Taniqli adabiyotshunos Oʻzbekiston qahramoni Ozod Sharafiddinov farzandlarining tarbiyasidan nolib maslahat soʻrab kelgan kishiga: «Farzandlaringizning qoʻliga kitob tutqazing. Kitob ularga hayotni, turmushning qiyinchiliklariga dosh berishni, sabrni va qanoatni oʻrgatadi» degan ekanlar.
Darhaqiqat, inson maʼnaviyatini oshiradigan, soʻz boyligini toʻldirib boradigan eng muhimi toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadigan eng yaqin doʻst bu kitobdir.
Davlatimiz rahbari «Kitobsiz taraqqiyotga, yuksak maʼnaviyatga erishib boʻlmaydi. Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi millat birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa, avvalo, insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda, – deb bejiz taʼkidlamaganlar.
Bugun «Mikrokreditbank» ATB tashabbusi bilan poytaxtimizdagi qator mahallalarda shinam va koʻrkam kutubxonalar tashkil etilib, foydalanishga topshirilmoqda. Ulardan biri poytaxtimizdagi Yangi hayot tumani «Olchazor» mahallasida yangi tashkil etilgan kutubxonadir.
Ushbu ziyo maskanida oʻzbek va jahon adabiyotining nodir asarlari, iqtisodiy kitoblar, bolalar adabiyoti hamda turli janrlarda chop etilgan adabiyotlar, maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega jami 2 mingga yaqin kitoblar oʻrin olgan boʻlib, bu maʼnaviyat maskani mahalla ahli uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi. Shuningdek, kutubxonada shaxmat oʻynashga qiziquvchilar uchun ham alohida joy hozirlangan.
Mazkur kutubxonaning ochilishi bugun yoshu keksaga chinakam quvonch bagʻishladi. Chunki endi nafaqat yoshlar, balki keksa avlod ham boʻsh vaqtini ana shu ziyo maskanida oʻtkazishi mumkin.
2024-yil 1-mart holatiga koʻra, «Olchazor» mahallasida 5287 nafar aholi, shu jumladan, 2 544 nafar yosh, 2 541 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi.
Eʼtiborlisi shundaki, mahallalardagi bu kabi koʻrkam kutubxonalarning tashkil etilishi nafaqat aholi oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga, balki shu hududda yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Shuning uchun ham hayotimizda ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqimizga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish beqiyos ahamiyatga ega.
Mikrokreditbank esa bunday xayrli ishlarda doim xalqimizga kamarbasta boʻlishga shay.
Reklama