Inson, jamiyat, davlat manfaatlari uygʻunligiga erishish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz ijobiy tomonlarini har tarafdan koʻrsatdi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish bilan bogʻliq barcha islohotlarimiz real hayotda muvaffaqiyatli amalga oshmoqda. Bu yutuqlarimiz nafaqat xalqimiz tomonidan his etilmoqda, ayni paytda u dunyoning yirik davlatlari rahbarlari, nufuzli siyosatchilar, xalqaro ekspertlar tarafidan ham yuksak darajada eʼtirof etilmoqda.

Bugun yangi Oʻzbekiston oʻzining mustaqil yoʻlini topdi, u jahon hamjamiyatining erkin subyekti sifatida deyarli barcha xalqaro masalalar yechimida oʻz soʻzini ayta olmoqda. Biz dunyoga, dunyo esa bizga ochildi.

Mazkur fikrlar Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida yanada kengroq va chuqurroq oʻz aksini topgan. Bayram “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan holda keng nishonlanadi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz tubdan oʻzgardi. 74 yil davom etgan mustabid tuzum yurtimizni har tomonlama vayron qildi. Sobiq markaz tomonidan Oʻzbekiston qoloq, agrar davlat sifatida “ushlab turildi”. Iqtisodiyotimiz bir tomonlama — sobiq ittifoqni xomashyo bilan taʼminlab turadigan sohalargina rivoj topdi. Xalqimiz 6 million 250 ming tonna paxta yetishtirsa-da, Oʻzbekistonga “dotatsiyadagi davlat”, xalqiga esa “boqimanda” degan yorliqlar yopishtirildi.

Mustabid tuzum yillarida xalqimizning maʼnaviy-madaniy hayoti, ayniqsa, achinarli boʻldi. Keling, mustaqillik bayrami arafasida bu borada yetkazilgan zararlar, milliy-madaniy merosimiz, ayniqsa, milliy tarbiya tizimimizga yetkazilgan ziyonu zahmatlar haqida ikki ogʻiz fikrlashaylik. Har holda bu yosh avlod ongida xalqimiz boshidan kechirgan ogʻir kunlar, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zahmatlar haqida muayyan bilim va tasavvur beradi deb oʻylaymiz. Bunday bilim va tasavvurlar esa tarixdan saboq olishga xizmat qiladi. Qolaversa, mustaqillikning qadr- qimmati, uning oʻzbek xalqi tarixiy taqdiridagi oʻrnini bilish uchun, eng avvalo, mustabid tuzum mazmun-mohiyatini ongli ravishda anglash muhimdir.

Endi mustabid tuzumning oʻzbek xalqi milliy oʻzligini anglashiga qarshi qaratilgan ayrim tadbirlariga misol keltiramiz. Masalan, milliy-maʼnaviy, ayniqsa, diniy qadriyatlarimizga qarshi kurashda oʻsha davr siyosiy hokimiyati tomonidan oʻylab topilgan “Kurashchan xudosizlar” tashkiloti juda achinarli ishlar qildi. Ushbu tashkilotning boʻlinmalari barcha tashkilot, korxona, muassasalarda tashkil etilgan. “Kurashchan xudosizlar” tashkiloti, uning boʻlimlari ruhoniylar, dinga eʼtiqod qiluvchilarga qarshi shafqatsizlarcha kurashdi, tashkilotning bosh gʻoyasi esa “eski qadriyatlarga” qarshi kurashdan iborat boʻldi.

Milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizga qarshi kurash butun mustabid tuzum davrida mutlaqo toʻxtamadi. Kompartiya davlatning milliy, ayniqsa, diniy qadriyatlarga qarshi kurashda ikki xil yoʻl tutdi. Bir tomondan, davlat din ishlariga aralashmasligi rasman eʼlon qilingan boʻlsa, ikkinchi tarafdan, diniy qadriyatlarga qarshi kurash aslo toʻxtamadi, davlat, uning kuch ishlatar organlari barcha diniy ishlarni kuzatib, “tartibga solib” turdi. 1940-yilda nashr etilgan “Antireligioznыy uchebnik” kitobida sinfiy dushmanlar hali toʻliq yakson qilinmagani, ular endi diniy tashkilotlarda uya qurgani, sotsializm gʻoyalariga qarshi reaksion, dushmanlarcha faoliyatini toʻxtatmagani, minglab milliy ziyolilar, ruhoniylar oʻzlarining tamomila magʻlub boʻlganini tan olmagani bayon etiladi.

Bugun yangi Oʻzbekistonda aholi, ayniqsa, yoshlarni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ular ongiga milliy oʻzlik tamoyillarini chuqurroq singdirish bilan bogʻliq vazifalar ado etilayotgan bir davrda sobiq mustabid tuzumning ilk davrlaridanoq odamlarni shoʻro mafkurasi asosida, sotsialistik inqilob ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor berilgani, mazkur ishlar milliy-axloqiy qadriyatlarni yoʻq qilish asnosida olib borilganini yana bir bor eslash lozim.

Oʻsha davr kompartiyasining maddohlari oʻzining eng dolzarb vazifasi sifatida kun tartibiga aholini inqilobiy ruhda tarbiyalash masalasini qoʻydi. Ularning fikricha, axloq borasidagi inqilobiy kayfiyat, eng avvalo, inqilobiy joʻshqinlik asosida shakllanadi. Inqilobiy axloq tushkunlik, oʻz ishiga umidsizlik, eski, chirindi mafkuralar bilan kelisha olmaydi. Eʼtibor qiling-a, ming yillar davomida shakllangan milliy taraqqiyot gʻoyalarimiz, mutafakkir allomalarimiz tomonidan yaratilgan milliy axloq konsepsiyalari “chirindi”, “eski” emish!

Oqibatda milliy-maʼnaviy, xususan, axloqiy qadriyatlar deformatsiyasi, aynishi, buzilishi, qadriyatlar qadrsizlanish jarayoni yuzaga keldi. Ayniqsa, mustabid sovet tuzumi sharoitida milliy maʼnaviyatga oʻsha davrda shakllangan dohiylik mafkurasi kuchli taʼsir koʻrsatdi. Bunday mafkuraning mohiyati qator “dohiylar” shaxsiga sigʻinish, tarixni soxtalashtirish, sotsializmni yagona qadriyat sifatida eʼtirof etishdan iborat boʻldi. Bunday sharoitda dohiylik mafkurasi jamiyat maʼnaviy hayotini izdan chiqardi, ommaviy ong faqat bir jihatga — kishi tafakkurida sotsialistik qadriyatlarni ulugʻlashga qaratildi.

Milliy-maʼnaviy, ayniqsa, axloqiy qadriyatlar qadrsizlanishi oʻtgan asrning 70-80-yillarida avj oldi. Jamiyatda, xususan, maʼnaviy hayotda demokratiyaning cheklanishi, axloqiy qadriyatlarga nisbatan bepisandlik munosabati asta-sekin odamlarda siyosiy hayotdan begonalashuv jarayonini yuzaga keltirdi. Bunday begonalashuv esa ijtimoiy sustlikka olib kel-di. Ijtimoiy sustlik har doim ham ijtimoiy boqimandalik bilan uygʻun holda oʻzini koʻrsatadi. Bu davrda avvallari burjua axloqi deb tanqid qilingan “jamiyatga oz berib, koʻproq olish” tamoyili avjiga chiqa boshladi.

Axloqiy qadriyatlar qadrsizlanishi, yemirilishiga oʻsha yillarda avj olgan xizmat lavozimini suiisteʼmol qilish, tanqid uchun tanqid etish, qoʻshib yozish, davlat mulkini talon-taroj qilish, koʻzboʻyamachilik, jamiyatda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga beparvolik kabi illatlar ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Ayni paytda kishilarning muayyan qismida u yoki bu masalada bir xil gapirish va boshqacha fikrlashdan iborat ruhiy kechinma shakllandi. Shu oʻrinda taniqli adiblar Chingiz Aytmatov va Muxtor Shoxonovning suhbatidagi quyidagi iqtibosni keltirishni lozim topdik: “Mustabid tuzum hukm surgan davrda butun jamiyatga, sen bilan mening, hammamizning dunyoqarashimizga mafkuraviy shiri kiydirib qoʻyildi. Shu yoʻsin hamma va har bir kishi qattiq boʻyinturuq asosida yagona tuzum manfaatlariga itoat ettirildi” (Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov. “Choʻqqida qolgan ovchining ohi zori”).

Ha, ana shu, ayrim yurtdoshlarimiz hali ham sajda qilayotgan, qoʻmsayotgan sobiq mustabid tuzumi hammamizga Chingiz Aytmatov aytgani kabi boʻyinturuq kiygizdi, eʼtiqodi sust ayrim odamlarimizni manqurtga aylantirdi. Milliy maʼnaviyatimiz, qadriyatlarimiz toptaldi, yerga koʻmildi, yondirildi, yoʻq qilindi.

Biroq milliy mustaqillik tufayligina biz azaliy milliy-maʼnaviy, madaniy merosimizni saqlab qola oldik. Taʼbir joiz boʻlsa aytish kerakki, mustaqillik gʻoyalarini fuqarolar ongiga, milliy oʻzlikni xalqimiz tafakkur tarziga singdirgan fenomen hodisa ham maʼnaviyat edi. Odamlarimizda “Qornimga emas, qadrimga yigʻlayman” degan azaliy qad-riyatni tiklagan, ozodlik, erk, mustaqillik kabi muqaddas tushunchalarning mazmun-mohiyatini anglatgan omil ham maʼnaviyat edi. Mamlakat mustaqilligi, yurt obodligi, odamlar erkinligi, shaxs qadri kabi yuksak qadriyatlarni real kuchga aylantirgan ham maʼnaviyat, maʼrifatdir.

Maʼnaviyat masalasi jamiyat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishi deb eʼlon qilindi. Odamlarni sovet davri gʻoyaviy-mafkuraviy zugʻumlaridan ozod qilish, ularning ongida shakllangan mustabidlik tafakkur tarzini bartaraf etish, jamiyatdagi ijtimoiy qoʻrquv hissini yoʻqotish borasidagi tizimli ishlar natija bera boshladi.

Ayniqsa, 2017-yildan keyin mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan ishlarni alohida qayd etish kerak. Ularning ayrimlari quyidagilardan iborat: birinchidan, bugungi dunyoning tobora globallashib borishi sharoitida maʼnaviyat borasidagi ishlarning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Maʼnaviyat ishlari samaradorligini oshirishning huquqiy-meʼyoriy bazasi ishlab chiqildi.

Ikkinchidan, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu boradagi ishlarni tizimlashtirish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, uning hududiy boʻlim va boʻlinmalari tashkil etildi.

Uchinchidan, maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi ishlarda turli boshboshdoqliklarning oldini olish, pala-partish ishlarni tartibga solish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Bugungi kunda mazkur institut tomonidan maʼnaviy sohadagi ishlarni ilmiy tahlil qilish, soha samaradorligini oshirishning yangi yoʻl-yoʻriqlari, zamonaviy usullarini yaratish boʻyicha jiddiy ishlar qilinmoqda.

Toʻrtinchidan, hokimlik, vazirlik va boshqa tashkilot va muassasalarda maʼnaviy- maʼrifiy ishlarni tartibga solishda muayyan yutuqlarga erishilmoqda. Prezidentimiz rahbarligida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tashkil etildi. Xuddi shunday, viloyat va tuman-shaharlar hokimlari rahbarligida hududiy kengashlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Unutmasligimiz lozimki, milliy tarbiya va maʼnaviyatimizning chuqur ildizlari yurtimizda tugʻilib, ijod etgan mutafakkir allomalarimiz ilmiy merosida oʻz aksini topgan. Biroq tan olishimiz lozim, biz hali allomalarimiz milliy-maʼnaviy merosini yaxshi oʻrganmaganmiz. Shuning uchun ham maʼnaviyat, tarbiya bilan shugʻullanuvchi tashkilot, muassasalar, taʼlim-tarbiya oʻchoqlarida allomalarimiz yaratgan asarlarga muhtojlik bor.

Shu maʼnoda, yaqinda Imom Buxoriy, Abu Hafs Nasafiy, Sirojiddin Oʻshiy, Imom Zandavastiy, Alouddin Samarqandiy, Abul Muin Nasafiy kabi 10 nafar allomaning hayoti va ijodiga bagʻishlangan risolalar chop etilishini muhim voqea sifatida qabul qilish mumkin.

Darhaqiqat, bugun dunyoda sodir boʻlayotgan toʻs-toʻpolonlar, turli mintaqa va davlatlar oʻrtasidagi ziddiyatli holatlar, manfaatlar toʻqnashuvlari tarbiya va maʼnaviyat masalasiga alohida eʼtibor berishni talab etmoqda. Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlariga diqqat qilish kerak deb oʻylayman: “Insoniyat tarixiga nazar solinsa, dunyodagi koʻplab xalqlar, avvalo, oʻzining maʼnaviy birligi va milliy gʻoyasi orqali yuksalishga erishganiga guvoh boʻlish mumkin. Maʼnaviy rivojlanish bu — vijdon, or- nomus va adolatni muqaddas bilib, el-yurt manfaati uchun astoydil harakat qilish demakdir. Maʼnaviyat — jamiyat taraqqiyotini belgilovchi asosiy mezondir. Chunki odamlarning maʼnaviyati yuksalgandagina jamiyatda tinchlik, xotirjamlik va taraqqiyot boʻladi”.

Haqiqatan, maʼnaviyat bor joyda tinchlik, xotirjamlik, taraqqiyot, odamgarchilik, hamkorlik, samimiylik, oʻzaro hurmat kabi umuminsoniy qadriyatlar qaror topaveradi.

Ammo bugungi kunda maʼnaviyat tanqisligi yuz bermoqda. Bugungi dunyo tarixiy rivojlanishning hozirgi bosqichida gʻoyat ziddiyatli, insoniyat taqdirida keskin burilish davriga kelib qoldi. Azaliy-anʼanaviy qadriyatlar oʻrnini faqat shaxsiy manfaat, aysh-ishrat, huzur-halovat mayllariga yoʻgʻrilgan “yangi eʼtiqod va axloq” egallayotgani, axloqiy qadriyatlar millat va xalqlar mentalitetiga mos kelmaydigan huquqiy meʼyorlar bilan almashtirilayotgani, Gʻarb tamaddunining demografik, milliy-etnik hamda maʼnaviy asoslari yemirilayotgani insoniyatni jiddiy muammolar, hal etilishi juda murakkab boʻlgan holatga olib kelmoqda.

Afsuski, bunday salbiy holatlar mamlakatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotiga ham jiddiy taʼsir koʻrsatmoqda. Maʼnaviyat tanqisligi global muammolarni keltirib chiqarmoqda. Nazarimizda, bu balo-qazodan qutulib boʻlmaydigandek. Chingiz Aytmatov bu haqda shunday yozadi: “Ayni chogʻda milliy axloq- odob, koʻnikma, strategik ideallarga mutlaqo yot boʻlgan va har kuni muvaffaqiyatli ravishda targʻib qilinayotgan “bozor maʼrifati”, “yangicha turmush tarzi”, afsuski, odamlar ongiga singdirilyapti. Shunday kunlarga ham yetib keldik. Yana bundan beshbattar boʻladi. Bu ham achchiq haqiqat”.

Keyingi paytlarda insoniyat taqdiridan xavotirga tushgan minglab maʼrifatparvarlar, ziyolilar dunyoni faqat va faqat maʼnaviyat, maʼrifat qutqaradi, shuning uchun ham “maʼrifatli dunyo”ni barpo etish jahon afkor ommasining eng ustuvor vazifasi boʻlishi kerak deb bong urmoqda. Biroq anʼanaviy, odamlarni yaxshilik, ezgulik, insonparvarlik, samimiylik kabi umuminsoniy qadriyatlar sari yetaklaydigan “maʼrifati dunyo” gʻoyasiga “bozor maʼrifati” tarafdorlari jiddiy qar-shilik koʻrsatmoqda.

Xoʻsh, “bozor maʼrifati” gʻoyasining asosi nima? Bugungi dunyoda oʻzaro sogʻlom insoniy munosabatlar oʻrnini beshafqat, oʻta agressiv, radikal tuygʻularga burkangan nomussizlik, behayo nafs ehtiroslari, moddiyatga qullik, tarbiya va maʼnaviyat jarayonini inkor etish, oshkora adolatsizlik, tengsizlik, xalqaro va milliy huquqiy meʼyorlarga hurmatsizlik va manmanlik, inson zotining qadr-qiymatini oyoqosti qilishdek jirkanch axloqiy munosabatlar nazarimizda “bozor maʼrifati” gʻoyasining mazmun-mohiyatini tashkil etadi.

Pul va mulk fetishizmi har qanday samimiy insoniy tuygʻularni chetga uloqtirmoqda. Tabiiy, anʼanaviy qadriyatlar oʻrnini sunʼiy, odamlarni moddiyatga qul qilishga, inson qadr-qimmatini bir chaqa pulga sotib yuborishga tayyor qadriyatlar egallamoqda. Anʼanaviy, tabiiy qadriyatlar esa sunʼiy ideallar qarshisida nochor va himoyasiz ahvolga tushib qolmoqda. Tabiiy insonparvar aql oʻrnini sunʼiy texnokratik aql egallamoqda. Bu esa insoniyatning hademay sunʼiy aqlning itoatkor quliga aylanib qolish ehtimolini yanada oshiryapti.

Biz yuqorida maʼnaviyat tanqisligi haqida gapirgan edik. Darhaqiqat, oziq-ovqat, kiyim- kechak tanqisligiga chidash mumkin, astoydil harakat qilinsa, ularning tanqisligini bartaraf etsa boʻladi. Tafakkur tanqisligining ham oldini olsa boʻladi. Biroq maʼnaviyat, tarbiya tanqisligining oldini olish oʻta mushkul. Tartibsizlikka, axloqsizlikka, davlat va jamiyat tomonidan qabul qilingan turli huquqiy-meʼyoriy normalarni buzishdan rohat oladigan odamlarni tarbiyalashdan ham ogʻir masala boʻlmasa kerak.

Taniqli faylasuf olim B.Toʻrayevning taʼkidlashicha, maʼnaviyat tanqisligi insoniyat toʻplagan maʼnaviy meros durdonalari qadrsizlanishiga, insoniyatning oʻz tarixiy oʻtmishidan begonalashuviga olib borishi mumkin. Xullas, maʼnaviyat, maʼnaviy qadriyatlar, maʼnaviy meros xavf ostida qolmoqda. Uni saqlab qolish, maʼnaviyatsizlikdan asrash har qachongidan ham dolzarb. Maʼnaviyatsizlikka duchor boʻlgan insoniyat uchun millat, xalq, vatan manfaatlari ortiqcha tashvish hisoblanadi. Eʼtiqodsiz, millatsiz, vatansiz ultrakosmopolit shaxslar toʻdasi vujudga keladi. Ular uchun millat, din, vatanning hech bir qadr-qimmati yoʻq. Bunday shaxslar uchun oʻtmish ham, tarix ham, kelajak ham, maʼnaviyat ham, maʼnaviy meros ham keraksiz, ortiqcha narsadir. Bunday shaxslarda mehribonlik, mehr-shafqat, achinish, qaygʻurish, faxrlanish tuygʻulari boʻlmaydi.

Ayrimlar “olomon madaniyati”, “bozor maʼrifati”, maʼnaviyat tanqisligi kabi noxush masalalar haqida mustaqillik arafasida gapirish shartmidi deb oʻylashi mumkin. Qatʼiy fikrimizcha, gapirish, bu haqda bong urish lozim. Gap shundaki, har qanday yangi narsa, jumladan, “olomon maʼnaviyati” avvalboshda oʻz ohanrabosi bilan barchani oʻziga tortadi. Eʼtiqodi sust, milliy qadriyatlarimizdan xabari kam ayrim yoshlar esa oʻsha mazmunsiz, maʼnaviyatsizlikni targʻib qiluvchi “gʻoyalar” oldida darrov taslim boʻladi.

Keling, fikrimiz toʻgʻriligini isbotlash uchun yana mustabid tuzum tomonidan tarbiya sohasida amalga oshirilgan “islohotlar” haqida fikrlashsak. Oʻsha davrda axloq mutlaqo siyosiylashtirildi. Qadriyatlar tizimidagi siyosiy-gʻoyaviy va axloqiy qadriyatlar qoʻshib yuborildi. Shuning uchun bu davrdagi eng asosiy shior “Kommunizm gʻalabasi uchun xizmat qiladigan barcha narsalar — qadriyat”dan iborat edi.

Mustabid tuzum oʻzbek xalqi axloqiy qadriyatlarini qatagʻon qilish, ayniqsa, millatni vatanparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorishga xizmat qiladigan maʼnaviy omillarni cheklashga alohida oʻrin berdi. Qadimiy axloqiy qadriyatlar, milliy gʻurur va xalqchil gʻoyalarni oʻzida aks ettirgan, necha ming-minglab misralarni, jild-jild kitoblarni tashkil etadigan asotir va afsonalar, rivoyat va ertaklar, maqol, topishmoq va latifalarga xalqni ezuvchi gʻoyalar bilan boyigan qadriyat sifatida qaraldi. “Alpomish”, “Ravshanxon”, “Nurali”, “Sherali”, “Kelinoy” kabi dostonlarga, qoʻshiqlar, milliy kuy-ohanglar, ganchkorlik, naqqoshlik, kulollik, kashtadoʻzlik singari maʼnaviyatimiz durdonalariga biryoqlama munosabatda boʻlindi, ularga zamonasozlik, sinfiylik, partiyaviylik nuqtayi nazaridan turib baho berildi.

Yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish lozim deb oʻylayman. Milliy maʼnaviyatimizga daxldor koʻplab asarlarimiz oʻsha davr siyosatdonlari tomonidan atayin buzib koʻrsatildi. Birgina misol: mashhur xalq kuychisi Oʻtar shoir Safarov aytgan “Oyparcha” dostoni qayta ishlanib, xohlagancha qisqartirilib, “zamonaviylashtirilgan”idan, yaʼni undagi asl gʻoyalar, milliylikka chorlaydigan tushunchalar tushirib qoldirilganidan keyingina nashrga berilgan. Oʻtar shoir Safarov oʻzi aytgan “Oyparcha” dostoni nashr etilganda oʻgʻli Qora baxshiga oʻqitib yigʻlagan va “Axir buni men aytgan emasman-ku”, deb afsus-nadomatlar chekkan.

Yuqorida keltirilgan misollardan muddao shuki, bugungi yosh avlod yaqin oʻtmishda ota-bobolarimiz boshidan kechirgan ogʻir kulfatlarni, milliy-maʼnaviy merosimiz kuchli qatagʻonga uchraganini, natijada ming yillar mobaynida yaratilgan buyuk merosimiz toptalganini bilishi, yurakdan his etishi lozim. Kechagi tarix bugun biz uchun saboqdir.

Milliy davlat mustaqilligini qoʻlga kiritganimizga 34 yil boʻlganiga qaramay, hali ham mustabid tuzum davrida shakllangan taʼlim-tarbiya tizimini ilohiylashtirishga urinishlar bor. Ammo oʻsha davr taʼlim-tarbiya tizimi mohiyatini oʻzbek xalqi milliy oʻzligini anglash jarayonini yoʻq qilishga, odamlarimizni milliy-maʼnaviy merosdan bebahra etishga, millat tafakkurida sovet tuzumiga “mehr” uygʻotishdan iborat siyosat yotganini ayrim vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bilmaydi. Bu — oʻta xavfli holat.

Ayniqsa, yuqorida qayd etganimizdek, bugungi dunyo barchamizdan siyosiy-mafkuraviy jihatdan hushyor boʻlish, tevarak-atrofimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni teran tahlil qilish va ulardan saboq chiqarishni talab etmoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, mustaqilligimizning taqdiri, davlat va millat taraqqiyoti, istiqboldagi barcha strategik maqsadlarimiz natijasi maʼnaviyat va maʼrifat borasidagi siyosatimiz va uning qay darajada amalga oshishiga bogʻliq. Biroq, bir tomondan, milliy maʼnaviyatimizga mustabid tuzum davrida yetkazilgan ziyon-zahmatlar, boshqa tarafdan, bugungi dolgʻali kunlarda tobora kuchayib borayotgan mafkuraviy kurashlar, odamlar ongi, tafakkurini zaharlashdan manfaatdor kuchlar-ning harakatlari zamonaviy jamiyatni yanada kuchli xavf-xatarga qoʻymoqda.

