Tashrif davomida Mustaqil komissiya a’zolari 6-mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi markaz boshlig‘i podpolkovnik Sh.Radjabov, hibsxonasi boshlig‘i podpolkovnik U.Asadov va hibsxona tibbiyot bo‘limi boshlig‘i mayor N.Pulatov, shuningdek marhum P.Shamshetov vafot etgan kuni hibsxonada navbatchilikda bo‘lgan tibbiyot bo‘limi feldsheri katta serjant D.Temirov hamda tartibot va qo‘riqlash bo‘limi korpus kattasi safdor R.Jumayevlar bilan holat yuzasidan suhbatlashdi.
Shuningdek, qayd etish hujjatlari hamda hibsxonada saqlanayotgan shaxslar va xizmat olib borayotgan xodimlar harakatini nazorat qilish maqsadida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganishdi.
Shundan so‘ng, Komissiya a’zolari marhum P.Shamshetov bilan hibsxonaning kamerasida birga saqlangan shaxslar S.Sh. va M.B. bilan holat yuzasidan alohida suhbatlashdilar. Ular marhum P.Shamshetovga nisbatan ruhiy yoki jismoniy tazyiqlar o‘tkazilmagani, bu haqda marhumning o‘zi ham biror marta shikoyat qilmaganini qayd etishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum P.Shamshetov vafot etgach, hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, marhum P.Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
O‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, marhum P.Shamshetov o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.
O‘rganish ishlari davom etmoqda.