Murodjon Ahmadaliyev jamoasi IBFga shikoyat bilan chiqib, Naoya Inouega murojaat qildi

    Sport 17 Oktabr 2024 745

    Oʻzbekistonlik professional bokschi, sobiq Jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyevning advokati Pet Inglish yaponiyalik mutlaq chempion Naoya Inoue bilan boʻlayotgan munozaralarga oydinlik kiritdi.

    «Biz bu reklama takliflariga, Sem Gudman Inouening navbatdagi raqibi boʻlishiga qarshimiz. Murodjon Ahmadaliyev uzoq vaqtdan beri WBA chempionlik kamari uchun majburiy daʼvogar boʻlib kelgan va buyruqqa koʻra, Naoyaning keyingi jangi WBA kamari uchun majburiy daʼvogar bilan boʻlishi kerak.
    Biz WBAʼdan majburiy himoya jangini tashkil qilishini talab qildik. Biz tahdid qilmoqchi emasmiz, lekin janob Inoue WBAʼning majburiy himoyasidan qochishga harakat qilsa, biz qonuniy choralar koʻramiz.
    Agar janob Inoue WBA chempionlik unvonidan voz kechmoqchi boʻlsa, biz uning Ahmadaliyevdan boshqasi bilan jang qilishiga toʻsqinlik qilmaymiz, lekin biz hozir sodir boʻlayotgan voqealarga qarshimiz. Kimdir yoki biror tashkilot janob Ahmadaliyevning huquqlarini poymol etayotganiga qarshimiz», deb yozdi Inglish.

    Ahmadaliyev jamoasi bu murojaati bilan IBF tashkilotidan Naoya Inoue hamda majburiy daʼvogar Sem Gudman jangiga buyruq bermaslikni soʻragan.