Misr kompaniyasi Buxoro viloyatida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi

    Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida zargarlik buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Vassef Djuveleri» kompaniyasi raisi Ihab Vassef boshchiligidagi Misr delegatsiyaning Buxoro viloyatiga amaliy safari tashkil etildi.

    Safar doirasida Misr vakillari, Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov va O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi diplomatlari ishtirokida to‘rt tomonlama onlayn muzokara tashkil etildi.

    Unda O‘zbekiston Prezidentining Misrga amalga oshirgan oliy darajadagi tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni hayotga tadbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

    «Vassef Djuveleri» kompaniyasi raisi Ihab Vassef o‘z chiqishida joriy yil 20 fevral kuni Qohirada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan kechgan muloqotini yodga olar ekan, misrlik investorlar ishtirokida mamlakatimizda zargarlik sohasini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit va yordam taqdim etilayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

    «26 fevraldan 1 martga qadar biz O‘zbekistoning Toshkent va Buxoro shaharlarida faoliyat ko‘rsatadigan qator mahalliy zargarlar bilan uchrashdik. Soha rivojlanishi uchun davlat tomonidan keng imtiyozlar taqdim etilganiga bevosita guvoh bo‘ldik. O‘zbekistonlik sheriklar bilan birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham ko‘rib chiqdik. Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bilan birga uni sotish ham muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning markazida joylashgani ham loyihamizning yana-da muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid bermoqda», dedi Ihab Vassef

    Uchrashuv yakunida misrlik investorga zavod qurilishi uchun Buxoro shahrida joylashgan qator bo‘sh obyektlarni ko‘rsatish va o‘zbek tomoni bilan birgalikda qisqa fursatda qo‘shma loyiha rejalari taqdimotini o‘tkazishga kelishib olindi.