Ishoqxon to‘ra Ibrat faoliyat doirasi keng shoir va olim, noshir va publisist, pedagog va sayyoh, milliy uyg‘onish davrining mashhur islohotchisi sifatida butun hayotini Vatan va millat manfaatlariga, uning istiqloliga bag‘ishladi. Shu bois, uning boy madaniy-ma’rifiy, ilmiy-badiiy merosi nafaqat mamlakatimizda, hatto yaqin va uzoq xorijda ham keng o‘rganilmoqda. Keyingi yillarda Ibratning “Mezon uz-zamon” (“Zamon tarozusi”) ma’rifiy asarining yapon va o‘zbek professorlari Xisao Komatsu va Baxtiyor Bobojonov tomonidan hamkorlikda Toshkent va Tokioda nashr etilishi, shoir she’rlarining salmoqli so‘zboshi bilan Turkiyada chop etilgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuksak lavozimini bajarishga kirishgan dastlabki kunlarda Namangan viloyatiga safari chog‘ida istiqlol fidoyilaridan Ishoqxon to‘ra Ibrat haqida gapirib, uning muzeyini qayta tiklash va to‘ldirish, asarlarini nashr etish haqida qimmatli fikrlar bayon qilgan edi. Darhaqiqat, mustaqillik, istiqlol mafkurasi millat, Vatan uchun jon fido qilgan insonlarning umumbashariy ishlarini, o‘lmas asarlarini xalqimiz tafakkuriga, kelajagimiz egalari – yoshlar shuuriga singdirish orqali amalga oshiriladi.

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy va falsafiy tafakkuri tarqqiyotida matbuot, nashriyot, matbaa va kutubxonalar muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Publisistika janri milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyotining eng ilg‘or, hozirjavob ajralmas bir qismiga aylandi. U ancha mas’uliyatli, ta’sirchan, ommaviy, shu bilan birga, o‘zbek adabiyoti uchun nisbatan yangi janr bo‘lishiga qaramay, ma’rifatparvarlarning jangovar minbariga aylandi. Shuning uchun ham Ishoqxon to‘ra Ibrat qator publisistik maqola va she’rlarida matbuotning xalq ma’rifiy-madaniy, siyosiy hayotidagi ahamiyatiga yuksak baho berdi. U boshqa ma’rifatparvarlar kabi o‘z she’r va maqolalarini o‘zbek tilidagi ilk matbuot organi bo‘lmish “Turkiston viloyatining gazeti”da e’lon qildi, keskin munozaralarda faol ishtirok etdi.

Ma’lumki, ushbu gazeta chor Rossiyasining Turkiston o‘lkasidagi mustamlakachilik siyosatini mustahkamlash, yerli aholini tobelikda, tutqunlikda saqlash maqsadida tashkil etilgan edi. Bu gazeta o‘ta qabih, o‘ta salbiy maqsadlarni amalga oshirishni ko‘zlagan bo‘lsa-da, milliy uyg‘onish harakatining yetakchi namoyandalari hali jadid gazeta va jurnallari dunyo yuzini ko‘rmagan bir paytda bu gazeta sahifalaridan millat manfaatlari yo‘lida, o‘zlarining orzu-armonlarini xalqqa yetkazishda minbar sifatida foydalandi. Shuning uchun ham mazkur gazeta o‘zbek publisistikasi va jurnalistikasi tarixining ilk sahifasi hisoblanadi.

Komil Xorazmiy, Sattorxon Abdug‘afforov, Muhiddinxo‘ja qozi, Sharifxo‘ja qozi, Rojiy Marg‘inoniy, Furqat, Saidrasul Saidazizov kabi Milliy uyg‘onish davrining dastlabki namoyandalari — yangicha ma’rifatparvarlik oqimining rahnamolari ushbu gazetada o‘z maqolalari, she’rlari bilan faol ishtirok etgan. Shular qatorida Ishoqxon Ibrat ham bor edi.

Uning biz to‘plagan maqolalari ellikdan oshiq bo‘lib, shulardan taxminan 30 tasi “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida bosilgan. Publisistikasining asosini ma’rifatparvarlik g‘oyalari tashkil etadi. U dastlabki maqolalaridan boshlab mehnatkash xalq boshidagi og‘ir mustamlakachilik zulmini fosh etishga, xalqni ma’nan uyg‘otishga harakat qildi. Shuning uchun ham Ibrat asrlar davomida hech bir ijobiy o‘zgarishsiz kelayotgan eski sxolastik ta’lim-tarbiya, o‘quv-o‘qituv tizimiga qarshi kurash boshladi.

