Transport haftaligi doirasida tashkil etilgan tadbirda ekspert va ishtirokchilar transport tizimlari integratsiyasi va hamkorlik masalalarini, oʻrta koridorni rivojlantirish hamda multimodal tashuvlar sohasidagi yangi texnologiyalar va innovatsiyalar, yuk tashuvlar samaradorligini oshirish va yetkazib berishni takomillashtirish masalalarini muhokama etyapti.
Biznes-forum ishida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilxom Maxkamov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etyapti. Ilxom Maxkamov forumdagi nutqida bugun dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy jarayonlar fonida intermodal va multimodal tashuvlarning ahamiyati ortib borayotganligini taʼkidladi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.
Ayni shu jihatni inobatga olgan holda Oʻzbekiston tomonidan mintaqada istiqbolli multimodal transport yoʻlaklarini shakllantirish va mavjudlarini rivojlantirish borasida amaliy choralar koʻrilyapti.
Jumladan, MDH davlatlaridan Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish imkoniyatiga ega yangi mintaqaviy koridor yaratish tashabbusi faol ilgari surilyapti.
Tahlillarga koʻra 2022-yilda Afgʻoniston orqali Pokistonga tranzit yuk tashish hajmi ikki baravar koʻpayib, 670 ming tonnani tashkil etdi. 2023-yil oxiriga kelib, yuk tashish hajmi 1 million tonnadan ortiq boʻlishi kutiladi.