Biroq, mahsulot sifatsiz chiqqanida sarson bo'lishimiz ham bor gap. Bunda sizga Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ko'makka keladi.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga navbatdagi murojaat Buxoro viloyati G'ijduvon tumanida yashovchi fuqaro Z.Fatullaeva tomonidan kelgan bo'lib, unda qayd etilishicha, iste'molchi G'ijduvon tumani markazida joylashgan "Mega stroy" savdo do'konidan 6 million 657 ming so'm evaziga maishiy texnika mahsulotlarini xarid qilgan, biroq ulardan biri – “370 VT” rusumli suv nasosi sifatsiz chiqqan.

Sotuvchiga mahsulot sifatsiz ekani haqida bir-necha marotaba aytilgan bo'lsada, murojaat e'tibordan chetda qolgan.

Murojaat Federatsiyaning G'ijduvon tuman jamiyati xodimlari tomonidan o'rganilishi natijasida, suv nasosi tadbirkor tomonidan sifatli ta'mirlab berilishiga erishildi.

Shuningdek, Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi fuqaro A.Sheraliev murojaatida qayd etilishicha, iste'molchi tuman markazida joylashgan aviakassadan "Moskva-Toshkent" yo'nalishi bo'yicha 1 million 674 ming so'm evaziga aviachipta sotib olgan, biroq karantin cheklovlari sababli uchish noma'lum muddatga qoldiriladi.

Iste'molchi bir-necha marotaba sotuvchi bilan bog'lanib aviachipta uchun to'langan mablag'ni qaytarib berishini so'ragan, lekin hech qanday o'zgarish bo'lmagan. Murojaat o'rganib chiqilishi natijasida, aviachipta uchun to'langan mablag' iste'molchiga qaytarib olib berildi.