O‘zbek mutafakkirlari — jadidchilik harakatining M.Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Ishoqxon Ibrat, Siddiqiy Ajziy kabi sardorlari o‘z vatanini mustaqil, xalqini rivoj topgan xalqlar bilan teng ko‘rishni orzu qildi. Buni amalga oshirishda maktab va madrasalarni tubdan isloh qilish masalasiga butun kuch va g‘ayratini, bilimini, hatto mol-mulkini, kerak bo‘lganda, jonlarini ham baxsh etdi.

Ishoqxon Ibrat Toshkent jadidlari rahbarlik qilgan “Taraqqiy”, “Tujjor”, “Sadoyi Turkiston” “Al-isloh” kabi gazeta-jurnallarda, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina” jurnalida, Obidjon Mahmudovning “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida she’r va maqolalari bilan faol ishtirok etdi. U Munavvarqorining taklifiga binoan bir necha marta Toshkentda, uning maktabi imtihonlarida ishtirok etdi, ular haqida turkum maqolalar e’lon qildi. Munavvarqori 1907 yilda Ishoqxon to‘raga maxsus “Da’vatnoma” bilan murojaat qiladi:

“Hurmatlu Ishoqxon hoji janoblarina! 1907 yil may oyindan e’tiboran Toshkantda Tarnovboshi mahallasidagi “Xoniya” maktabinda talabalarni(ng) yillik imtihonlari boshlanur. Siz, hurmatludan rijo qilurmizki, tavobingizda bo‘lg‘on usuli jadidiya maktablari mudirlari ila imtihon majlislarina tashrif qilsangiz, muallim va shogirdlar Sizdan mamnun bo‘lur edilar.

Muhibingiz Munavvarqori. 15 mart, 1907 yil”.

Bu taklifga binoan Ishoqxon Ibrat o‘z yaqinlari Husain Makayev, shogirdi Mulla Iskandar Abduvahob o‘g‘li bilan yarim oyga yaqin Toshkentda bo‘ladi, usuli jadid maktablarida Munavvarqori joriy qilgan imtihon marosimlarida ishtirok etadi, Munavvarqori va Abdulla Avloniy yaratgan darsliklar bilan tanishadi, “usuli jadid” maktablari bilan bir qatorda Toshkentdagi “usuli qadim” maktablarida ham bo‘ladi va o‘z munosabatlarini, tanqidiy qarashlarini “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida turkum maqolalarida e’lon qildi. Ishoqxon Ibrat publisistikasida “usuli qadim” va “usuli jadid” o‘rtasidagi keskin kurashlar yetakchilik qiladi.

 Ilg‘or pedagoglar XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib, “usuli qadimiya”ga qarama-qarshi davr talablariga javob bera oladigan, zamonaviy pedagogikaning ilg‘or yutuqlari bilan qurollangan “usuli jadidiya” maktablarini vujudga keltira boshladi. Ular xotin-qizlarni ma’rifat nuridan bahramand qilish g‘oyalari bilan chiqib, uni o‘z amaliy faoliyatlariga ham tatbiq qilishdi. Ishoqxon Ibrat yangi maktablarni olqishlabgina qolmay, ularni “usuli qadim” tarafdorlaridan qattiq turib himoya qildi. Bu o‘rinda 1907 yilda Ishoqxon Ibrat bilan Toshkent shahar Sebzor dahasidagi eski maktabdor Mulla Husanxo‘ja o‘rtasida kechgan munozara diqqatga sazovor. Mulla Husanxo‘ja domla o‘z maktabini yengil-yelpi isloh qilib, “jadid maktabi” deb e’lon qiladi va bu haqda gazeta ma’muriyati quyidagilarni yozadi:

“Mulla Husanxo‘ja Eshon o‘g‘li ushbu 1907-nchi yilni(ng) birinchi sentabridan boshlab sartiya bolalariga o‘qitadurg‘on usuli qadimiyamizni usuli jadid tartibiga olib, jamoa-jamoa qilib o‘qitadur. Choraki, mazkur tariqa tartibida maktab bolalarini(ng) tez fursatda savodlari chiqib, ko‘b foydalar hosil bo‘lur ekan. Birinchi jamoa “Haftiyaki sharif”, ikkinchi jamoa “Kalomi sharif”, uchinchi jamoa “Chaxor kitob” bilan “Fuzuliy” yoki “Navoiy”, to‘rtinchi jamoa “Ilmi faroiz” o‘qub, muddati ikki yoinki uch yil miyonasida madrasalarda o‘qumoqni xohlaganlari madrasalarga chiqib o‘qumoqqa qodir bo‘lur ekanlar. (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1907 y. 66-son).

Yuqoridagi so‘zlardan ma’lum bo‘ladiki, Mulla Husanxo‘ja domla o‘z maktabini “isloh” qilib, jamoa-jamoaga bo‘lib o‘qitishdan tashqari hech qanday ijobiy o‘zgarish kiritgani yo‘q. Xalq farzandlarini savodli qilishda katta e’tibor qozonayotgan “usuli savtiya” metodi (hozirgi boshlang‘ich sinflarda qo‘llanadigan “analitik tovush metodi” – U.D.) asosida Saidrasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Munavvarqorining “Adibi avval” alifbo va o‘qish kitobi darsliklari nashrdan chiqqan, Ismoilbek Gasprinskiyning “Xo‘jai sibyon” alifbosi va “usuli savtiyai tadrijiya” metodining xos xususiyatlarini ko‘rsatib bergan “Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo‘ldosh” metodik qo‘llanmasi o‘lkamizda keng tarqalayotgan, yangi o‘quv usullari vujudga kelayotgan bir paytda mazkur domla yosh bolalar ruhiyatiga, bilim saviyasiga mos kelmaydigan kitoblarni o‘qitishni davom ettiradi.

Ushbu maktabning mohiyatini, eski sxolastik maktablardan hech qanday farqi yo‘qligini aniqlagan Ishoqxon Ibrat o‘shanda Husanxo‘ja domladan qattiq ranjiydi. E’tiborli tomoni shundaki, Ishoqxon Ibrat 1907 yili Toshkentga kelgan kunlari ushbu maktabni kuzatgan va o‘qituvchisi bilan suhbatlashgan. Husanxo‘ja domla o‘zining “Toshkent musulmon maktablari haqinda” maqolasida “usuli savtiya” metodiga asoslangan jadid maktablarni tanqid qiladi va eski – an’anaviy maktablarni nomiga isloh qilish – kaltak bilan jazolashni bekor qilish, ularni jamoa-jamoa qilib o‘qitish va davomatni tartibga solish talabi bilangina chiqdi. Faqat bularning o‘zi o‘quv-tarbiya saviyasini ko‘tarishda sezilarli natija bera olmas edi. Chunki bunday maktablarda o‘quv-tarbiya asosini o‘quvchi tushunib yetmaydigan o‘ta murakkab kitoblar, faqat diniy aqidalarni tushunmasdan quruq yodlash tashkil qilar, buning ustiga ko‘plab tavsiya etilgan kitoblar arab va fors tillarida edi.

O‘qitish metodi butunlay yaroqsiz bo‘lgan bunday maktablarni yengil-yelpi isloh qilishga Ishoqxon Ibrat keskin qarshi chiqdi va eski ta’lim-tarbiya hamda o‘qitish tizimiga doir yozgan tanqidiy maqolalarida eski maktablarni hasharot uyasiga o‘xshatib, shunday yozadi: “Bolalarni eski maktablar ila jamoalarg‘a taqsim qilib, kelish-ketish, kaltak ila qamchi mas’alalarin isloh qilmoq albatta lozimdur. Lekin o‘qulajak kitoblari – mazkur eski kitoblar, o‘qutajak domlalar – eski domlalar, maktablari-da – eski hasharot uyalari bo‘lg‘ondin bu mas’alalar ming martabalab isloh etilsa-da bekor va behudadur”.

Xalq farzandlarining o‘n-o‘n besh yillab maktab va madrasa tuprog‘ini yalab, oxiri savodsiz yoki chalasavod bo‘lib chiqishlari Ibratni iztirobga soldi. Chunki uzoq yillar Sharq va Gʻarb davlatlarida ta’lim-tarbiya, ilm-fan sohasidagi buyuk o‘zgarishlarni kuzatgan mutafakkir o‘z vatanidagi hech bir o‘zgarishsiz faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bunday maktablar millatni xarob qilishini tushunib yetgan va chet ellardaligidayoq ularni tubdan o‘zgartirish fikriga kelgan edi: “Agar vijdon, insof ila muhokama qilsak, tavaqqufsiz va taraddudsiz eski maktablarimizni asoslaridan yiqib, joylariga tartib va intizom bilgan, yangi usul domlalarning himoyasida bo‘lgan maktablar ochmak lozimdur. Eski maktabdorlarimizni dehqonchilik hunarlariga sahv etmak muvofiqi haqiqatdur”. (“TVG”, 1907, 66-son).

