Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi va DXX 9252-sonli harbiy qism xodimlari hamkorligida Sirdaryo tumanida oʻtkazilgan tadbir davomida, fuqaro X.F.ning yashash xonadonida qonunbuzarlik holati qayd etildi.
Maʼlumotlarga koʻra, fuqaroning molxonasi yuqori qavatidagi pichanlar ustida avvaldan yetishtirilib, quritilgan holda saqlanayotgan 13 tup “Koʻknori“ oʻsimligi (jami 30 dona boshoq) aniqlandi. Shuningdek, xonadonga tutash issiqxona va uning tashqi tomonlarida jami 10 tup “nasha“ (kanabis) oʻsimligi yetishtirilayotganligi aniqlandi.
Aniqlangan giyohvandlik oʻsimliklari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi va holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlab yuborildi.









