Neft-gaz kimyosi — qo'shimcha qiymat yaratadigan, eksportda katta o'rin tutadigan tarmoq. Ushbu yo'nalishda xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, iqtisodiy samaradorlikni oshirish maqsadida ko'plab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz o'tgan yil 25-noyabr kuni neft-gaz kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalar holatiga oid taqdimot bilan tanishgan edi. Mazkur loyihalar samarasida 4,1 milliard dollar qiymatidagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, 1,1 milliard dollarlik import o'rni to'ldirilishi va 1,45 milliard dollarlik eksport ta'minlanishi mumkin. Jami 6 ming 500 ga yaqin ish o'rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Istiqboli loyihalar doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish ishlari ham olib borilmoqda. Uning qiymati 553 million dollar bo'lib, uch bosqichda amalga oshiriladi. 2025-yilga kelib, zavodda neft` va gaz kondensatini qayta ishlash hajmini yiliga 2,5 million tonnagacha oshirishga imkon beradi.
Yaqin tarixga bir nazar
1996 yilning yozi. Yaponiyaning NHK telekompaniyasidan yurtimizga kelgan ijodiy guruh bilan Buxorodan Qoravulbozorga otlandik. Hamkasblarimizga hamma narsa notanish va qiziq. Oftob nurida jizg'anak bo'lib yotgan sahroning qumli do'ngliklarini ham, uning bag'ridagi saksovulzorlarni ham obdon tasvirga olishdi. 35 kilometrcha yurilgandan keyin Buxoro neftni qayta ishlash zavodining havozalari ko'ringach, ularning issiqdan bo'g'riqqan yuzlariga tabassum indi.
Zavodni qurish ishlari qizg'in borardi. Chor-atrof biyday sahro. Yantoq va yulg'inni hisobga olmasangiz, soya solguvchi na bir daraxt, na ko'zga ilinarli buta bor. Asosiy texnologik inshootlarni tiklash ishlari endi boshlangan, yuk mashinalarining ortidan ko'tarilgan chang ko'z ochirmaydi. Mutaxassislar hamkasblarimizning savollariga batafsil javob berishdi.
Zavod O'zbekistonning uglevodorodni qayta ishlovchi eng yirik korxonasi bo'ladi. Bu yerda jahon andozalariga mos keladigan yuksak oktanli benzin, aviakerosin, suyultirilgan gaz, dizel yoqilg'isi, ko'pgina tarmoq va ishlab chiqarish sohalari uchun zarur bo'lgan boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Yillik quvvati 2,5 million tonna gaz kondensatani qayta ishlashga mo'ljallangan, umumiy qiymati qariyb 500 million dollarga teng bo'lgan korxonani moliyalashtirishda Yaponiyaning eksport-import banki ham o'z hissasini qo'shyapti. Qurilishning texnologik qismi Fransiyaning “Technip” firmasi, Yaponiyaning “Marubeni” va “JeGiSi” kompaniyalari ishtirokidagi konsortsium tomonidan amalga oshirilmoqda. Turkiyaning “Gama” kompaniyasi va o'zbekistonlik quruvchi-mutaxasislar qurilish-montaj ishlarini olib boryapti.
Yaponiya bilan O'zbekiston oralig'idagi masofa havo yo'li orqali qariyb olti ming kilometrni tashkil etadi. Korxonani bunyod etish va moliyalashtirishda dunyoning eng nufuzli kompaniyalari qatori yaponiyaliklarning ham faol ishtirok etayotgani xorijlik hamkasblarimiz ko'nglini g'ururga to'ldirdi. Ana shu hissiyotlar ular tomonidan efirga uzatilgan teletaassurotlarni yanada boyitgani tabiiy hol.
Zavod o'z faoliyatini 1997-yilning 22-avgustida boshladi. Unga yaqin joyda neftchilar istiqomat qiladigan mo''jaz shaharcha ham qad rostladi.