Ishoqxon Ibrat maqolalarida eski ta’lim-tarbiya tizimiga keskin qarshi chiqar, “usuli savtiyai tadrijiya” metodini targ‘ib qilar ekan, u, birinchi navbatda, o‘zining amaliy pedagogik faoliyatiga, o‘lkaga kirib kelayotgan ilg‘or pedagogik texnologiyalarga suyandi. 1907 yilda qishloq bolalari uchun ikkinchi marta eski maktablardan tubdan farq qilgan, bepul “usuli jadid” maktabi ochdi. Bu maktabda o‘z farzandlari bilan birga 50 nafar qishloq bolalarini o‘qitdi. Maktab “Ishoqiya bog‘i”dagi hashamatli binoda – katta, yorug‘, derazali xonaga joylashgan bo‘lib, u yangi o‘quv qurollari, asbob-uskunalari – parta, stol-stul, qora taxta (doska), bo‘r, kurrai arz (globus), yangi kitoblar, darsliklar, daftar-qalamlar bilan jihozlandi va ta’minlandi, o‘qish-o‘qitish ishlarini o‘zi tuzgan dastur asosida olib bordi.

U “usuli jadid” maktabining nihoyatda katta afzalliklarini isbotlashda ko‘proq o‘zi erishgan yutuqlarga, o‘z amaliy faoliyatiga tatbiq qilgan yangi metodlarga asoslandi. Ibratning ushbu so‘zlariga e’tibor bering: “Men ham o‘zimga qarashlik o‘nta-o‘n beshta bolalarni(ng) eski maktabda hech bahra topmay yurduqlarina jonim achib, Qozon tarafindan bir mulla (Husain Makayev – U.D.) jalb edub, maktab qilib berdim. Maktabning kushodig‘a uch oy bo‘lgani yo‘q, yigirmadan ziyoda kichik bolalar tamom savodi chiqib, har narsani yozadurgan bo‘ldilar. To‘rt-besh, yetti-sakkiz sanalar Qo‘qonga yurub, hech narsa bilmagan mullavochchalar batamomihi arabiy mukolamag‘a qodir bo‘lub, har bir kitoblarni mutolaa etadurgan bo‘ldilar. Shul sababdan biz ko‘zumiz ila tajriba qilib, bul o‘qutish (usuli savtiya)ga tamom ixlos qildik. (“TVG”, 1913, 38-son).

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu munozara endi dunyo yuzini ko‘rayotgan “usuli jadid” (“usuli savtiya”) metodi bilan “usuli qadim” (“usuli hijoiya”) metodi o‘rtasidagi kurashlarning boshlanishi edi. Bu munozara keyinroq jiddiy siyosiy kurashlarga aylanib ketdi.

Hayotda yuz berayotgan har qanday ijobiy o‘zgarishlar Ishoqxon Ibrat publisistikasiga asosiy mavzu bo‘lib kirdi. Ta’lim-tarbiya, maorif, fan va madaniyat, texnika sohasidagi yangiliklar uning maqolalarida aks sado berdi. 1912 yil 7 iyulda Qo‘qon va Namangan shaharlarida Namangan – Qo‘qon temir yo‘lining ochilishi munosabati bilan katta tantanalar bo‘ldi. Ishoqxon matbuotda bu voqealarni mohir jurnalist-publisist sifatida yoritib bordi: “Tortib qo‘yilgan lentani kesib, aning ustig‘a “Namangonga salom!” degan yozuvni vogzolga ro‘baro‘ qilib, ul poyezdg‘a Namangonga shukrona bayramga boradurg‘on kishilar tushub, alohida chiroylik qilib, ustiga “Yaxshi soatda!” deb yozilgan darvozadan poyezd o‘tub, Namangonga qarab jo‘nab, o‘sha asnoda fotograflar va ham alohida chiqarilgan sinimotograf o‘shal yerda hozir bo‘lub, tasvirlarni olib turubdurlar... 7 iyulda Namangonda poyezdni(ng) doxili munosabati ilan o‘n kun sayil bo‘lub, fuqoro mehnatidin rohatga chiqqaniga xursandlik to‘yi bo‘ladur”. (Namangandin umumiy xabar xursandi. “TVG”, 1912, 56-son).

Jurnalist Ishoqxon Ibrat keyingi “Namangondin umumiy xabar xursandi” maqolasida temir yo‘l va Sirdaryo ustiga ko‘prik qurilishida qo‘l kelgan zamona texnikasiga, ilm-ma’rifatiga, xalq qudratiga, mehnatiga tasannolar aytadi, ularni “xursandlik to‘yi”da qatnashishga da’vat etadi:

O‘qingiz ilm hikmat sizga bu ish katta Ibratdur,

Agar ilm o‘rganursiz, barcha ishda sizga nusratdur,

Agar ilm o‘lmasa, nodon umri barcha kulfatdur,

Bu ashyoyi jadidi mubaddini asli hikmatdur,

Ajib bir foyizi arzoqi insoniy vagon keldi. (“TVG”, 1911, 14-son).

Afsuski, bunday ishlarda Chor hukumati, general gubernatorlik hech qachon mustamlaka o‘lka xalqi manfaatlarini nazarda tutgan emas edi, aksincha, uning ma’naviy va moddiy boyliklariga egalik qilish, tezroq va ko‘proq tashib ketishni maqsad qilib qo‘ygan va bunga erishgan edi. Albatta, bularni mustamlakachi hukumat gazeta sahifalarida aytish amri mahol edi.

Ishoqxon Ibratning bu turkum maqolalari jurnalistikaning eng dolzarb janri – reportaj janrining ancha mukammal va chiroyli namunasi desa arziydi. Hayotda yuz berayotgan har qanday ijobiy o‘zgarishlar Ishoqxon to‘ra Ibrat publisistikasiga asosiy mavzu bo‘lib kirdi. Ta’lim-tarbiya, maorif, fan va madaniyat, texnika sohasidagi yangiliklar uning publisistik maqolalarida o‘z ifodasini topdi. Jadid matbuotining vujudga kelishi bilan uning sahifalarida Ishoqxon Ibratning maqola va she’rlari ham tez-tez ko‘rina boshladi, gazeta va jurnal mutasaddilariga chin ko‘ngildan muvaffaqiyatlar tiladi.

 Ishoqxon Ibrat 1908 yilda Moskva va Peterburg sayohatida bo‘ladi, diqqatga sazovor o‘quv va madaniyat maskanlarida bo‘ladi. Ermitajda saqlanayotgan “Mushafi Usmoniy”ni ko‘ziga surtadi. Qaytishda Orenburg va Ufa shaharlarida bo‘ladi, turkiy xalqlarning ulug‘ mutafakkirlari Rizoiddin Faxriddinning “Sho‘ro” jurnali bilan, Fotih Karimiyning “Vaqt” gazetasi bilan aloqa o‘rnatadi va ularning doimiy mushtariysiga aylanadi, “usuli jadid” xususida ular bilan uzoq suhbatlashadi. Orenburgda Ishoqxon Gaufman degan matbaachidan pulini o‘n yil davomida to‘lash sharti bilan kreditga litografik mashina sotib oladi va uni butun anjomlari bilan juda katta mashaqqatlarga qaramay, Orenburgdan Qo‘qonga poyezdda, Qo‘qondan To‘raqo‘rg‘onga tuyalarda olib keldi. 1908 yilda bir necha yildan beri bo‘sh yotgan, o‘zi qurdirgan hammom binosida bosmaxona tashkil qiladi va “Matbaai Ishoqiya” nomi bilan ishga tushiradi. Matbaa ishlaridan ancha xabardor bo‘lgan Husain Makayev va Abdulrauf Shahidiy Ishoqxon Ibrat bilan yonma-yon turib ishlaydi. Turkiston o‘lkasining chekka bir qishlog‘ida matbaaning vujudga kelishi o‘zbek xalqining ta’lim-tarbiya, ma’rifat sohasidagi ulkan yutug‘i edi. Bu haqda “Tarjimon”, “Vaqt” gazetalarida turkum maqolalar e’lon qilingan.

