Mudofaa vazirligi qoʻshinlari shaxsiy tarkibining jangovar shayligi sinovdan oʻtkazilyapti

    Harbiy 24 Iyun 2021 2417

    Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy okruglarida rejaga asosan qoʻshinlarni jangovar shaylikka keltirish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar boshlandi.

    Xususan, mudofaa vaziri rahbarligida Toshkent va Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okruglari hamda Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari harbiy qism va boʻlinmalarida qoʻqqisdan tekshiruvlar boʻlib oʻtmoqda. Bunda shaxsiy tarkib va jangovar texnikalarning shayligi tekshiruvdan oʻtadi.


    Shuningdek, “Angren” va “Termiz” umumqoʻshin dala maydonlari hududida Toshkent va Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonliklari tasarrufidagi harbiy qism va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari oʻrtasida oʻzaro tajribalar almashish hamda harakatlarni muvofiqlashtirish, harbiy xizmatchilarning amaliy dala koʻnikmalarini takomillashtirish maqsadida batalyon taktik oʻquvlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.


    Taktik oʻquvlar davomida “Trevoga” signali berilganda shaxsiy tarkibning harakatlari, belgilangan yoʻnalish boʻyicha himoyani kuchaytirishi, qoʻyilgan jangovar oʻquv vazifalarini sifatli bajarish borasidagi koʻnikmalari sinovdan oʻtkaziladi.

    Shuningdek, shartli dushmanning ehtimoliy joylashgan hududi aniqlanib, keyinchalik ular tomonidan olib borilishi mumkin boʻlgan faol harakatlarni bartaraf etish maqsadida ular joylashgan hududlarga aviatsiya hamda artilleriya boʻlinmalarining kuch va vositalari hamda minomyotchilar batareyasi tomonidan zarbalar beriladi.
    Oʻquv mashgʻulotlari davom etmoqda.

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti