Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025–2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, respublika miqyosida yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan sport musobaqalari gʻoliblari qoʻshimcha ravishda “Oʻzbekiston boʻylab sayohat” yoʻllanmasi bilan taqdirlanishi belgilandi.
2027-yil 1-yanvargacha tadbirkorlar tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kamida 10 ta moduldan iborat boʻlgan modulli mehmonxonalar uchun quyidagi miqdorlarda 1-martalik subsidiya ajratiladi:
- I toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 10 mln soʻm;
- II toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 7 mln soʻm;
- III toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 5 mln soʻm.
2028-yil 1-yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining turizm yoʻnalishidagi xodimlari malakasini oshirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
2030-yil 1-yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining xizmatlari xalqaro turizm va tibbiyot yarmarkalari hamda koʻrgazmalarida targʻib qilinadi.
2025-yil 1-iyundan turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi.
2025-yil yakuniga qadar Samarqand shahrida “Ipak yoʻlida turizm” tematik ofisi tashkil etiladi.








