asosida dastlabki hisob-kitoblarni aniqlashga kirishildi, — deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirining birinchi o'rinbosari Ilhom Norqulov. — Hisoblash ishlarini boshlashdan avval oldimizga qator savol va maqsadlarni qo'ydik. Bu vazifa davlatimiz rahbari tomonidan kambag'allikni qisqartirish mamlakat siyosatining muhim yo'nalishi sifatida belgilangani bilan uzviy bog'liq edi. Shu bois, avvalo, aholining maqsadli guruhini aniqlash uchun qandaydir chegara bormi yoki yo'q, degan savolga yuzlandik. Xalqaro tajriba asosida samaradorlikka erishish mumkin bo'lgan baholash metodlari o'rganildi. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, kambag'allikni qisqartirishga erishish uchun, birinchi galda, barqaror iqtisodiy o'sish suratiga erishishimiz, bu aholining barcha qatlami, ayniqsa, kam ta'minlangan fuqarolarga manfaat keltirishi kerak edi. Eng muhimim, aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashda chegara, mezon zarur bo'ldi. Shu asnoda ishlar boshlab yuborildi.

    Maqsad — kambag'allikning milliy o'lchovini joriy etishdan iborat edi. Bu O'zbekistondagi aholining turmush tarziga xos bo'lgan xususiyatlarni aks ettirgan holda, uning farovonlik darajasini o'lchash imkonini beradi. Belgilangan o'lchovning muntazam monitoring etib borilishi esa kambag'allikni kamaytirish dasturlarining samarali ishlashini ta'minlaydi. Bundan tashqari, kambag'allik ko'rsatkichi ijtimoiy to'lovlar miqdorini belgilashda ham ma'lum bir andoza sifatida xizmat qiladi.

    Nima uchun 440 ming so'm?

    Shunday qilib, minimal iste'mol xarajatlarini hisoblash dasturi jamiyatning eng zaif qatlamlari ehtiyojlariga qaratildi. Uzoq tahlillardan so'ng soha vakillari asosiy vazifaga kirishdi. Ishlar Jahon banki ko'magi va hamkorligida olib borildi. Mutaxassislar o'z oldiga davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko'maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash uchun mo'ljal ko'rsatkichni joriy etish, minimal iste'mol xarajatlaridan kambag'allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste'mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish kabi vazifalarni qo'ydi. Bu kambag'alikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzililigini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritishga xizmat qilishi kerak edi.

    2020-yilda amalga oshirilgan o'rganishlar jarayonida Jahon banki ko'magida tajriba sifatida respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xo'jaliklarida Davlat statistika qo'mitasi xodimlari tomonidan so'rovnomalar o'tkazildi. Uyma-uy yurgan holda olib borilgan so'rovnomalar ro'yxatiga 80 dan ortiq oziq-ovqat, 100 dan ziyod nooziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa xizmat turlari va ularga bir hafta davomida qilingan xarajatlar bo'yicha so'rovlar kiritildi. Olingan javoblar xodimlar qo'lidagi zamonaviy planshetlar orqali avtomatik ravishda bazaga kiritib borildi. Unga ko'ra, masalan, kimdir 2 kilogramm kartoshkani 8 mingga sotib olgan bo'lsa, boshqa birov kamroq va arzonroq kartoshka iste'mol qilgani qayd etildi. Maxsus dastur har bir mahsulotnnig kaloriyasi, ozuqaviy qiymatini hisoblab bordi. Umumiy ma'lumotlar hisob-kitob qilinib, aholi mahsulotlarga sarflaydigan xarajatlari asosida 10 ta guruhga bo'lindi va ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo'lgan 30 foiz uy xo'jaliklari ajratib olindi. Mutaxassislarning aytishicha, so'rov o'tkazish jarayonlari to'liq haqqoniy olib borilgan bo'lib, ma'lumotlarning to'g'riligi Davlat statistika qo'mitasi tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib borildi.