Ishoqxon matbaani ochgan yiliyoq uni kengaytirish, o‘lkada ko‘zga ko‘ringan bosmaxonalardan biriga aylantirish uchun harakat qildi, kerakli anjomlar tayyorladi, hukumatga ariza ham berdi: “Ushbuni e’lon etamiz. Ushbu kundan ibtidoan matbaaimizda zakazlar qabul qilinadur. Chunonchi, risolalar, har xil blankalar va tabriknomalar, ishcho‘tlar, kartochkalar, maktub varaqalari, har nima chop etmak mumkin... Matbaamizni viloyatda tanho qilmoq avvaldan matlabimizdur. Anqarib urufot bosmaxonasi ham ochilur, asboblar ham tayyor. Hukumatdan ijozat olingan”. (Ishoqxon Ibrat. Ilmi Ibrat. 1908 y. 16-bet).

Millat ma’naviyati, maorifi, ilm-fani taraqqiyotida matbuotning ulkan ahamiyatini yaxshi tushungan jadid mutafakkirlari Behbudiy, Munavvarqori, Avloniy, Ubaydullaxo‘jayev, Obidjon Mahmudovlar tashkil etgan gazeta va jurnallarni qo‘llab-quvvatlagan, ularda o‘z maqola va she’rlari bilan faol ishtirok etgan Ishoqxon Ibrat o‘zi ham 1913 yilda “Matbaai Ishoqiya” qoshida “Al-tijoral Namangon” nomida gazeta chiqarishga harakat qildi, hukumatdan ruxsat olish uchun ariza ham beradi. Bu haqda Orenbugda chiqadigan, Markaziy Osiyoda, umuman, turk dunyosida mashhur bo‘lgan “Vaqt” gazetasi katta mamnuniyat bilan quyidagilarni yozadi: “Namangon moʻtabarindin Ishoq qozi hazratlari “Al-tijoral Namangon” isminda bir gazeta chiqararg‘a so‘rab ariza berdi. Bu zot 1908 yilda Namangonda bir matbaa ochgan edi. Bu yil “Kutubxonai Ishoqiya” isminda kutubxona ochib, turk, tatar, o‘zbek, rus tillarinda bo‘lg‘on adabiyot kitoblari oldirdi. Hozir gazeta chiqarmoq haddindadur. Chin ko‘nguldan muvaffaqiyat tilaymiz”.

Har qancha harakat qilsa-da, Ibrat gazeta chiqarishga muvaffaq bo‘la olmadi. Uzluksiz mustamlakachilarning mahfiy organlari ta’qibida bo‘lgan Ibratga ruxsat bermadilar. Lekin o‘z uyida nihoyatda boy kutubxona tashkil qildi va “Kutubxonai Ishoqiya” deb atadi. Unda dunyoga mashhur Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asari noyob qo‘lyozmasining bir necha o‘n yillar davomida saqlanishi va o‘tgan asrning 20-yillarida Fitrat va Lutfulla Olimiylar tomonidan davlat kutubxonasiga topshirilishi “Kutubxonai Ishoqiya”ning buyuk ahamiyatini ta’minlaydi. Nadomatlar bo‘lg‘aykim, 30-yillar qatag‘oni avj pallasida bu kutubxona bor ma’naviy boyliklari bilan barbod etildi.

Xalq o‘rtasida kitob va turli xil risolalarga talab ortishi natijasida “Matbaai Ishoqiya” 1910 yilda Namangan shahriga ko‘chirildi va tipolitografiyaga aylantirildi. Qisqa vaqt ichida o‘zining “San’ati Ibrat”, “Ilmi Ibrat”, “Jome’ ul-xutut” asarlarini bosmadan chiqardi, o‘zga mualliflarning asarlarini nashrga tayyorladi. Afsuski, Ishoqxon Ibratning ulkan orzu-umidlari armon bo‘lib qoldi: oktyabr to‘ntarishining dastlabki yiliyoq sho‘ro hukumati “Matbaai Ishoqiya”ni zo‘rlik bilan tortib oldi...

2018 yili To‘raqo‘rg‘onda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan buyuk mutafakkir Ibrat nomidagi majmua tashkil etilib, u katta bog‘, uning o‘rtasida Ishoqxon to‘ra Ibratning mahobatli haykali, milliy usulda ayvon, musiqali favvora, zamonaviy matbaa, bolalar bog‘chasi, chet tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 400 o‘rinli maktab-internat, tarixiy-me’moriy muzeydan iborat barpo etilgan obidalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan yaqindan — 2022 yil 9 iyunda imzolangan “Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror mutafakkir bobomiz pedagogik faoliyatining yorqin e’tirofi bo‘ldi.

Ulug‘bek DOLIMOV,

pedagogika fanlari doktori