Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi farmoni bilan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga moratoriy instituti joriy etilgan. Lekin, bugungi kunda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga moratoriy institutini maqbul darajada ishlayapti, deb baholay olmaymiz.

Sababi, soʻnggi vaqtlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bogʻliq holatlar keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalarining eʼtirozlarini keltirib chiqarmoqda. Jumladan, 2021-yil oʻtgan davri mobaynida elektron ommaviy axborot vositalarida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar kesilishiga doir 50 ga yaqin materiallar eʼlon qilingan.

Xususan, hozirda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida “Denov tuman yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasi tomonidan 109 ta, Boʻstonliq tumanidagi “Amirsoy” qoʻshma korxonasiga tegishli kurort zonasi hududini va unga olib boruvni yoʻlni kengaytirish maqsadida 700 ta daraxt noqonuniy kesib tashlanganligi keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Ushbu voqeilik oʻsimlik dunyosi muhofazasi borasida ekologik xuquqbuzarlikka birgina misol edi, xolos. Afsus, bugungi kunda atrof-muhit muhofazasining boshqa yoʻnalishlarda ham aksariyat noqonuniy harakatlarning oʻz vaqtida oldini olish choralari mavjud boʻlgan boʻlsa-da, vakolatli davlat organining joylardagi sektor rahbarlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamkorligida olib boriladigan chora-tadbirlarga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayotganligi sababli ham ekologik qonunbuzarlik holatlari davom etmoqda.

Ekologik xuquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda bu boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirishning taʼsirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida quyidagilar tavsiya etiladi:

fuqarolarning ekologik va tabiiy resurslardan oilona foydalanish borasidagi huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini taʼminlash, shu jumladan bu borada aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri va ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish;

ekologik huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish choralarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish orqali ekologik huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi davlat organlarining mukammal ish shakli va uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;

idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan videokuzatuv, elektron hisobga olish va oʻzaro axborot almashish, idoralararo maʼlumotlar bazalari tizimlarini profilaktik ishlarga keng joriy etish;

jamoatchilik ekologik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy va davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha idoralararo dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda manzillilik, sohaviy ixtisoslashuv, hududiy va boshqa oʻziga xos xususiyatlar inobatga olinishini taʼminlash;

huquqbuzarliklar profilaktikasiga fuqarolar va jamoat tashkilotlarini, shu jumladan ularni moddiy va boshqacha tarzda ragʻbatlantirish orqali jalb etish mexanizmlarini takomillashtirish lozim.

Xulosa oʻrnida shuni aytish lozimki, ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish nafaqat davlat organlarining, balki shu jamiyatning aʼzosi hisoblangan har bir insonning vazifasidir. Eng avvalo, oʻzimiz, oila aʼzolarimiz va tabiat va jamiyat oldidagi masʼluliyatni doimo his qilib yashash, atrofdagi hodisalarga beparvolik bilan munosabatda boʻlmaslik, tabiat neʼmatlari qadriga yetib yashash barchamizning kundalik hayot tarzimizga aylanishi zarur.

Islom XUSHVAQTOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati