Endi fuqarolar oʻzlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan davlat idoralariga yugurmay, aksincha, davlat idoralari rahbarlari hududlarda aholining arizalarini oʻrganmoqda hamda shikoyatchilarga amaliy yordam koʻrsatmoqda.
Viloyat halq taʼlimi boshqarmasi tashabbusi bilan Uchqoʻrgʻon tumanidagi 30-umumtaʼlim maktabida jismoniy va yuridik shaxslar uchun taʼlim sohasidagi muammolarni bartaraf etish, fuqarolarning murojaatlarini oʻrganish va hal qilish maqsadida sayyor qabul oʻtkazildi. Unda viloyat halq taʼlimi boshqarmasi hamda Uchqoʻrgʻon tuman xalq taʼlimi boʻlimi masʼul xodimlari, boʻlim boshliqlari, maktab direktorlari ishtirok etib, aholidan tushgan arizalarni joyida hal qilish choralarini koʻrdilar.

Murojaatlarning aksariyati taʼlim-tarbiya, maktabdagi qulayliklarni kengaytirish bilan bogʻliq ekanligi eʼtiborni tortadi. Misol uchun, “Yangiyer” MFYda yashovchi Dilrabo Shoabdullayeva 30-umumtaʼlim maktabida kuni uzaytirilgan guruhlar faoliyatini tiklash masalasi boʻyicha murojaat yoʻlladi. Mazkur soʻrov boʻyicha fuqaro D.Shoabdullayevaga hozirgi pandemiya sharoiti tufayli boshlangʻich sinf oʻquvchilarining asosiy darslardan soʻng kuni uzaytirilgan guruhlarda mashgʻulotlarni davom ettirishi maqsadga muvofiq emasligi, bu vaziyat ularning salomatligini asrash bilan bevosita bogʻliqligi tushuntirildi.
Shu mahallada yashovchi Nodira Ortiqova esa mazkur taʼlim muassasasida oʻquvchilar uchun pazandachilik toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi boʻyicha iltimosini bildirdi. Uning soʻrovi mutasaddilarda qiziqish uygʻotdi hamda pandemiya talablari yumshatilishi bilan yoshlar uchun foydali boʻlgan bunday toʻgaraklar faoliyatini kengaytirishga ruxsat berilishi, chora-tadbirlar belgilanishi maʼlum qilindi.

- Men Qayqi qishlogʻida joylashgan 8-umumtaʼlim maktabi direktori lavozimida ishlayman, - deydi Muhammadsoli Adashev. - Taʼlim maskanimizda 1490 nafar oʻquvchi bor. 784 oʻringa moʻljallangan maktabimizda oʻquvchilar soni meʼyoridan ikki barobar ortiqligi bois ikki navbatda oʻqishdan tashqari mehnat taʼlimi xonasi, hatto oshxona binosidan ham oʻquv xonalari sifatida foydalanishga majburmiz. Bunday vaziyat taʼlim-tarbiya jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi uchun masalani kechiktirmay hal etish zarur. Maktabimiz keyingi yil Davlat dasturiga kiritilgan boʻlishi qaramay, men qoʻshimcha bino qurilishini jadallashtirish maqsadida sayyor qabul jarayonida shu muammoni yana koʻtardim.
Tumandagi 37-umumtaʼlim maktabi rahbari Muhabbat Tursunova ham maktab binosi eskirganligi hamda qoʻshimcha bino kerakligi yuzasidan taʼlim muassasini kelgusi yil dasturiga kiritish boʻyicha murojaati mutasaddilar tomonidan tinglandi va bunga ham alohida eʼtibor qaratilib, qurilish loyihalarni puxta oʻrganish va yuqori tashkilotlarga taqdim etish choralari topshirildi.

“Qurama” MFYdagi 17-umumtaʼlim maktabi direktori Manzura Qambarovaning maktab hududini qoʻrgʻonga olishga doir arizasi qoʻshimcha vaqt talab etadigan murojaatlar sirasiga kiritilib, inobatga olindi.
“Yangiyer” MFY, “Rohat” koʻchasi, 19-uyda yashovchi ikki farzandning onasi Odina Boltaboyevaning murojaatiga koʻra, unga 30-umumtaʼlim maktabidan 0,5 shtat birligi boʻyicha farroshlik xizmati taklif etildi. Xuddi shu mahallada istiqomat qiluvchi Abdulaziz Mullajonov esa murojaatiga asosan mazkur taʼlim muassasasiga bogʻbon boʻlib ishga joylashtirildi.

Umuman olganda, sayyor qabulda bir kunda fuqarolardan jami 13 ta murojaat tushib, shundan 2 tasi joyida hal etildi. Qolganlari qoʻshimcha vaqt talab etilgani bois oʻrganish uchun tavsiya qilindi.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.