Markazni ochish sabablari, uning boshqa turdosh muassasalardan farqli jihatlari, eng muhimi, xalqimizga manfaati xususida federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov muxbirimizga soʻzlab berdi.
— Loyihadan koʻzlangan maqsad “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” gʻoyasini roʻyobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat faoliyatidagi ishtirokini oshirish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmini joriy etish qaratilgan. Uning doirasida bu yil mamlakatimiz boʻylab ikkitadan mahalla tanlanib, ular hududida mahalliy hokimliklar koʻmagi bilan huquqiy maslahat markazlari tashkil etiladi, — deydi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov. — Xususan, yaqinda Surxondaryo viloyatining Termiz shahri, Sherobod, Qiziriq, Angor, Muzrabot, Jarqoʻrgʻon, Shoʻrchi va Termiz tumanlari hokimlari ishtirokida oʻtgan uchrashuvda huquqiy maslahat markazlarini tashkil etish mexanizmlarini muhokama qildik.
Bugungi kunda federatsiyamizga koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda va bir vaqtning oʻzida yechimini topyapti. Birgina oʻtgan yilning soʻnggi toʻqqiz oyi mobaynida isteʼmolchilardan qariyb oʻn ikki mingta murojaat kelib tushgan. Ularning toʻqson uch foizi ijobiy hal etilib, isteʼmolchilar foydasiga 15 milliard 183 million 829 ming 380 soʻm yetkazilgan zarar undirib berildi. Bu bejiz emas. Yurtdoshlarimiz oʻz haq-huquqini tobora anglab, tushunib boryapti. Huquqiy savodxonligi, huquqiy madaniyati oshyapti. Biz ilgari surayotgan huquqiy maslahat markazi loyihasi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda koʻmakchi boʻladi.
Bugungi islohotlar rivoji va ijobiy oʻzgarishlar jarayonida “mahallabay” soʻzining ahamiyati kun sayin ortmoqda. Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 22-mayda Andijon viloyatiga tashrifi davomida ilk bor bu soʻz tilga olingan. Turli sohalarga oid faoliyatni mahallabay tashkil etish toʻgʻrisida soʻz yuritilgan.
Prezidentimizning oʻtgan yili 12-13-dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida ushbu ibora mohiyatini yana-da ochib beruvchi “mahalla raisi — islohotchi” gʻoyasi ilgari surilib, xar bir vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini mahallabay tashkil etishi zarurligi taʼkidlandi.
Muayyan hududda yashovchi odamlar manfaatidan kelib chiqib, ular bilan kelishgan holda ishlarni tashkil etish “mahallabay” soʻzining mazmunini ochib beradi. Shu maʼnoda, huquqiy maslahat markazlari ham aholi muammolarini oʻrganish va ularga yechim topishda mahallaning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan faoliyat yuritadi. Har bir mahallaga alohida yondashuv asosida ish koʻriladi. Markazlar faoliyatiga mahallabay tizimni joriy etish hamda uni rivojlantirishda ham mahalla raislarining oʻrni va ahamiyati katta boʻladi. Ular endi oʻz hududidagi muammolar boʻyicha mutasaddi rahbarlar oldiga aniq taklif va talablar qoʻyadi. Bildirilgan muammolarning yechimi boʻyicha jon kuydiradi, islohotlar markazida turib, davlat va xalq oʻrtasida jonli muloqot koʻprigini barpo etadi.
Huquqiy maslahat markazlarini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilishidan avval federatsiya tomonidan “Isteʼmolchilar uyi” hamda “Isteʼmolchi kutubxonasi” loyihasi ishlab chiqilgan edi. Bu boʻyicha ishlar shu kungacha ancha jonlandi. Ayni paytda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, Prezidentimiz ilgari surgan “Besh muhim tashabbus”ni hayotga izchil tatbiq etish uchun qator xayrli ishlar amalga oshirilyapti.
Shu kunga qadar loyiha doirasida Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Bagʻdod, Fargʻona tumani, Margʻilon va Fargʻona shahri, Izbosgan, Toʻraqoʻrgʻon, Koson, Dehqonobod, Sariosiyo, Uzun, Boysun, Olot kabi tuman va shaharlarda barcha qulayliklarga ega, koʻrkam va shinam yigirmata majmua bunyod etildi. Yana sakson bitta tuman va shaharda qurilish ishlari olib borilmoqda. “Isteʼmolchilar uyi” maʼmuriy kompleksidan joy olgan “Isteʼmolchi qabulxonasi”da isteʼmolchilarning ariza va murojaatlari qabul qilinyapti. Murojaatlarning aksari oʻsha vaqtning oʻzida hal etilayotir. Huquqiy maslahat markazi bundan farqli oʻlaroq, isteʼmolchilardan kelib tushgan murojaatlarni mahallabay kesimida oʻrganib chiqish va hal etishga xizmat qiladi. Markazda aholi muammolarini tizimli oʻrganish va ularni aniq hal etish boʻyicha davlat boshqaruvi va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda ishlashning yangicha tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Fuqarolarning savdo-sotiq, gaz, elektr, suv taʼminoti, kommunal xoʻjaligi, ekologiya, qurilish, kadastr, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, sogʻliqni saqlash, taʼlim, xizmat koʻrsatish, transport va boshqa sohalarga oid murojaatlari mahallabay koʻrib chiqiladi. Huquqiy maslahatlar berish bilan bir qatorda mavjud muammolarni joyida hal etish choralari koʻriladi.
Huquqiy maslahat markazlari ikki boʻlimli qilib quriladi. Birinchisida paynet, sugʻurta, davlat xizmatlari (tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish, faoliyatini vaqtincha toʻxtatish, jismoniy shaxs — soliq toʻlovchinining soliq va boshqa idoralardan qarzi bor-yoʻqligi haqida maʼlumotnoma berish, STIRni aniqlash, jismoniy shaxslar uchun soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR)ni olish va boshqalar)ni amalga oshirish mumkin. Buning uchun shu hududdagi kompyuter texnikasini puxta biladigan ikki nafar bilimli yoshni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazib, sharoit yaratib beriladi.
Loyihani moliyalashtirishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyatlar hamda Toshkent shahri hududiy birlashmalari va ularning tuman (shahar) jamiyatlari mablagʻlari, shuningdek, homiylik mablagʻlari, mahalliy tadbirkorlar bilan ijtimoiy sheriklik asosida imzolangan (investor) shartnomalarida belgilangan mablagʻlar va boshqa manbalardan foydalanish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, hududni yaxshi biladigan, obroʻ-eʼtiborga ega shaxsni tayanch guruh rahbari etib tayinlasak, u mavjud muammo va murojaatlarni belgilangan tartibda qabul qilib, rasmiylashtirib taalluqligi boʻyicha tegishli davlat nazorat organlarga yuborilishini taʼminlaydi. Ijrosini nazoratga oladi hamda shu hudud fuqarolariga targʻibot-tashviqot tadbirlarini oʻtkazib aʼzolikka qabul qilish ishlari bilan shugʻullanadi.
Kelgusida mamlakatimizning 9 ming 440 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida huquqiy maslahat markazlari tashkil etiladi. Bu orqali oʻn toʻqqiz mingga yaqin ishchi oʻrni ochiladi.