Dunyodagi neki tabarruk tushuncha bor — hammasi onaning moʻtabar nomi bilan yonma-yon aytiladi. Shoirlarning sara sheʼrlari, rassomlarning eng goʻzal asarlari, haykaltaroshlarning fusunkor haykallari ona siymosiga bagʻishlangan. Olamga ziynat bergan onalik mehri bilan ne-ne mutafakkirlarning beshigini tebratgan, ne-ne allomalarga alla aytgan buyuk va qahramon momolarimiz insonni inson qiladigan yuksak eʼtiqod, ezgulik tushunchalarini boʻlajak daholar qalbiga jo etgani haqiqat. Zotan, “Ota-ona farzand uchun eng birinchi va oliy madrasadir”, “Onalar millatning birinchi muallimlaridir”, ”Otasi yaxshining bolasi yaxshi, onasi yaxshining hammasi yaxshi” kabi hikmatlar bejiz aytilmagan.

Otameros qadriyatlarning bezavolligi esa mukammal taʼlim-tarbiyaning, yaxshilik va mehr-oqibatning timsoli boʻlgan, hamisha farzandi, el-yurtining dono maslahatgoʻyiga aylangan onalarning borligidandir. Hik­matlarda “Ota-ona bolasiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”, deb taʼkidlan­gan. “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagʻay”, degan ulugʻ muhaddis Imom Buxoriyning ona­si Fotimabegim koʻrish qobiliyatidan mahrum boʻlgan oʻgʻlini ilm olishga ragʻbatlantirgan. Tunlari Yaratgandan bolasining koʻz nurini qaytarishini soʻrab ibodat qilgani va far­zandining koʻrish qobiliyati toʻliq tiklangan­da shukronalar aytgani uchun tarixda “Duola­ri mustajob ayol” nomi bilan qolgan. Bundan boshqa zakovatli momolarimiz ham allomayu jahongir farzandlarni tarbiyalab kamolga yetkazgan. Jahonda tib ilmining sultoni deb eʼtirof etilgan qomusiy olim, buyuk hakim Abu Ali ibn Sino, 27 davlatda adolat va intizom oʻrnatgan Sohibqiron Amir Temur, betimsol “Xamsa”si bilan turkiy tilning jozibasini yetti iqlimga tan oldirgan mu­tafakkir Alisher Navoiy, 1018 yulduzning harakat jadvalini tuzgan falakiyotshunos alloma Mirzo Taragʻay Ulugʻbek, shoh va shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur, Xoja Bahouddin Naqshband kabi zotlarning volidalari shular jumlasidan. Qolaversa, oqila Bibixonim, Zebunniso, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin, Samarbonu kabi maʼri­fatli va yuksak idrokli momolarimiz oʻzbek ayollarining yorqin timsoli sifatida sharaf­lanib tilga olinadi.

Onalar maʼrifati

“Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir”, deb yozgan edi atoqli adibimiz. Tarix zarva­raqlarida bitilganidek, maʼrifatparvarlar oʻz davrida ayollarning faol boʻlishini, ja­miyat taraqqiyotida erkaklar bilan bir qa­torda faoliyat yuritishini orzu qilgan. Ab­durauf Fitrat “Oila” asarida “Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi milliy ozodlik, erk uchun zarur. Ayollar faqat uy-roʻzgʻori va bola tarbiyasi bilan band boʻlib qolmasligi, ularning Yevropadagi kabi siyosatda qatnashi­shi oʻrinlidir”, degan edi. Bu orzu koʻp oʻtmay, ijobiy mahsulini berdi. Oʻzbek ayollari aj­dodlariga xos boʻlgan siyosat, ilm-maʼrifat va madaniyat sohalarida ulkan zafar choʻqqi­larini egalladi.

Turkistonning “Koʻmak” jamiyati yoʻl­lanmasi bilan xorijga oʻqishga joʻnatilgan Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majid­xonova va Xadicha Aliyevaning oʻtgan asrning yigirmanchi yillarida millat hurriyati va ozodligi uchun kurashgan, qatagʻon qilingan jadid maʼrifatparvarlari qatorida jaso­ratli faoliyat koʻrsatganini “Maryam” fil­mida koʻrgan edim. Zotan, ular tengqurlariga chinakam namuna boʻlgan edi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda xizmat koʻr­satgan fan arbobi, akademik, yuridik fan­lar doktori, professor Xadicha Sulaymo­novaning yurtimizda huquqshunoslik fani rivoji yoʻlidagi ilmiy izlanishlari, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Boburning tahlikali umri, yetakchilik sa­lohiyati hamda qardosh xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro siyosiy va iqtisodiy munosabatlar tahliliga doir tadqiqotlari, Boburning qizi Gulbadanbegim yozgan “Humoyunnoma” asarining fors tilidan oʻzbek tiliga tar­jima qilinishi, sharqshunoslik fanini rivojlantirish borasida eʼlon qilingan qator ilmiy tahlillar — bilimdon ayollar hamma zamonlarda ham elning hurmati va eʼtiborida boʻlganidan darak beradi.

Oʻzbekning maʼrifatli onalari timsoli­da zamondoshlarimiz ham ilm-fan, adabiyot va sanʼat sohalarida qator yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Ular orasida Oʻzbekiston Fan­lar akademiyasi akademigi, kimyo fanlari doktori, professor Sayyora Rashidova ham bor. U OʻzFA Polimerlar kimyosi va fizika­si instituti direktori sifatida yuzlab sho­girdlar tayyorlagan. Oʻzi yetishtirgan 20 dan ortiq fan doktorlari, 300 dan ziyod ilmiy ishlanmalari va 20 dan ortiq mualliflik guvohnomalari bilan dunyo olimlari orasida obroʻ-eʼtibor qozongan.

Dilfuza Egamberdiyeva esa qishloq xoʻjali­gi fanlari doktori, professor sifatida qish­loq xoʻjaligi biotexnologiyalari sohasidagi tadqiqotlari, 200 dan ziyod ilmiy maqolalari va ilmiy ishlanmalari orqali yangiliklar yaratgan. U BMT huzuridagi Umumjahon oziq- ovqat xavfsizligi qoʻmitasi aʼzosi.

Oʻzbekning yaqindagina “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan mashhur oli­masi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova soya va zaytun oʻsimligining, shuningdek, tarkibida kleyko­vina miqdori yuqori boʻlgan bugʻdoyning yangi navlarini yaratgan. U 40 dan ortiq shogirdi bilan qishloq xoʻjaligi sohasida izlanish­lar olib borib, ilmiy kashfiyotlar qilmoqda.

Umri ilm-fan hamda maʼrifatga bagʻish­langan onaxonlarimiz, yorqin isteʼdodli, hikmatgoʻy opa-singillarimiz bizga va biz­dan keyingi avlodlarga namuna boʻlib qola­veradi. Ulardan oʻrnak olayotgan yoshlarimiz esa maʼrifiy anʼanalarni keyingi avlod­larga yetkazadi. “Yaxshilikning mukofoti — yaxshilik”, deb shuni aytsalar kerak-da.

Samarqandning Xosiyati

Kechagina Prezidentimiz farmoni bilan samarqandlik hassos shoira Xosiyat Bobomu­rodovaga “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berildi. Samimiy va daryodil shoiramizning sheʼrlari “Vatan yagonadir, Vatan bittadir” satrlari orqali yuragimizdan joy olgan. Ayol ijodkorning sermashaqqat mehnatini yanada teran anglash haqida soʻz yuritar ekan, Xosiyat opa: “Qoʻliga qalam tutgan ayolning hayoti hech qachon silliq kechmagan: u oʻzining murakkabliklari, sinovlariyu dardini va shu dardni qalamga tushirishdek masʼuliyat­li yumushni gardaniga oladi. Taqdir menga mana shunday hayotni nasib etganidan doim shukr qilib kelganman”, deydi.

“El-yurt hurmati”, “Mehnat shuhrati” ordenlari va “Shuhrat” medali sohibasi boʻlgan Xosiyat Bobomurodovaning quyidagi misralari barchani ruhlantiradi:

Gulxonaga aylansin Vatan,

Nurxonaga aylansin Vatan,

Darsxonaga aylansin Vatan,

Kelgin bizning safimizga!

Uning “Daryodan qatra”, “Qalb titrogʻi”, “Vatan yagonadir” kabi sheʼriy toʻplamlari, “Diydor”, “Murod qasri” dostonlari el-yurt va Vatan mehri bilan yoʻgʻrilgan. Xosiyat opa bilan firdavsmonand Samarqand haqida soatlab gaplashish mumkin. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov ssenariysi va rejissyor Yolqin Toʻychiyev postanovkasi aso­sida yaratilgan “Ulugʻ Amir va donna Mariya” filmi namoyishida Oʻzbekiston xalq artis­ti Sevara Nazarxon ijrosidagi “Samarqand­ga kel” qoʻshigʻi yangraganda koʻhna va hamisha navqiron Samarqand — ochiq osmon ostidagi muzey koʻz oldimizda gavdalanib, barchani zavqlantirgan edi.

Fidoyilik ragʻbati

2018-yilda hukumat qarori bilan “Moʻ­tabar ayol” koʻkrak nishoni taʼsis etilgan edi. Bugungacha bu mukofot bilan 2110 ayol taqdirlangan boʻlsa, bu yil yana 351 opa-sing­limiz ushbu mukofotga sazovor boʻldi.

Bu yilgi taqdirlanganlar safida xotin- qizlar muammolarini hal etishga koʻmakla­shib, ularning maʼnaviyatini yuksaltirish­ga munosib hissa qoʻshib kelayotgan “Oqila ayollar”, “Ayollar maslahat kengashi” va “Bu­vijonlar maktabi” harakati faollari bor. Shuningdek, ayollar jinoyatchiligining oldi­ni olish va oilalar farovonligini taʼmin­lash yoʻlida namunali faoliyat yuritayotgan­lar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlayotganlar, Vatan sarhadla­rini qoʻriqlayotgan harbiy xizmatchilarning oilalari eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, milliy urf-odatlar va oilaviy qadriyatlarni saqlash hamda ularni hayotga izchil joriy etishda tashabbuskorlik koʻrsatayotgan vazirlik va idoralar, korxona, tashkilot, muassasalar, mahalla fuqarolar yigʻinlarida koʻp yillardan buyon samarali mehnat qilayotgan maʼrifatli ayollar, el-yurt xizmatiga kamarbasta farzandlarni tarbiya­lagan onaxonlar va ibratli qaynonalar ham ushbu mukofotga munosib topildi.

Mukofotlanganlar orasida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq artisti Munojat Yoʻlchiye­vaning borligidan barchamiz quvondik.

— Sanʼat umrimning mazmuni, — deydi Munojatxonim. — Oʻzbek sanʼati dovru­gʻining jahon sahnalaridagi eʼtirofi esa hayotimning eng shukuhli bayramlaridan bi­ridir.

Darhaqiqat, oʻn ikki asrdan buyon mumtoz kuy-qoʻshiqlarimizni ardoqlab kelayotga­nimiz — oʻzlikni va milliylikni anglash mezoni sanalmish maqom sanʼatini kelgusi avlodga bezavol yetkazishdir. Bu yoʻlda olib borilayotgan ulkan islohotlarda mana shun­day zabardast sanʼatkorlarimizning borli­gi iftixor bagʻishlaydi.

Yevropa mamlakatlarida musiqa mutaxas­sislari va ixlosmandlari “Shashmaqom”ni turli konsert hamda festivallarda tinglab, yuqori baholab kelayotgan bir paytda oʻzbek milliy sanʼatida oʻziga xos maqom maktabi­ni yaratgan sohir ovoz sohibasining mehnat­lari tahsinga loyiq. Anʼanaviy mumtoz qoʻ­shiqlarimizning qator xorijiy davlatlar, xususan, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Belgiya, Germaniya, Niderlandiya, Ispaniya, Italiya, Marokash, Tunis, Avstriya, Norvegiya, Vengriya, Ukraina, Finlyandiya, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Ja­nubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, shuningdek, Korsika oroli hamda Ozarbayjon, Turkma­niston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻis­ton singari oʻlkalarda baralla yangrayotgani ham aynan Munojat Yoʻlchiyevaning fidoyi mehnati samarasi.

Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi huzuri­dagi “Soʻgʻdiyona” oʻzbek xalq cholgʻulari kamer orkestri badiiy rahbari, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori Feruza Abdu­rahimovaning milliy musiqamiz rivoji yoʻlidagi mehnati beqiyos. “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan eʼzozlanayotgan Feru­za Abdurahimova milliy qadriyatlarimizni, oʻzbekona musiqiy ohanglarimizning joziba­sini dunyoning eng olis chekkalaridagi musi­qa shinavandalariga ham tanita olgan mohir ustoz. Sanʼat tarjima talab qilmaydi. U chin koʻngildan ijro etilsagina, qalblar­ga toʻgʻridan toʻgʻri kirib boradi. Ijroning mukammalligi esa nafaqat sozandayu basta­korga, balki bevosita orkestr rahbariga ham bogʻliq. Kamer orkestri konsertlarini ting­lagan shinavandalarning Feruza opaga mehri va ixlosi beqiyos.

Falsafa fanlari doktori, professor Matluba Qahhorovaning ilmiy tadqiqot­lari hamda qator shogirdlari yaratgan il­miy ishlanmalar yurtimizning qaysi goʻ­shasiga bormaylik, ziyolilar orasida katta nufuzga ega. Bugun Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari vazifasida meh­nat qilayotgan Matlubaxon mamlakatimiz xotin-qizlari orasida diniy maʼrifat va savodxonlikni targʻib qilish borasi­da olimalarimizga ibrat boʻlib kelmoqda. Oʻzining qator darslik va monografiyalari, hayotiy misollarga boy ilmiy maʼruzalari bilan hurmat qozongan professorimizning hayotiy hamda ilmiy tajribalari barcha­mizga oʻrnak.

Mukofot sohibalaridan yana biri — Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hu­zuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Qurbonoy Bobo­jonovadir. U 38 yil davomida taʼlimning barcha boʻgʻinida faoliyat yuritib, umrini maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus hamda oliy taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrga­nishga bagʻishlagan. Shuningdek, u yoshlarning bilimini oshirish borasida katta hayotiy tajribaga ega mutaxassisdir. Qurbonoyning quvonchli soʻzlari barcha mukofotlanganlar­ning dil izhoriga oʻxshaydi.

— Ayol kishi butun umr mehnat qiladi, bolalariga taʼlim-tarbiya beradi va bu va­zifani sidqidildan bajarib, hech qachon mu­kofot kutmaydi, — deydi Qurbonoy Bobojo­nova. — Kutilmaganda mana shunday fayzli davralarda uning zahmati munosib eʼtirof etilsa, koʻngli osmon qadar yuksalar ekan. “Millatning birinchi tarbiyachilari — ona­lar”, deymiz, bolalar esa kelajakni barpo etadi. Umrimning salkam qirq yilini taʼ­lim-tarbiya sohasiga bagʻishlayapman. Bugun esa mehnati rohatini koʻrib taqdirlanayotgan opa-singillarim qatoridaman. Bu men uchun katta sharafdir.

Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida oʻz nufuzi, obroʻsi va aytar soʻzi bor. “Moʻta­bar ayol” koʻkrak nishoni bilan mukofotlan­gan BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ni­gina Abaszade, Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya kabi xonimlar ham yur­timiz salohiyatini xalqaro doiralarda eʼti­rof etmoqda.

