Toshkent shahar ma'muriy sudining 2020 yil 30 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan arizachi «UzAuto Motors» AJning javobgar Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasiga nisbatan Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo'yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi qanoatlantirilgan hamda Maxsus komissiyasining qarorini haqiqiy emas deb topgandi.
Keyinchalik Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi mazkur qaror ustidan apellyatsiya shikoyati berdi.
Oliy sud axborot xizmati xabar berishicha, bugun Toshkent shahar ma'muriy sudining apellyatsiya instantsiyasida apellyatsiya shikoyatini mazmunan ko'rib chiqish bo'yicha ochiq sud jarayoni boshlandi.
“UzAuto Motors” aktsiyadorlik jamiyati vakili sudlov hay'atiga murojaat qilib, ishni ko'rish jarayonida davlat siri va tijorat siri bilan bog'liq masala muhokama qilinganida sud majlisini yopiq tarzda o'tkazishni so'radi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi vakilining keltirilgan apellyatsiya shikoyati yuzasidan fikri tinglanib, shikoyatda keltirilgan vajlar yuzasidan berilgan savollarga javoblari tinglandi.
Qo'mita vakili tomonidan sudlov hay'atiga iltimosnoma kiritilib, unda ishni ko'rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MCHJni jalb etish hamda “UzAuto Motors” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan kiritilgan shikoyat arizadagi imzoni haqiqiyligini tekshirish maqsadida sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash so'raldi.
Sudlov hay'ati o'z o'rnida ajrim qilib, sudga oid xatshunoslik ekspertizasini tayinlash to'g'risidagi iltimosnomani qanoatlantirishdan rad etdi hamda ishni ko'rishda taraf sifatida “Azimavtomotive” MCHJni jalb etish to'g'risidagi iltimosnoma muhokamasi “UzAuto Motors” AJ vakillari fikri tinglanganidan so'ng keyinga qoldirildi.
Keyingi sud muhokamasi 2020 yil 18 dekabr` kuni soat 10.30 ga qoldirildi.