Uchrashuv avvalida tomonlar 2022-yil oktyabr oyida imzolangan ikki davlat oʻrtasida ilm-fan, tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish yoʻnalishida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha Anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida fikr almashdilar. I. Abdurahmonov yangi tashkil etilgan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining vazifalari, maqsadlari va rejalari haqida maʼlumot berib, oliy va professional taʼlim sohasida ham hamkorlikda loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish lozimligini qayd etdi.
Uchrashuvda Misr oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida dars berishlari masalasi boʻyicha fikr almashildi. Misr tomoni bu taklifni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar jurnalistika, turizm hamda aniq fanlar yoʻnalishlarida taʼlim beruvchi misrlik mutaxassislarni Oʻzbekistonga jalb etish masalasiga kelishdilar.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri hamda Misr Arab Respublikasi Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar vaziri hamkorlikdagi 2023-2024-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi loyihasini muhokama qilib, imzolashga kelishdilar.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasida oliy taʼlim sohasida, xususan, arab tili va arab adabiyoti, islomshunoslik, manbashunoslik, Arab Sharqi mamlakatlari iqtisodiyoti, farmakologiya, qishloq xoʻjaligi, veterinariya va boshqalar yoʻnalishlarda mustahkam aloqalar mavjud boʻlib kelgan.
Shu bilan birga, respublikamizning qator OTMlarida arab tili boʻyicha kadrlar tayyorlanyapti. Xususan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Samarqand davlat chet tili institutida, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida jami 4 mingdan ortiq talaba arab tilini alohida taʼlim yoʻnalishi sifatida oʻrganyapti, deb xabar beradi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.