Ushbu muassasalarda inson shaʼni va qadr-qimmati hamda huquqlari kamsitilishiga sabab boʻlmaydigan munosib sharoit yaratilishi lozim. Ombudsman vakillari oʻrganishlarda ayni shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratadi hamda ushbu muassasalarda saqlanayotganlar murojaatini qabul qiladi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan erkaklar uchun internat uyiga monitoring tashrifida 31 nafar fuqaro bugungi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti olishda muammolarga duch kelayotgani, yaʼni aksariyat hollarda tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar mavjud emasligi maʼlum boʻlgan. Taʼkidlash lozimki, ularning ayrimlari shaxsan muloqot qilish, oʻz fikrini bayon etish imkoniyatiga ega emas.

Ushbu masala Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi. Natijada 18 nafar fuqaroning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasini Davlat xizmatlar agentligidan olish uchun toʻlov internat uyi va bojxona xodimlari tomonidan toʻlab berilgan.

5 nafar fuqaroning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasiga agentlik tomonidan aniqlik kiritilgan boʻlib, internat uyi tomonidan toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng pasport olish uchun tegishli tashkilotga taqdim etilishi rejalashtirilgan. 8 nafar fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritib boʻlmayotganligi sababli Davlat xizmatlar agentligi tomonidan maʼlumotlar olish imkoni yoʻqligi maʼlum qilingan.

Ombudsmanning Buxoro mintaqaviy vakili, Davlat bojxona qoʻmitasi Buxoro viloyati boshqarmasi va IIB hamkorligida Qorakoʻl tumanidagi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan erkaklar uchun internat uyida tadbir tashkil etilib, vasiylikka olingan fuqarolarning 14 nafariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID kartalari topshirildi. Yana 7 nafar fuqaroning hujjatlari tayyorlanish jarayonida ekanligi maʼlum qilindi.