    — Xalqaro tajriba asosida maqsadli guruh uchun aholining 30 foizi tanlab olindi, — deydi Ilhom Norqulov. — Bu guruhda eng asosiy xarajatlar oziq-ovqatga sarflanib, unda kambag'allikka moyillik juda kuchli, deb baholanadi. Shu guruhda 1 kishiga 2200 kilokaloriya uchun ketadigan xarajatlar xisoblanganida, buning uchun oyiga kamida 295 ming so'm zarurligi aniqlandi. Bu umumiy xarajatlarning o'rtacha 67 foizini tashkil etyapti. Jami xarajatlar uchun esa kishi boshiga 440 ming so'm kerak bo'ladi. Bir narsani unutmaslik kerakki, bu barcha aholi qatlami emas, balki maqsadli guruh, ya'ni kambag'allikdagi yoki kambag'allikka tushish xavfi ostidagi fuqarolar uchun belgilangan qiymat. Bu hisob-kitoblar shunchaki qayd etilmagan. Uning tagida katta izlanishlar, bir nechta tashkilotlarning o'rganishlari yotibdi. Bundan tashqari, ushbu raqamlar Jahon banki mutaxassislari bilan birgalikda qayta-qayta hisoblangan. Masalan, chekka hududlarda bir oilada 6 kishi yashaydigan bo'lsa, 2 million 640 ming so'm minimal iste'mol xarajati zarur bo'ladi. Odatda bunday oilada bir kishi ishlaydi. Demak, dam olish kunlari bilan hisoblaganda, bir kunda o'rtacha daromad 100 ming so'mni tashkil etishi kerak. Aslida, bu ham kichik xarajat emas, real voqelikka to'g'ri keladi.

    Ko'rsatkich xalqaro miqyosda ham solishtirib ko'rildi. YUrtimizda hisoblangan minimal iste'mol xarajatlarining jon boshiga to'g'ri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati (YAIM) 26,8 foiz bo'lib, mazkur raqam rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan 4-20 foizni tashkil etadi. Taqqoslash uchun Rossiyada bu ko'rsatkich 19 foiz, Turkiyada 17 foiz, Qozog'istonda 11 foiz. Demak, bizda nisbat yuqori xisoblangan. Buni Jahon banki eksporti Uilyam Zeyts ham alohida e'tirof etdi.

    — E'lon qilingan kambag'allik chegarasi O'zbekistonda daromad darajasi o'xshash boshqa mamlakatlarga qaraganda birmuncha yuqori, — deydi Zeyts o'z fikrlari bilan o'rtoqlashar ekan. — Bu shuni anglatadiki, mazkur yangi chegara yuqoridagi boshqa davlatlarga qaraganda ko'proq maqsadlarni qamrab oladi va hukumat o'z oldiga yuqori vazifalarni qo'ymoqda. Qiymatni aniqlash jarayoni ham puxta va shaffof amalga oshirilganiga guvoh bo'ldik. Jahon banki taklifi asosida kambag'allikni o'lchashning muqobil yondashuvlari va ushbu muammoni o'rganishda xalqaro davlatlar tajribasi sinchkovlik bilan ko'rib chiqilganidan so'ng asosiy ehtiyojlar narxini aniqlash metodi, deb nomlangan, tasdiklangan va eng ko'p ishlatiladigan yondashuv tanlandi. Bu metod o'rtacha daromadli davlatlar orasida keng tarqalgan bo'lib, O'zbekistondagi uy xo'jaliklarining haqiqiy hayot sharoitlarini hisobga oladi. Buning uchun maxsus so'rovnoma ishlab chiqilgan. Ushbu yondashuv xalqaro standartlar, kambag'allik chegarasini aniqlash usullari va me'yorlariga amal qiladi. Ammo shu bilan birga, uning natijalari O'zbekistonning o'ziga xosligi hamda sharoitlarini hisobga oladi. Kambag'allik chegarasining to'g'ri darajada belgilanishi juda muhim va bunda hukumat e'tibori eng muhtoj odamlarga qaratiladi. Biroq bu chegara turg'un bo'lmasligi hamda o'zgaruvchan sharoitlarga mos kelishi lozim. U mamlakatdagi narxlar va yashash uchun xarajatlar bilan birga o'sishi kerak. SHu bois, mamlakatda narxlar ko'tarilishi bilan kambag'allik chegarasini avtomatik ravishda oshirib boradigan formula tasdiqlandi. Bu ayniqsa, noaniqlik davrida bir qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch kelinganda eng yaxshi amaliyotdir. Ushbu yondashuv yangi bo'lgani bois, yil davomida uning maqsad va vazifalariga qanchalik mos kelishini tahlil qilish tavsiya etiladi.

    Belgilangan 440 ming so'm minimal iste'mol xarajati test rejimidagi miqdor bo'lib, u har yili inflyatsiya darajasi asosida o'zgarib boradi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi mutaxassislarining aytishicha, minimal iste'mol xarajatlarini hisoblash tajribasini yakuniga yetkazish maqsadida joriy yilda Davlat statistika qo'mitasi Jahon banki bilan birga 10 mingta uy xo'jaliklarida so'rovnoma o'tkazish ishlarini davom ettiryapti. Yil yakunida mazkur so'rovnomalar natijasi asosida minimal iste'mol xarajatlarini hisoblash metodologiyasini tasdiqlash hamda uning qayta hisoblangan miqdorini e'lon qilish ko'zda tutilgan.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri