MSK aʼzolari, Kotibiyat masʼul xodimlari, OAV vakillari ishtirok etgan majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi referendum okruglari hamda referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari toʻgʻrisidagi, Oʻzbekiston Respublikasi Referendum uchastkalari hamda uchastka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash, Referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etishga oid masalalar oʻrin oldi.
Majlisda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi referendum okruglari hamda referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari toʻgʻrisidagi, Referendum uchastkalari hamda uchastka komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasining Referendumi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni talablaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan.
Nizomlar oʻz ichiga komissiyalar aʼzolariga qoʻyiladigan talablar, komissiya aʼzolligiga nomzodlarni tavsiya qilish, komissiya tarkibidan chiqarish yoki tarkibini oʻzgartirish, komissiya faoliyatini tashkil etish, komissiyalarning vakolatlari, ularning ishini rejalashtirish va tashkil qilish, uchastka komissiyasi joylashgan bino va ovoz berish xonalarini jihozlash, ovoz beruvchi fuqarolar roʻyxati, muddatidan oldin ovoz berish, uchastka komissiyasi tomonidan referendum kuni amalga oshiriladigan vazifalar, ovoz berishni tashkil etish kabi talab va tavsiyalarni qamrab olgan. Shuningdek, referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish, ularni saylov qonunchiligidan xabardorligini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Majlisda referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi loyihasi muhokama etildi. Unga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi kotibiyatining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar boʻyicha oʻquv markazi yuqori malakali ekspertlar bilan birgalikda zamonaviy taʼlim texnologiyalarini qoʻllagan holda referendum oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha nazariy bilimi hamda amaliy koʻnikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy materiallarini oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Komissiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.