Ana shundan buyon korxonada ishlab chiqarilayotgan neft mahsulotlari turlarini ko'paytirish, ularning sifatini xalqaro standartlar talabi darajasiga etkazishga qaratilgan dasturlar joriy etib kelinmoqda. Buning natijasida AI-80, AI-91 va AI-95 markali avtomobil` benzinlari, ekologik jihatdan sof bo'lgan dizel`, “Boing” va “Aerobus” turdagi havo laynerlari uchun aviatsiya yoqilg'ilari, oltingugurt, suyultirilgan gaz, mazut kabi 19 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.
Jiyda gulining hidi
O'tgan hafta nihoyasida “O'zbekneftgaz” AJ tomonidan tashkil etilgan press-tur tufayli yana Qoravulbozor tomonga yo'l oldik. Avvalgi ikki tasmali asfalt yo'l ikki barobarga kengaygan. e'tiborlisi, yo'l bo'yidagi saksovulzorlar qalinlashib, ayrim joylarda o'rmonzorlarga xos manzara kasb etgan. Zavodga yaqinlashgan sayin, o'zingizni xuddi dov-daraxtlar bilan qoplangan yam-yashil go'shaga kirib borayotganday his qilasiz va “sahrodagi mo''jiza”, “cho'l qo'ynidagi go'zal bo'ston” kabi azaliy iboralar yodingizga kelaveradi. Uning ichkarisidagi ma'muriy ishlab chiqarish binolari atrofidagi qalin daraxtzorlarni, maysazorlarni ko'rib, dilingiz yanada yayrab ketadi. To'g'risi, yaqin-yaqingacha bu erlar qum to'zonlari ko'z ochirmaydigan, sarob o'ynab yotgan yap-yaydoq cho'l bo'lgani bizga hamrohlik qilayotgan yosh hamkasblarimizning xayoliga kelmaydi.
— Zavodimiz hududiga ellik mingdan ko'proq mevali va manzari daraxtlar ekilgan, — deydi korxona bosh ekologi Abdurahim Rasulov. — O'rik, olma, behilar hosilga kirgan. Ularning har biri hisobda, xuddi farzandlarimiz kabi e'tiborda.
Bu yerda elas-elas taralayotgan ajib bir hid diqatimizni tortdi. Daraxtzorlar qo'ynidagi jiydalar gullagan ekan. Aslida u qurg'oqchil joylarni ham pisand qilmay o'sadi. Shu bois korxona hududiga va Neftchi shaharchasi atrofidagi maydonlarga ekilgan minglab jiydalar tarovati ko'zni quvontiradi.
Zavod ishchi-xizmatchilari yashaydigan shaharcha ham yashillikka burkangan. Bu yerda ular uchun 700 dan ortiq ikki qavatli kottejlar, havas qilgulik muhtasham madaniyat saroyi, sport-sog'lomlashtirish majmuasi, maktab, bolalar bog'chasi, savdo, maishiy xizmat ko'rsatish markazlari barpo etilgan. Ayniqsa, istirohat bog'idagi 12 gektarlik sun'iy ko'l yozda bolajonlarning eng maroqli joylaridan biriga aylanadi.
— Prezidentimizning Buxoroga har bir tashrifi hayotimizga ko'plab yangilik, ro'shnoliklar olib keladi, — deydi Abdurahim Rasulov. —. Ularning birida zavodimizni modernizatsiya qilish yo'llari ko'rsatib berilgan bo'lsa, yana biridagi topshiriq bo'yicha Neftchi shaharchasidagi barcha kottejlar ularda yashayotganlarga bepul xususiylashtirib berildi. Qanchalik quvonganimizni, Prezidentimiz haqqiga duolar qilganimizni so'z bilan tariflay olmayman. Unga qadar yigirma yildan beri hamma sharoiti bor uylarda yashayotganimizga qaramay, ertaga nima bo'larkin, degan o'y ko'nglimizni tirnab turardi. Mana endi, ertangi kundan, farzandlarimizning taqdiridan ko'nglimiz to'q. Bilamizki, ezgu amallarning savobi undan-da ulug' bo'ladi.
