Mustaqillik bayrami kunlari “Tengiz”, “Avloniy” badiiy filmlari, “Qoʻqon shamoli” koʻp qismli filmi, “Xalq yuragi”, “Bastakor”, “Suzuk ota”, “Sanʼatdagi Sanʼat”, “Film chizayotgan musavvir”, “Gumbaz ostidagi moʻjizalar”, “Orol – dardim mening” hujjatli filmlari, “Avtosarguzashtlar”, “Samarqand noni”, “Zagʻcha”, “Qaldirgʻoch bilan mayna”, “Charxpalak-3” va “Charxpalak-4” multfilmlarining milliy telepremyerasi boʻlib oʻtadi.
Shuningdek, 9-may kuni telepremyerasi boʻlib oʻtgan “Ilhaq” badiiy filmi va iyun oyida premyera qilingan “Sabru sadoqat” seriali ham yana bir bor televideniye orqali namoyish etiladi.
Mansur Abduxoliqovning “Tengiz” badiiy filmi hozirda qoraqalpoq tiliga ham dublyaj qilinmoqda. Tez kunlarda ushbu filmning Qoraqalpogʻistonda ham katta premyerasi boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Yana bir film Dilmurod Masaidovning “Qoʻqon shamoli” kinoasari boʻlib, uning taqdimoti 2019-yilda boʻlib oʻtgan edi. Endilikda “Qoʻqon shamoli” filmi asosida tomoshabinlar eʼtiboriga 5 qismli serial taqdim etiladi.
Katta namoyishi kutilayotgan filmlardan yana biri “Xalq yuragi” hujjatli filmi yosh rejissyor Shohrux Rasulov tomonidan suratga olingan. Hujjatli filmda Toshkentdagi Adiblar xiyoboni va u yerda haykallari oʻrnatilgan shoir va yozuvchilar haqida hikoya qilinadi. 2019-yil premyerasi oʻtkazilgan “Avloniy” filmi ham yuqoridagi roʻyxatdan oʻrin olgan. Film Tohir Malikning “Qaldirgʻoch” asari asosida suratga olingan. Ssenariy taniqli adib Tohir Malik va Muqaddas Usmonovalar qalamiga mansub. Film rejissyori Muzaffar Erkinov.
Bayram tuhfasi sifatida taqdim etilayotgan filmlarning televizion premyeralari 29-avgust – 5-sentyabr kunlari mamlakatimizning davlat va nodavlat telekanallarida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.









