Chunki Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston geografik jihatdan bir-biridan uzoq joylashgan. Qolaversa, savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar yetarlicha emasdi. Yangi Oʻzbekistonda qarashlar, fikrlar, imkoniyatlar oʻzgardi. Biz dunyoga ochildik, dunyo bizga bagʻrini ochdi.
Xususan, Prezidentimizning joriy yil 24-25-iyun kunlari Moʻgʻulistonga amaliy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasida transport, madaniyat va gumanitar sohalarda hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqdi, geografik oʻlchamlarni teng huquqiy asosga ega diplomatik doʻstlik oʻzgartirdi, yaqinlashtirdi. Moʻgʻulistonliklar haqidagi tasavvurlarimizni boyitdi, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini berdi.
Jumladan, serquyosh Oʻzbekiston zaminida yetishtirilgan sarxil mevalar, oziq-ovqat mahsulotlari, toʻqimachilik, farmatsevtika, sovitish va muzlatish uskunalari, yuk mashinalari eksporti sezilarli darajada koʻpaydi. Moʻgʻulistondan qoʻy va qoʻy goʻshti yetkazib berishga kirishildi. Bu bejiz emas, albatta.
Yirik va mayda shoxli chorva hayvonlarini boqish, koʻpaytirish, goʻsht, jun, teri mahsulotlari ishlab chiqarishda bu oʻlka dunyodagi yetakchi mamlakatlar sirasiga kiradi. Endi yurtimizda ham Moʻgʻuliston tajribasi asosida chorvachilikni yanada rivojlantirishga ahamiyat berilyapti. Qoʻyning yangi zotlarini koʻpaytirish yoʻnalishida hayotbaxsh loyihalarga start berildi. Istiqbolli loyihalar dasturiga koʻra, mamlakatimizga Moʻgʻulistondan 100 ming bosh zotdor qoʻy yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.
— Moʻgʻulistondan olib kelingan mayda shoxli mollar asosida mahalliy naslchilik va seleksiya ishlari yoʻlga qoʻyildi. Shu orqali ularning sonini bosqichma-bosqich koʻpaytirib boramiz, — deydi Andijon vi-loyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Dilmurod Qayumov. — Loyihaning dastlabki bosqichida viloyatimizga bayad zotli ming bosh qoʻy olib kelindi. Bu shu zotdagi qoʻylarni mahalliy sharoitga moslashtirib, koʻpaytirish uchun juda katta imkoniyat. Hozir Oʻzbekiston iqlimiga moslashtirish, ehtimoliy kasalliklarning oldini olish uchun qoʻylar veterinariya xodimlari nazorati ostida vaqtincha karantinda saqlanmoqda. Ayni paytda barcha imkoniyatlar, xususan, sifatli ozuqaga ham jiddiy eʼtibor berilayotgani bois, qoʻylarning holati, rivojlanishi juda yaxshi. Soha rivojida ozuqa bazasining oʻrni juda muhimligini hisobga olib, istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, bu yoʻnalishda ish boshlagan tashabbuskor fermerlar uchun Xonobod qir-adirlarida Andijon davlat oʻrmon xoʻjaligiga qarashli yerlardan ijara asosida yaylov ajratib berish choralari koʻrilyapti.
Baliqchi tumanidagi “Ulkan chinor barakasi” chorvachilik fermer xoʻjaligi mayda shoxli hayvon boqishda oʻz tajribasiga ega. Dastlab 50 bosh qoʻy-qoʻzi boqishdan ish boshlagan fermerning qoʻrasida bugun 300 bosh qoʻy bor. Ayni kunda xoʻjalik fermasiga bayad zotli 250 bosh qoʻy olib kelindi.
— Ular oʻzimizning qoʻylardan goʻshti koʻp va yogʻi kamligi bilan farq qiladi, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Sanjarbek Askarov. — Masalan, mahalliy qoʻy oʻrta hisobda 25-30 kilogramm goʻsht qilsa, uning 30-35 foizini yogʻ tashkil qiladi. Moʻgʻuliston qoʻylarida bu miqdor 7-8 foizga ham bormaydi. Yaʼni yogʻi kam, parhezbop goʻsht beradi. Qoʻy olib kelish oldidan Moʻgʻulistonda boʻlib, chorvadorlar ish tajribasi, naslchilik, qayta ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdik, hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Bu yoʻnalishda ishlash istagida boʻlgan fermerlarga qoʻy olib kelish bilan bogʻliq transport xarajatlarining 50 foizi qoplab berildi. Bitta qoʻyning fermer xoʻjaligimizga yetib kelish xarajati 2 million 400 ming soʻmga toʻgʻri keldi. Oʻn bir gektar maydonda mayda shoxli hayvon uchun ozuqa ekinlari yetishtiramiz. Bundan tashqari, Andijon davlat oʻrmon xoʻjaligi tasarrufidagi yaylovlardan foydalanish borasida yaratib berilgan imkoniyatlar soha rivojida katta ahamiyatga ega.
Qoʻy va echki eksport qilishda davlat boji 18 dollardan 7 dollarga tushirildi. Shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlash muddati foizlar hisoblanmasdan toʻlov taʼminotisiz kechiktiriladi va keyinchalik byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi. Xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari yillik 10 foiz stavkada 5-yil muddatga 2-yillik imtiyozli davr bilan ajratildi. Bularning barchasi loyihaning iqtisodiy samaradorligini sezilarli darajada oshirish, mahalliy chorvachilik so-hasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
— Yangi zotli qoʻylar nafaqat goʻsht va naslchilik, balki sifatli jun yetkazib berishda ham oʻziga xos imkoniyatdir, — deydi Ulugʻnor tumanidagi “Iroda savdo trans” MJCH rahbari Shavkatjon Qoʻshaqov. — Bu qoʻylarning juni mayin va uzun, oq rangda boʻlib, xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishda ortiqcha xarajat va ovoragarchiliklarga chek qoʻyadi, mahsulot sifatini yaxshilash va tannarxi tushishida ustuvorliklar beradi.
Bu yerda yangi zotli 400 bosh qoʻy parvarishlanyapti. Yaxshi boqilgan bitta qoʻy bir yilda oʻrta hisobda ikki marta bolalaydi. Natijada otarlar safi uch hissa koʻpayadi. Istiqbolli loyihalar dasturiga koʻra, bayad zotli yana 380 bosh qoʻy olib kelish, naslchilikni yoʻlga qoʻyish ustida ish olib borilyapti.
— Mazkur yoʻnalishda tadbirkorlik qilmoqchi boʻlayotgan tashabbuskorlar safi kengayib bormoqda, — deydi Ulugʻnor tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Zulxumor Halimova. — Keyingi yillarda chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik tumanimizning drayver sohalariga aylandi. Chunki Ulugʻnor Markaziy Fargʻona yerlari oʻrtasida joylashgani bois, mayda va yirik shoxli hayvonlarni boqish, koʻpaytirishda oʻziga xos qulayliklarga ega. Ayni kunda 24 ta mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, zotdor qoʻylar olib kelish, boqish, koʻpaytirish borasida berilgan imtiyoz va imkoniyatlarni targʻibot-tashviqot qilyapmiz, tashabbuskorlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlayapmiz.
Sirasini aytganda, Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan iqtisodiy- ijtimoiy hamkorlik aloqalari har jabhada boʻy koʻrsatmoqda. Moʻgʻulistondan olib kelingan yirik va mayda shoxli chorva hayvonlarini parvarishlash, koʻpaytirish, goʻsht, jun, teri mahsulotlari ishlab chiqarish borasida boshlangan loyihalar chorva naslchiligi va seleksiya ishlarini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini berayotgani bilan ahamiyatli.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri