“Mirzachoʻl-teks” – Prezident tashrifidan soʻng

    “Obod qishloq” dasturi doirasida 2018-yili Gagarin shaharchasida “Mirzachoʻl-teks” korxonasi ham tashkil etilgan edi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yili bu yerga tashrifi chogʻida korxona faoliyatini rivojlantirishga doir muhim koʻrsatmalar bergan, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlashga doimiy eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlagan edi.

    Oradan ikki yildan ziyod vaqt oʻtdi. Oʻtgan davr dagi oʻzgarishlar bilan tanishish maqsadida shu korxonada boʻldik.

    “Mirzachoʻl-teks” korxonasi ijrochi direktori Sardor Roziqov yaqinda Turkiyada boʻlib, ish unumdorligini oshirish boʻyicha hamkasblari bilan muzokaralar oʻtkazib qaytibdi, turkiyalik ikki mutaxassisni ham birga olib kelibdi.

    Tadbirkorning aytishicha, dastlab 100 dona tikuv dastgohi bilan boshlangan ish bugungi kunda klaster tizimi asosida rivojlanmoqda. Yana 100 ga yaqin tikuv dastgohi oʻrnatilmoqda. Turkiyalik mutaxassislar esa tikuvchilar malakasini oshirish bilan shugʻullanadi.

    2019-yili tayyor matodan jinsi kiyimlar tikilgan boʻlsa, hozir mato ham shu yerning oʻzida toʻqilmoqda. Toʻquv boʻlimida bir kecha-kunduzda 30 mingdan 45 ming pogonometrgacha mato tayyorlanadi. Tez orada paxtani ham oʻzlari yetishtirib, toladan kalava ip yigirishni ham yoʻlga qoʻyish boshlangan.

    Korxona 12 gektar maydonda joylashgan. Bir qarich ham yer boʻsh turmasligi kerak, degan tamoyilga amal qilgan ishbilarmonlar shu kunlarda korxona maydonining bir chetida plastik-profil mahsulotlarini ishlab chiqarish sexini qurishni boshlagan.