Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy taʼlim muassasalarda navbatdagi bitiruv marosimlari boʻlib oʻtdi

    Harbiy 26 Iyun 2021 2518

    Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida ofitser boʻlishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari boʻyicha taʼlim-tarbiya olgan oʻgʻlonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari boʻlib oʻtdi.

    Mamlakatimizdagi eng nufuzli va tayanch oliy harbiy taʼlim muassasa sanalgan Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan bitiruv tadbirida mazkur oliy harbiy taʼlim dargohining va Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi qaldirgʻochlarining bitiruvchilari saflarga kuzatildi.

    Ushbu marosimlarda va Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida oʻtkazilgan tantanada mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofitserlarni qutladi, ularga taʼlim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini eʼtirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilariga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirishdi.

    Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti bitiruvchilariga diplom va koʻkrak nishonlarni mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzosi, Oʻzbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan kelgan mehmonlar birgalikda tantanali topshirdilar. Ularga yangi-yangi dovonlarni zabt etishlarida tolmas kuch-quvvat tilashdi.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham bitiruv marosimi bayramona oʻtkazildi. Mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Zoirjon Bozorboyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, olimlar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

    Yosh leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan masʼuliyatni his qilgan holda bildirilgan yuksak ishonchga munosib faoliyat yuritishga vaʼda berdilar. Yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va koʻnikmalar uchun oʻz minnatdorchiliklarini izhor qildilar. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari va taniqli sanʼatkorlarning chiqishlari tadbirlarga koʻtarinki ruh baxsh etdi.

    Yosh va navqiron bitiruvchilar bilan Qurolli Kuchlarimiz saflari yana-da mustahkamlandi.