Bundan ancha yil avval oynai jahon or­qali margʻilonlik Minavarxon Gʻaniyevaning chiqishini koʻrgan edim. Uning farzandi Boburjon Gʻaniyev Mudofaa vazirligi ti­zimida xizmat burchini ado etayotib, 2000-yil 4-avgustda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlari togʻli hududla­rida xalqaro terrorchi jangari toʻdalarga qarshi kurashda qahramonlarcha halok boʻl­gan edi. Oʻshanda onaizor: “Mening bolam koʻcha-koʻyda bezorilik qilib, mushtlashib yoki birovning haqiga tajovuz qilib oʻlga­ni yoʻq! Mening farzandim Vatan himoyasi uchun jon fido qildi. Men undan mingdan- ming roziman. Yana ikki oʻgʻlim ham harbiy. Ularni ham yurtimiz tinchligini himoya qilish uchun chegaraga yuborishga tayyorman”, deganida arslonyurak farzand tarbiyalagan oʻzbek onasining shijoati va oʻktamligiga qoyil qolgan edim. Bugun Minavarxon aya ham mukofotlandi. Shuningdek, “Moʻtabar ayol” mukofoti bilan xizmat vazifasini ba­jarayotib halok boʻlgan bir guruh Ichki ish­lar, Mudofaa va davlat xavfsizlik tizimi xodimlarining onalari va turmush oʻrtoqla­ri ham taqdirlandi. Muborak Ramazon kun­larida qahramon bolalarimizni yod etib, ularning ruhiga halovat tiladik.

Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Or­tiqova barcha mukofotlanganlar nomidan soʻzga chiqib, yurtning boyligi, faxri va suyanchigʻi boʻlgan munis ayollar mehnatiga be­rilgan bunday yuksak baho ularning kelgusi faoliyatiga yanada katta shijoat bagʻishlashi­ni taʼkidladi. Shuningdek, Prezidentimiz islohotlarning samarasi ota-onalarning bezavol taʼlim-tarbiyasi hamda xotin-qiz­larning fidoyi mehnatida yaqqol namoyon boʻlayotganini aytdi. “Eng muhimi, bu muko­fotlar bildirilgan ishonchning, hurmat va eʼzozning aks sadosidir. Onalarimiz hami­sha davlatimiz ardogʻida boʻladi”, dedi muko­fot sohibasi.

Shukronalik ogʻushida

Ayollarning jamiyat oldidagi eng buyuk xizmati har tomonlama barkamol va yetuk farzandlarni voyaga yetkazishdir. Tarixdagi ulugʻ kishilarning kamol topishida donish­mand otalarga qaraganda oqila onalarning hissasi koʻproq deymiz. Zotan, jahon ayol mehri, ona mehri bilan charogʻondir.

Bugungi bayram kunlarida oila, mahal­la, shaharu kent osoyishtaligi va faro­vonligi uchun, bilimdon va fidoyi far­zandlar tarbiyasi yoʻlida katta masʼuliyat bilan jonfidolik qilayotgan, qator-qator farzandlaru nabiralar ogʻushida yayrayot­gan, shuningdek, yangi Oʻzbekiston dovrugʻi­ning jahonaro eʼtirof etilishiga baholi qudrat hissa qoʻshayotgan barcha Oʻzbekiston ayollarining, opa-singillarimiz hamda qizlarimizning koʻnglidan quyidagi fikr kechayotgani ayon.

Dunyo qalqib turgan bir zamonda, olovu sel ichida qolayotgan yurtlarning bolalari non va suvga zor boʻlib, onalar oʻz farzandla­riga yetarli sharoit yaratib berolmayotgan bir davrda yangi Oʻzbekiston shukronalik va fa­rovonlik ogʻushida oʻz dilbandlarini kamolga yetkazayotir. Bu buyuk neʼmatni yuragimiz orqa­li his etayotganimiz esa bizdan yanada yuksak masʼuliyat, gʻayrat va shijoat talab etadi.

Biz — onalarmiz, oilaning, jamiyatning, Vatanning koʻrar koʻzlarimiz. Onalik — masʼuliyat, onalik — sharaf. Onalik — Oʻz­bekistonni avaylash, yurtning tinchligini qoʻriqlash, farzandlarni chinakam taʼlim- tarbiya, mehru ardoq bilan asrab-avaylash demakdir!

Biz barchamiz toʻmarislar, nodirabegim­lar, zulfiyaxonimlarning munosib avlod­larimiz. Ilohim, doimo Vatanning, el-yur­timizning va oilamizning yorugʻ yuzi, koʻrar koʻzi, chaqnoq soʻzi boʻlaylik! Bayramingiz qutlugʻ boʻlsin, azizlarim!

Sayyora TOʻYCHIYEVA,

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professori,

falsafa fanlari doktori, shoira