Shaharcha aholisining aksariyati zavodda va unga yondosh muassasalarda mehnat qiladi. O'tgan yillar davomida bu yerda xuddi tobora chuqurroq ildiz otib, hosilga kirgan daraxtlar kabi oilaviy sulolalar ham vujudga kelgan. Xususan, Abdurahmon Rasulovning turmush o'rtog'i laboratoriya tahlilchisi, o'g'li muhandis, qizi tibbiyot-sanitariya bo'limida hamshira bo'lib ishlaydi...
Rivojlanishning qo'sh qanoti
Zavod faoliyati bilan tanishtirish jarayonida eng ko'p tilga olingan so'z bu — modernizatsiya va innovatsiya bo'ldi. Aslida korxonaning rivojiga qo'sh qanot bo'layotgan bu jarayonga Prezidentimizning 2016-yil 28-sentyabrdagi “2016 — 2020-yillarda uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash negizida eksportga yo'naltirilgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko'paytirish chora-tadbirlari to'g'risida” gi qarori ta'mal toshi qo'ygan edi. Unga asosan, Buxoro NQIZda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini jahon talablari darajasiga etkazish maqsadida texnologik qurilmalarni modernizatsiya qilish va qayta dasturlash ishlari olib borish belgilab berildi.
Bu borada Janubiy Koreyaning “SK Engineering” bilan hamkorlikda chuqur tahlil qilish, shu asosda loyihalash ishlari olib borildi. “O'zbekneftegaz” AJ va mazkur kompaniya o'rtasida imzolangan shartnomaga ko'ra, loyihaning qiymati 553 million dollarga baholangan va 2025-yilga kelib, zavodda “Evro-5” standartidagi 1,2 million tonnagacha benzin, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel` yoqilg'isi va 30 ming tonna mazut ishlab chiqariladi.
Taassufki, pandemiya sharoitida ushbu rejalar xaritasiga o'zgartishlar kiritishga to'g'ri keldi. Koronavirus, ayniqsa “Evro-4” va “Yevro-5” dizel` yoqilg'isi texnologiyalarini joriy etish jarayonida muayyan murakkabliklarni yuzaga keltirdi.
— Karantin tufayli Fransiyaning “Axens” kompaniyasi mutaxassislari gazoylning tozalash qurilmasi katalizatorini almashtirishda ishtirok eta olmadi, — deydi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi bosh muhandisi Baxtiyor Mustafoyev. — Shu bois 13R01 texnologik reaktoridagi yangi katalitik tizimni “Axens” sxemasi bo'yicha o'zimizning mutaxassislar sa'y-harakati bilan onlayn asosida o'rnatishga to'g'ri keldi. Natijada 2020-yil 30-mart kuni O'zbekiston tarixida birinchi marta “Yevro-4” va “Yevro-5” sinfidagi ekologik toza dizel yoqilg'isini ishlab chiqarildi. Ular xalqaro standartlarga to'liq mos keladi va eksportga yunaltirilgan mahsulotga aylandi.
Albatta, bu katta yutuq. Chunki, yevrostandartlarga javob beradigan mahsulotlarni tayyorlash jahondagi ko'plab neftni qayta ishlash korxonalari uchun eng oliy orzu hisobdanadi. Lekin bizni undan ham ko'proq o'zbekona “QuWatt” nomi ostida ishlab chiqarilayotgan benzin qiziqtirardi. Ma'lumki, odamlarning dardiga darmon bo'lsin, degan maqsadda farmatsevtika sohasida shunday nom bilan dori-darmonlar ham tayyorlanadi. Xo'sh, bu yoqilg'i qaysi jihatlari bilan neft` mahsulotlari orasida o'ziga xos mavqega ega, ya'ni raqobatdosh bo'lishi mumkin?
— “QuWatt” brendi ostida AI-95 rusumidagi avtobenzin ishlab chiqarish ishlari Germaniyaning "BASF SE" kompaniyasi bilan hamkorlikda yo'lga qo'yildi, — deydi zavodning innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bo'limi boshlig'i Rustam Hojiev. — U, eng avvalo, dvigatellarda tozalikni mukammal saqlab, klaplanlarda hosil bo'ladigan qatlam miqdorini 4 milligramdan oshirmaydi. Ikkinchidan, dvigatel` quvvatini kuchaytiradi va yoqilg'ini 3 foizgacha tejaydi. Yana bir muhim jihati, mazkur benzinni tashish va saqlash jarayonlarida zanglashga yo'l qo'ymaydi.
Shu yilning yanvar oyidan boshlab, “QuWatt” brendi ostidagi AI-95 rusumidagi avtobenzin ishlab chiqarilyapti va respublika tovar xomashyo birjasi orqali sotilyapti.
Xabaringiz bor, ayni paytda Qashqadaryo viloyatida barpo etilayotgan “Uzbekneftegaz GTL” zavodini qurish va ishga tushirish ishlari so'nggi bosqichga kirgan. Bu yerda “GTL” sintetik kerosini, naftasi va dizel` yoqilg'isi ham ishlab chiqariladi. Bu, o'z navbatida, boshqa korxonalarning rivojiga ham o'zining ijobiy samarasini ko'rsatib, klaster tizimda ishlashga zamin hozirlamoqda. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi ham tez orada ana shu zanjirning muhim halqalaridan biriga aylanadi.
Zavod direktori Akbar Fozilovning ta'kidlashicha, "Uzbekistan GTL"da tayyorlanadigan sintetik kerosini komponentlarini jalb qilish orqali korxona ishlab chiqarishini kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mahsulotni qabul qilish, saqlash va aralashtirish uchun muhandislik kommunikatsiyalari, nasos stansiyasining rekonstruktsiyasi, qo'shimcha quyish-to'kish estakadasi bilan birga, 2 dona 5000 kub metr hajmli sig'im qurilishi ko'zda tutilgan. Ayni paytda sig'imlar o'rnatilgan, ularning poydevorini yanada mustahkamlash yumushlari olib borilyapti.
Mazkur jarayon bilan tanishar ekanmiz, yurtimiz sanoat salohiyatining yuksalib borayotganiga, aniqroq aytganda, raqabotdosh innovatsion loyihalarni bajara olish imkoniyatining kengligiga yana bir karra amin bo'ldik. Xususan, har biri besh ming tonna mahsulotni saqlovchi metall sig'imlar CHirchiqdagi Neftgaz va kimyo mashinasozlik zavodi tomonidan tayyorlangan bo'lsa, “O'z-AD-1” rusumli adsorbentlar Innovatsion rivojlanish vazirligi ko'magi bilan O'zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti olimlari va zavod mutaxassislari hamkorligida yaratilgan. Import o'rnini bosuvchi ushbu adsorbent mahalliy xom-ashyo asosida ishlab chiqilgan va u katalitik reforming qurilmasidagi vodorod saqlovchi gazni xloridlardan tozalash uchun ishlatiladi.
— 2020-yil 21-oktyabrida qurilmaga “O'z-AD-1” adsorbentining tajriba-sanoat partiyasi yuklandi va undan ishlab chiqarish jarayonida foydalanish boshlandi, — deydi zavod direktori Akbar Fozilov. — U import qilinayotgan Frantsiyaning “SAS-851” adsorbentiga nisbatan ancha arzon va har gal tozalash ishlari o'tkazilganda, o'rtacha 20 ming dollarlik valyuta mablag'ini tejashga imkon beradi. eng muhimi, u hamkorlikda tayyorlangan o'zimizning mahalliy mahsulot.
