Moʻgʻuliston bilan qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon sanoati sohasida hamkorlik yanada kengaytiriladi

    Joriy yil 28-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Moʻgʻuliston Davlat Buyuk Xurali deputati, “Moʻgʻuliston-Oʻzbekiston” parlamentlararo guruhi raisi, Oʻzbekistondagi parlament saylovlarida Moʻgʻulistondan kuzatuvchilar missiyasiga rahbarlik qilayotgan Suxbaatar Erdenebat bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Moʻgʻuliston – Oʻzbekiston parlamentlararo guruhi masʼul xodimlari, Moʻgʻulistonning Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Daadanxuu Batbaatara va Moʻgʻuliston Bosh saylov komissiyasi raisi Purveyegiin Delgernaran ham ishtirok etdi.

    Suhbat chogʻida tomonlar oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bosqichma-bosqich va oʻz vaqtida amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon sanoati sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

    Ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida dekabr oyida Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston hukumatlararo komissiyasining birinchi yigʻilishini oʻtkazishga tayyorlik bildirildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi va Moʻgʻuliston oʻrtasida imtiyozli savdo masalalari, investitsiyalarni oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisidagi bitim va ikki davlat oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi dasturi muhokama etilishi rejalashtirilgan.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish va muhokama qilingan yoʻnalishlarni amalga oshirishni jadallashtirishga tayyorligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.