Mobil-ID tizimi davlat xizmatlari koʻrsatishda fuqaroga keng imkoniyatlar yaratadi

    Raqamlashtirish 30 Avgust 2022 2258

    Respublikamizda davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish borasida katta qadamlar tashlandi.

    Jumladan, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan 73 turdagi maʼlumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilindi. Davlat organlari tomonidan ushbu maʼlumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi. Fuqaroning bevosita oʻzidan talab qilish qatʼiyan taqiqlandi. Bu esa millionlab fuqarolarimizning tonnalab qogʻozlarni u yoq bu yoqqa tashishdek ovoragarchiliklardan xalos etdi.

    Hozirgi kun talabi aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda koʻrsatish koʻlamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud maʼlumotlarni ishonchli himoya qilish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirishni taqozo etyapti.

    Eʼtiborli jihati shundaki, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Milliy strategiyamizda ham “Davlat xizmatlarini koʻrsatishda fuqaro eʼtibor markazida” (Citizen — centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning maqsadlari, vazifalari va ustuvor yoʻnalishlari belgilangan.

    Jumladan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari koʻrsatish koʻlamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirish maqsadida, 2022-yil 1-avgustdan boshlab, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qoʻshimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etish belgilandi. Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanishi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalash, shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra, davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

    Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qoʻl barmogʻi izi olinadi va mobil telefon raqami Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetga bogʻlanadi. Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan oʻtish uchun fuqaro tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qoʻllaniladi hamda mobil telefon raqami Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetga bepul bogʻlanadi.

    Bunda fuqarolarni bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar toʻlov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa, bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik toʻlov undirilgan holda amalga oshiriladi.

    Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin. Fuqaroning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga koʻra va belgilangan toʻlovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

    Mobil-ID tizimini joriy qilish va kelgusida texnik qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan teng miqdorda yoxud qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

    M.Tolibov,

    Fargʻona viloyati Rishton tumani

    Adliya boʻlimi

    yetakchi mutaxassisi.