Ushbu mavzu boʻyicha maxsus dastur yordamida oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra, bir kishi telefonini kuniga oʻrtacha 110-marta qulfdan chiqaradi. Bu soatiga taxminan 10-martaga toʻgʻri keladi.

Siz telefoningizni qanchalik tez-tez dezinfeksiya qilasiz yoki hech boʻlmaganda nam mato bilan tozalaysiz?

Kvinslenddagi (Avstraliya) Bond universiteti olimlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijasiga koʻra, mobil telefonlar xavfli patogenlar — bakteriya va viruslar bilan tez-tez zararlanadi, deb xabar bermoqda Daily Mail. Shu bois, infeksiyani oldini olish uchun telefonlarni ham xuddi qoʻllar kabi dezinfeksiya qilib turish kerak.

Avstraliyalik tadqiqotchilarning fikricha, mobil telefonlar kelajakda yangi pandemiyaning paydo boʻlishiga katta taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Tadqiqot doirasida universitet molekulyar biologiya kafedrasi dotsenti Lotti Tajuri 165 nafar tibbiyot xodimining mobil qurilmasini sinovdan oʻtkazdi. “Biz tekshirgan uyali telefonlar bakteriya, virus, zamburugʻ va hatto parazitlar bilan zararlangandi”, — deydi doktor Tajuri.

Ishchilar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijasiga koʻra, respondentlarning 98 foizi mobil telefonlar infeksiya yuqtirishiga ishonishgan. Shuningdek, tadqiqot davomida olim 52 foiz foydalanuvchi mobil telefonini hatto hammomda ham ishlatishini, 57 foizi esa gadjetlarini hech qachon yuvmaganini aniqladi.

Olimning fikricha, mobil telefonlarga “uchinchi shaxs” sifatida qaralishi va ularni muntazam ravishda dezinfeksiya qilish yoki yuvish zarur.

Tajuri sogʻliqni saqlash rasmiylaridan yangi epidemiya boshlanishidan oldin universitet tadqiqotlariga eʼtibor berishni soʻradi.