Mazkur tadbirga Muslimbek Yo‘ldoshev moderatorlik qildi. Tadbir doirasida Ubaydulla Uvatovning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar ustozning boy ilmiy, ma’rifiy va insoniy merosi, uning milliy va jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida fikr-mulohazalar bildirdilar. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, din va davlat arboblari, taniqli olimlar, ijodkorlar, OAV xodimlari ishtirok etdi. Shuningdek, ustozning oila a’zolari va yaqinlari ham mezbon sifatida qatnashdilar.
Ubaydulla Uvatov — o‘zbek islomshunos olimi, hadisshunos, sharqshunos, arabshunos va manbashunos sifatida milliy ilm-fan taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan yirik shaxslardan biridir. U 1940-yil 23-fevral kuni Qashqadaryo viloyatida tavallud topgan. 1964-yil Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetini arab filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlab, shu dargohda pedagogik faoliyatini boshlaydi. Turli yillarda Misr, Iroq va Liviyada tarjimon sifatida faoliyat yuritib, arab tili va manbalar bilan ishlash bo‘yicha boy tajriba orttiradi. Olimning ilmiy faoliyati, avvalo, Amir Temur va temuriylar davri tarixini o‘rganish bilan chambarchas bog‘liq. U XV asr arab tarixchisi Ibn Arabshohning “Ajoib al-maqdur fi tarixi Taymur” ya’ni “Temur tarixidagi taqdir ajoyibotlari” asari asosida muhim tadqiqot olib bordi. Bu ish sobiq sho‘ro davrida amalga oshirilgani bilan alohida ahamiyatga ega bo‘lib, katta jasorat namunasi edi. Mazkur asar mustaqillik yillarida nashr qilinib, keng jamoatchilikka taqdim etildi. Mustaqillik yillarida olim yurtimiz allomalari merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratdi. U Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy kabi ulug‘ allomalar hayoti va ilmiy merosi haqida ko‘plab ilmiy-ma’rifiy asarlar yaratdi. Uning “Buyuk yurt allomalari” kitobi o‘nlab olimlar haqidagi qimmatli ma’lumotlarni jamlagan muhim manba hisoblanadi. Ubaydulla Uvatov 300 dan ortiq ilmiy maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar muallifi bo‘lib, ularning bir qismi xorijiy tillarda ham nashr etilgan. Shu bilan birga, u ko‘plab ilmiy ishlarga rahbarlik qilib, yosh tadqiqotchilar yetishib chiqishiga katta hissa qo‘shdi.
Faoliyati davomida u bir qator mas’uliyatli lavozimlarda hamda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi hamda Imom Buxoriy xalqaro markazi kabi muassasalarda samarali mehnat qildi. Uning xizmatlari davlatimiz rahbariyati tomonidan ham munosib baholandi. “Mehnat shuhrati” ordeni, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Yirik olim va fidoyi ustoz Ubaydulla Uvatov 2020 yil 3 noyabr kuni vafot etdi. U kishi qoldirgan boy ilmiy meros bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yuqotgani yuq. Uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Ilm-u ma’rifatga baxshida umr” va “Munavvar hayot va ilm sohibi” kabi to‘plamlar ustoz xotirasini abadiylashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xolis va aniq ma’lumotlar berishi bilan ahamiyatlidir.
Xususan, mazkur tadbirda ham ko‘plab olimlar va ilm-fan namoyandalari ustoz haqida samimiy va mazmunli xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbirda so‘zga chiqqan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva ustoz haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.
— Bugun biz ustozimizni yo‘qotganimiz munosabati bilan chuqur qayg‘udamiz. Bu yo‘qotish nafaqat bizning jamoamiz, balki butun ilm ahli uchun katta yo‘qotishdir. Chunki, ustoz nafaqat sharqshunoslik sohasiga, balki oliy ta’lim tizimi, xususan, yurtimiz va millatimiz nufuzini yuksaltirishga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxs edilar. Ustozimiz o‘zlarining beqiyos ilmiy merosi, tarbiyasi va fidoyiligi bilan ko‘plab shogirdlar yetishtirdilar. Biz bugun ustozimizni yod etar ekanmiz, ularning ilmiy merosini asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish va keng targ‘ib qilishni o‘z oldimizga asosiy vazifa qilib qo‘yamiz. Chunki, aynan shu ustoz bizlarni ilm yo‘liga boshlab, bugungi darajaga yetishimizga sababchi bo‘lganlar. Ularning yorqin xotirasi qalblarimizda abadiy saqlanib qoladi, — dedi u.
Shuningdek, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Zohidilla Munavvarov ham ustoz haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
— Ustozimiz nafaqat buyuk olim, balki yuksak insoniy fazilatlarga ega inson edilar. Ular doimo shogirdlariga yaqin bo‘lib, samimiy muloqot orqali har birining qalbiga yo‘l topa olardilar. Ustoz-shogird an’anasiga sodiq qolgan holda, bilim berish bilan birga tarbiya masalasiga ham alohida e’tibor qaratar edilar. Ayniqsa, asarlarni tarjima qilish masalasiga ustozimiz alohida yondashar edilar. Tarjima jarayonida matn mazmunini aniq va to‘liq yetkazish, uni ilmiy jihatdan asoslash va keng jamoatchilikka taqdim etishni muhim vazifa sifatida ko‘rar edilar. Ustozimizning beqiyos xizmatlari hamisha yuksak qadrlanadi va ularning ilmiy hamda ma’naviy merosi biz uchun ibrat maktabi bo‘lib qoladi, — deya ta’kidladi Zohidilla Munavvarov.
Anjumanda ishtirok etgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor, akademik Dilorom Yusupova ham ustoz bilan bog‘liq xotiralarini bayon qildi:
— Ubaydulla Uvatov rahbarligida olib borilgan ilmiy ishlar alohida ahamiyatga ega edi. U kishi nafaqat yetuk olim, balki talabchan va fidoyi rahbar sifatida ham ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lganlar. Ayniqsa, manbalar bilan ishlash, ularni o‘rganish va nashrga tayyorlash jarayonida juda katta mehnat va sabr talab etilishini doimo ta’kidlab kelganlar. Ular rahbarligida bajarilgan ilmiy ishlar oson kechmagan. Ayniqsa, chet el manbalari bilan ishlash, XIV–XV asrlarga oid qo‘lyozmalarni topish va tadqiq etish juda murakkab jarayon edi. Bu manbalarni o‘rganish katta mas’uliyat va tinimsiz mehnatni talab qilardi. Ko‘pincha ustoz va shogirdlar kun bo‘yi ilmiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib, hatto dam olishni ham unutib qo‘yishardi. Uyga kech qaytish, ba’zan esa ovqatlanishga ham vaqt topolmaslik holatlari bo‘lgan. Bu esa ularning ilm yo‘lidagi fidoyiligi va sadoqatini yaqqol namoyon etadi. Ubaydulla Uvatovning sa’y-harakatlari tufayli ko‘plab ilmiy ishlar fundamental tadqiqot darajasiga ko‘tarildi. Ular qoldirgan ilmiy meros bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab kelmoqda va kelgusi avlod olimlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. U kishining faoliyati, mehnatsevarligi va ilmga bo‘lgan sadoqati barcha uchun ibrat maktabidir, — dedi Dilorom Yusupova.
Tadbirda yana bir ma’ruzachi — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist va siyosiy sharhlovchi Qobil Karimbekov ham ustoz haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
— Bizning ustozimiz, buyuk olim Ubaydulla Uvatov 80 yildan ziyod umr mobaynida ilm-u-fanga beqiyos hissa qo‘shgan, sermahsul ijodkor sifatida yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan inson edilar. U kishi nafaqat tarixchilar, balki sharqshunoslar va umuman ilm ahlining buyuk namoyandalaridan biri desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ustoz butun faoliyati davomida Islom sivilizatsiyasi taraqqiyoti, manbashunoslik va sharqshunoslik masalalariga alohida e’tibor qaratib keldilar. Ular tomonidan yaratilgan ilmiy asarlar bugungi kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Jumladan, ustozimiz Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” asarini ikki jildli holda nashr etganlari alohida ahamiyatga ega. Bu esa milliy tariximizni chuqurroq o‘rganishga xizmat qilgan muhim ilmiy ishdir. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mahmud Zamaxshariy kabi ulug‘ allomalar merosiga bag‘ishlangan o‘nlab kitoblar yaratganlari ham ustozning ilmiy salohiyatini yaqqol namoyon etadi. Shu bois, ustozning ilmiy merosini o‘rganish nafaqat vazifa, balki ma’naviy burch hamdir. Ayniqsa, bugungi muborak kunlarda — Ramazon hayiti arafasida va Navro‘z munosabati bilan ularni yod etish yanada katta ma’no kasb etadi. Bugun ustozimizni yod etar ekanmiz, u kishining jiyani Botir Dulanovning sa’y-harakati bilan “Munavvar hayot va ilm sohibi” mavzusidagi kitob taqdimoti ham o‘tkazilmoqda, — dedi siyosiy sharhlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qobil Karimbekov.
Ustoz qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish bugungi yoshlar uchun ham muhim vazifadir. Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, Ubaydulla Uvatovning ilmiy va ma’naviy merosi nafaqat bugungi, balki kelgusi avlodlar uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib qoladi. Ushbu anjuman ustoz xotirasini yod etish, uning boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish va uni kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Zulxumor AKBAROVA