Kuttirib qo'ymayotgan natijalar va hayotiy sinovlar
2020-yilda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 843,9 ming tonna benzin ishlab chiqardi, uning miqdori zavodning 23 yillik tarixidagi eng yuqori ko'rsatkichga aylandi.
Neft va gaz sanoati tarixida birinchi marta yaxlit bozor tamoyillari asosida neft mahsulotlarini sotish joriy etildi. Ya'ni, Prezidentimizning 2020-yil 4-apreldagi “Neft-gaz tarmog'ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida” qaroriga muvofiq, zavod tomonidan ishlab chiqarilgan avtomobil` benzini va dizel` yoqilg'isi birja savdolariga jahon birjalaridagi Brent nefti kotirovkalariga bog'lab qo'ygan holda shakllangan boshlang'ich narxlarda qo'yib borilmoqda.
Darvoqe, press-tur davomida sinov tariqasida qurilmalardan birida gaz sizib chiqishi paytida ro'y beradigan avariya holati bo'yicha o't o'chirish, qutqarish, tibbiyot va boshqa xizmatlar bo'yicha amaliy mashg'ulot o'tkazildi. Trevogo signalidan keyin, shu erning o'zida o'rnatilgan, shu zahot etib kelgan o't o'chirish mashinalaridan shiddat bilan suv purkala boshlandi, gazga qarshi moslama kiygan o'nlab qutqaruvchilar qurilmaga chiqa ketdi. “Tez yordam” ham hoziru nozir bo'ldi...
Bir hamkasbimiz e'tirof etganidek, xuddi triller-kinoni ko'rgandek bo'ldik. Lekin bu "fil`m" jonli, shundoqqina ko'z oldimizda ro'y berdi va jalb etilgan barcha xizmatlarning hamjihatlikdagi harakatlari tufayli gazning sizib chiqishi qisqa fursatda bartaraf etildi, jabr ko'rgan mutaxassisga o'z vaqtida tibbiy yordam ko'rsatildi.
Ha, shunday. Sinov tariqasida o'tkazilgan imtihon muvaffaqqiyatli yakunlandi. Lekin shu paytda ularga yana bir “ko'rinmas yov” — karonavirus tahdid solib turardi. Ahamiyatli tomoni, zavodda karantin qoidalariga qat'iy amal qilinishi barobarida uning tarqalishiga qarshi qaratilgan "Birgalikda engamiz!" dasturi amalga oshirilmoqda.
O'tgan yili korxonada suyuq kislorod ishlab chiqarish yo'lga qo'yilib, shifoxonalarga etkazib berilishi minglab kishilarning dardiga darmon bo'lsa, Buxoro viloyati sanitariya-epidemiologiya xizmati uchun PZR laboratoriyasi (polimeraza zanjiri reaktsiyasi) uchun uskunalar to'plamlari hadya etildi va boshqa tibbiyot muassasalariga mazilli yordamlar ko'rsatib kelinyapti.
Qatrada quyosh aks etadi, deyishadi. Olgan tassurotlarimiz misolida neftni qayta ishlash sohasi ham yangilanish shiddatini his etyapti, desak yanglishmagan bo'lamiz. Binobarin, Farg'onadagi turdosh korxonada ham modernizatsiya qilish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. 2023-yilga borib zavodning ishlab chiqarish quvvati 2 million tonnaga etadi.
Korxonalar oldida xomashyo bazasini mustahkamlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxini tushirib, ichki va tashqi bozorda raqobatdoshlikni oshirish, xalqaro moliya bozoriga munosib kirib borish kabi mas'uliyatli vazifalar turibdi. Bunda modernizatsiya, innovatsiya va transformatsiya – mo'ljallangan marralarga erishishning eng qisqa va samarali yo'li hisoblanadi.
Abdurauf QORJOVOV,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri