Tizimdagi korxonalarga avtomatlashtirilgan tizimni yoʻlga qoʻyish natijasida shaffoflik oshib, inson omili bilan bogʻliq boʻlgan talon-tarojliklarning oldi olinmoqda.Jumladan, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi tasarrufidagi konlardan qazib olingan neft va gaz mahsulotlari saqlanadigan “Qirqqiz” stansiyasi ham raqamlashtirildi. Ushbu stansiya konlardan qazib olingan neft va gaz mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, hisob-kitobini yuritish va temir yoʻl vagon-tsisternalarga yuklash uchun xizmat qiladi. Raqamlashtirish ishlari natijasida hozirda stansiyadagi barcha jarayonlar elektron tartibda yuritilib, kompyuter xotirasida saqlanib borilmoqda. 

Bundan tashqari, Muborak gazni qayta ishlash zavodiga bundan 40 yil avval oʻrnatilgan vagon-tsisternalarni oʻlchashga moʻljallangan mexanik tarozi oʻrniga zamonaviy elektron tarozi oʻrnatildi. Neft va gaz mahsulotlarini yuklash jarayonida inson omilini kamaytirish, zamonaviy va ilgʻor texnologiyalardan samarali foydalanish hamda oʻlchov jarayonini yuqori darajada aniqlik bilan olib borish maqsadida korxonalarning buxgalteriyasi 1S dasturiga ulangan boʻlib, maʼlumotlar oʻzaro elektron tarzda almashiniladi.

Buning natijasida barcha hisob-kitoblar va rasmiylashtirilgan hujjatlar bir vaqtning oʻzida “Qirqqiz” stansiyasi, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va “Oʻzbekneftgaz” AJ Markaziy apparati buxgalteriyalarida hamda Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati monitorlarida koʻrinadi. Bu esa, oʻz navbatida mahsulotlar hisobini yuritishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishiga va ularni xaridorlarga yuklab chiqarilishida rasmiylashtirish ishlariga sarflanadigan vaqtning sezilarli qisqarishiga olib kelib, barcha boshqarmalarda yuklash jarayonini onlayn kuzatib borish va nazorat qilish imkoniyati yaratildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati