Moliyaviy koʻmak olgan korxona yiliga 900 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻldi

    Moliya 18 Sentabr 2021 661

    “Oʻzmilliybank” AJ ning Olmazor filialida jismoniy shaxslarga onlayn va mobil aloqa orqali xizmat koʻrsatish, “skoring” va avtomatlashtirilgan modulli kredit ajratish tizimi joriy etilgan boʻlib, bu har bir mijozga individual yondashuvni taʼminlabgina qolmay, yuzaga kelgan muammolarni operativ tarzda hal etilishiga koʻmaklashyapti.

    OAV xodimlari shu va boshqa maʼlumotlar bilan “Oʻzbekiston respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” aksiyadorlik jamiyati tomonidan oʻtkazilgan press-turda tanishdilar.

    Jami 27 200 nafar mijozga xizmat koʻrsatadigan mazkur filialda toʻlov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida bank binosida 9 ta bankomat, 5 ta infokiosk, 949 ta savdo terminallari joriy etilgan.

    Bank filialida zamonaviy xizmatlar koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, mijozlarning 75 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanadilar. Bu bank amaliyotlarining barcha turlarini osonlik bilan amalga oshirilishiga imkon beradi.

    Har qanday mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash darajasi bilan chambarchas bogʻliq. Koʻplab korxonalarga moliyaviy yordam koʻrsatib kelayotgan “Oʻzmilliybank” AJ bu borada oʻz hissasini qoʻshib kelyapti. Jumladan, “FINLAND BUTTER” xususiy korxonasi ham “Oʻzmilliybank” AJ moliyaviy koʻmagi asosida oʻz faoliyatini rivojlantirib, 76 ta yangi ish oʻrni yaratdi. Korxona yiliga 900 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlib, eksport geografiyasi MDH davlatlari, AQSH, BAA, Mongoliya kabi davlatlarni qamrab olgan.

    Bugun chet tillarini bilish yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. “Vilnius” oʻquv markazi oʻquvchilarning taʼlim sohasidagi oʻsib borayotgan maʼnaviy ehtiyojlarini toʻliq qondirishga yordam beradi. Oʻquv jarayonining sifatini doimiy ravishda takomillashtirib, talabalarni yuqori samarali oʻqitish uchun shart-sharoitlar yaratib kelayotgan mazkur maskan ham “Oʻzmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan kredit mablagʻi evaziga zamon talablariga mos ravishda jihozlandi, shuningdek, 10 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasi boʻldi. “Oʻzmilliybank” AJ toʻplamida oʻz aksini topgan koʻrgazmada zamonaviy oʻzbek rassomlari va haykaltarosh ijodkorlari tomonidan yaratilgan sara asarlari oʻrin olgan.

    Feruza Muxtorovna