Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyat boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan Samarqand tumanida 2022-yil hosili uchun boshoqli don ekinlarini ekish, urugʻlik don tayyorlash, qishloq xoʻjaligi texniklaridan foydalanish qoidalariga rioya etilishi, chorvachilik hamda sugʻorish tarmoqlarida qonunchilik ijrosi yuzasidan monitoring tadbirlari oʻtkazildi.

Oʻrganishlar davomida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish borasida muhim sanalgan agrotexnik tadbirlarning bajarilishi, erishilayotgan yutuqlar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar tahlil qilindi. Ularni bartaraf etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar belgilab olindi.

Samarqand tumanida 2022-yil hosili uchun 2 ming 35 gektar maydonga boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan. Samarqand viloyat hokimligi tomonidan kuzgi boshoqli don ekinlari ekish yuzasidan tasdiqlangan jadvalga asosan 2021-yil 13-sentyabr holatiga 132 gektar maydonlarga boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan boʻlsa-da, amalda 4 gektar maydonda ekish ishlari amalga oshirilgan, xolos.

Boshoqli don ekinlari ekish uchun tumanda 440 gektar ochiq yer maydoni mavjud boʻlsa-da, bor-yoʻgʻi 17 gektar yer maydoni ekish uchun tayyorlangan boʻlib, qolgan 423 gektar maydonlarda suv resurslari yetishmaganligi sababli yer tayyorlash ishlari amalga oshirilmagan.

Jumladan, tumanning “Konigil” MMTP hududidagi “Beklar uzumzorlari” fermer xoʻjaligi tomonidan gʻallaning “Bezostaya-100” elita avlodidan 800 kilogram urugʻlik don olingan boʻlib, amalda 4 gektar maydondan ekish ishlari amalga oshirilgan va sugʻorish ishlariga kirishilmaganligi maʼlum boʻldi.

“Guliston” MMTP hududidagi “Chorvador Xakimov Abduxalil” fermer xoʻjaligining 3 gektar yer maydoni ekishga tayyorlangan boʻlsa-da, ekish ishlariga kirishilmagan.

Shuningdek, “Samarqand don mahsulotlari” AJ korxonasiga qarashli “Samarqand” urugʻlik donni qayta ishlash sexida 2 ming 190 tonna yuqori avlodli urugʻlik donlarni tozalash, dorilash hamda qadoqlash rejalashtirilgan.

Viloyat hokimligining joriy yil 25-iyulda tasdiqlangan jadvaliga asosan, 2021-yil 5-sentyabrda dorilash ishlarini yakunlash belgilangan boʻlsa-da, ushbu urugʻlik sexi tomonidan 2022-yil hosili uchun 2 ming 190 tonna yuqori avlodli urugʻlik donlarini dorilash rejalashtirilgan boʻlib, jadvalga nisbatan 1 ming 115 tonna kam dorilangan.

Bundan tashqari, oʻrganish davomida “Yaksart” navining “Elita” avlodli qadoqlangan qoplarning 28 donasida nav nomi va avlodi yozilgan yorliqlar mavjud emas.

Samarqand tumani hayvonlar kasalliklari tashhisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi VSE laboratoriyasida Oʻzbekiston Respublikasining “Metrologiya toʻgʻrisida”gi, “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlari va sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan monitoring oʻtkazilganda, sinov va oʻlchov vositalari davlat qiyoslov koʻrigidan oʻtkazilmaganligi aniqlandi.

Samarqand tumanidagi mavjud 15 ta sugʻorish kanallarida “Dargʻom Irrigatsiya” tizimi boshqarmasining joriy yil 3-sentyabrdagi 517-farmoyishiga asosan, jami 4,38 m3/s suv ajratish belgilangan boʻlsa-da, amalda 3,46 m3/s suv ajratilgan, xolos.

Samarqand tumanidagi 18 ta fermer xoʻjaliklariga naslchilik faoliyatini yuritish uchun naslchilik maqomi berilgan boʻlib, ushbu xoʻjaliklarning 2 tasida naslchilik maqomi muddati tugagan. Naslchilik xoʻjaliklarida jami 2 ming 191 bosh qoramollar, shundan 861 bosh sigirlar mavjud.

Shuningdek, ishchi guruhi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish yuzasidan bir kunda 8 ta monitoring tadbirlari oʻtkazilgan boʻlib, 3 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Xususan, tumanning “Chordara” MMTP hududida J.D. boshqaruvidagi “Dargʻom” irrigatsiya tizimiga qarashli TTZ-80.10 rusumli, davlat raqami 30 DA 076 boʻlgan transport traktori va tirkamalar majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmaganligi, tirkamada xavfsizlik zanjiri ulanmagan, tirkamaning burilish chiroqlari va nurqaytargichlar oʻrnatilmaganligi aniqlandi.

“Guliston” hududida Sh.U.ga tegishli boʻlgan MTZ-80 rusumli, davlat raqami 30 VA 527 boʻlgan transport traktori monitoring tarzida koʻzdan kechirilganda traktorning burilish va yoritish chiroqlari ishlamasligi, rul boshqaruvida meyoridan ortiq nosozlik mavjudligi maʼlum boʻldi.

O.L. boshqaruvidagi ARION-630 rusumli, davlat raqami 30 VA 131 boʻlgan haydov traktori koʻzdan kechirilganda haydovchi yoʻl varaqasi olmasdan ishga chiqqan.

Aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari yuzasidan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasining MJtKning tegishli moddalariga asosan huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanildi, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.