Shu oʻrinda maʼnaviy hayotdagi turbulentlik hodisasi haqida ayrim fikrlarni bildirishni maʼqul koʻrdik. Turbulentlik hodisasi koʻproq aniq fanlar — fizika, kimyo sohalariga tegishli boʻlsa-da, bugungi kunda mazkur hodisani maʼnaviyat, tarbiya borasida ham qoʻllashni maqsadga muvofiq deb bilamiz. Turbulentlik lotinchada joʻshqinlik, tartibsizlikni anglatadi. Hozirgi zamonda tarbiya, maʼnaviyat boʻyicha jarayonlarda ana shu turbulentlik holatini har qadamda uchratsa boʻladi.

Biroq millat va davlat taqdirini oʻz siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan deb biluvchi har qanday siyosiy kuch mamlakat maʼnaviy hayotini oʻz-oʻzidan boʻlaveradigan hodisa sifatida talqin qilishi mumkin emas. Bu borada yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarni alohida qayd etish lozim.

Masalan, biz yuqorida taʼkidlagan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yagona tizim asosida olib borilayotgani, davlatimiz rahbarining jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy barqarorligini taʼminlashdagi muhim oʻrni, joylarda tarbiya masalasiga barcha katta va kichik rahbarlarning mutasaddi etib belgilanishi — bularning bari yurtimizda ushbu masalalar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganidan darak beradi.

Afsuski, maʼnaviyatdagi turbulentlik holatining ayrim koʻrinishlari bizda ham uchramoqda. Masalan, baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda davlatning tarbiya, maʼnaviyat sohalaridagi faoliyatini shaxs erkinligiga tajovuz sifatida baholash uchrayapti. Bu davlatning tarbiya borasidagi faoliyatini inkor etish bilan barobar. Oʻzbek milliy qadriyatlari orasida jamoaviylik masalasi har doim ustuvor ahamiyat kasb etib kelgan. Shaxs tarbiyasidagi individualizm har doim insonning jamiyatdan begonalashuviga sabab boʻladi. Shuning uchun tarbiya masalasiga jamiyat, jamoatchilik muammosi sifatida qaralgan. Jamoatchilikning tarbiya, maʼnaviyat masalalariga kuchli eʼtibori bu jarayondagi turbulentlik holatining oldini oladi. Tartibsiz tarbiya jamiyatning kushandasidir.

Tartibsiz tarbiyani, turbulentlik holatidagi maʼnaviyatni tartibga keltiruvchi omillar juda koʻp. Shulardan eng muhimi, nazarimizda, ideal shaxs va jamiyatga intilish masalasidir. Yaqinda bir ilmiy anjumanda ana shu masala xususida fikr bildirib, ideal, ayniqsa, maʼnaviy ideal masalasi bugungi globallashuv davrida insoniyatni turli xavf-xatarlardan qutqarib qoluvchi muhim omil ekanini taʼkidladim. Biroq anjuman ishtirokchilaridan biri “Ideal jamiyat va shaxs toʻgʻrisidagi fikrlar bugun ortiqcha, bunday “qizil gaplar” odamlarni real hayotdan uzoqlashtiradi”, dedi.

Aksariyat ishtirokchilar maʼnaviyat va tarbiyada ideal jamiyat va shaxs masalasi hech qachon eskirmaydigan, jamiyat aʼzolarini taraqqiyot, barkamollikka, ijtimoiy hamkorlikka, adolatli jamiyatga undaydigan gʻoya va mafkuralar majmuasi ekanini qayd etdi. Shu maʼnoda, ideal shaxs va jamiyat toʻgʻrisidagi bilim va koʻnikmalarimiz taraqqiyotga inti-lishimizni tartibga soladi, ruhlantiradi, amaliy faoliyatimizga maʼno-mazmun beradi, tarbiya jarayonidagi turbulentlikni samarali oʻzanga soladi. Global tahdidlardan himoya qiladigan yagona omil bilim va maʼnaviyat ekanini unutmasakkina, ideal jamiyat sari barcha intilishlarimiz real natija beradi.

Maʼnaviyat haqida fikrlashar ekanmiz, shubhasiz, bugun insoniyatga tahdid solib turgan xatarlar toʻgʻrisida gapirmaslik mumkin emas. Insoniyatga, alohida olingan millat va davlatga boʻladigan xatarlar ichida eng xavflilari harbiy, ijtimoiy, iqtisodiy, axboriy, mafkuraviy, maʼnaviy, madaniy, milliy mazmunga ega xatarlardir. Nazarimizda, bugun insoniyatga, jumladan, mamlakatimiz taqdiriga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan xatarlar sirasida iqtisodiy, ijtimoiy, milliy, mafkuraviy xatarlarga alohida diqqat qilish kerak.

Masalan, bugungi bozor munosabatlari sharoitida iqtisodiy xatar eng dolzarb masalalardan biriga aylandi. Odamlar ijtimoiy ongida moddiyatning eng ustuvor ahamiyatga ega boʻlib borayotgani tufayli “Hamma narsani pul hal qiladi” degan aqida yoshlarning aksariyat qismida ularning hayotiy tamoyiliga aylanmoqda. Natijada eʼtiqodi sust ayrim yoshlarimizda barcha narsalarni pul, moddiyat bilan oʻlchash koʻnikmasi shakllanyapti. Buning eng xavfli jihati esa undaylarning millat, jamiyat va davlat manfaatlaridan tobora uzoqlashib borishi, milliy oʻzlik, maʼnaviy qadriyatlarimiz, ming yillar davomida shakllangan tarbiya va maʼnaviyat tizimimizni ochiqdan ochiq inkor etishida koʻrinmoqda. Bunday xatarlarning oldini olishning yagona yoʻli esa maʼnaviyatga beriladigan eʼtibor bilan bogʻliq.

Yana bir muhim xatar toʻgʻrisida gapirmasak boʻlmaydi. Bu bugungi mavjud vaziyat tufayli sodir boʻlayotgan ijtimoiy xatardir. Bunday xatar koʻpincha koʻzga koʻrinmaydi. U har bir millat va davlatning ichki siyosatidagi ijobiy va salbiy oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlarning jamiyat aʼzolariga taʼsiri bilan baholanadi. Bugun yangi Oʻzbekistonni barpo etish, maʼrifatli davlat qurish, bu jarayonda xalqimizning bevosita ishtiroki tufayli ijtimoiy xatarning xavfi tobora kamayib bormoqda. Biroq dunyodagi oʻzgarishlar, jahon axborot tizimining yurtimizga bevosita taʼsiri tafakkur tarzi sayoz ayrim yoshlarni domiga tortyapti. Bu esa oʻsha yoshlarning jamiyatdan begonalashuvi, milliy-maʼnaviy qadriyatlarni nazar-pisand qilmaslik holatlarini keltirib chiqarmoqda.

Bizni, butun yangi Oʻzbekistonni xavotirga solayotgan xatarlardan yana biri — milliy mazmundagi xatar. Gap shundaki, bugungi dunyoda “umumiy uy”, “dunyo odami”, “yagona xalq”, “ustuvor maqsad”, “gedonizm — zavq maʼnaviyati”, “yangi narsa eskisidan yaxshiroq” kabi gʻoyalar asosida milliy oʻzlikni yoʻqotishga qaratilgan harakatlar avj olmoqda. Bu jarayonda globallashuvning salbiy oqibatlari ham juda katta. Toʻgʻri, globallashuv jarayonida umuminsoniy muammolarni hal etish, insoniyatni turli xavflardan ogoh etish va qutqarish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo globallashuvning qator salbiy koʻrinishlari ham borki, ular toʻgʻrisida gapirmaslik mumkin emas.

Masalan, globallashuv endi toʻxtamaydigan, har qanday voqea-hodisaga taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydigan hodisaga aylanib boʻldi. Taʼbir joiz boʻlsa, globallashuv har qanday millatni oʻzlikdan judo qiladigan, milliy qadriyatlarni chilparchin qilib tashlaydigan, pirovard natijada davlatlar va millatlar degan buyuk qadriyatlarni yoʻq qilishga olib boradigan yoʻldir. Bu jarayon “jahon kishisi” deb nomlanadigan gʻayriodatiy, yolgʻon gʻoyalar asosida kechmoqda. Bunday xatarlardan qutulishning yagona yoʻli — maʼnaviyat va maʼrifat.

Shuning uchun ham davlatimiz rahbari har bir yigʻilish, aholi bilan uchrashuvlarda maʼnaviyat, uning beqiyos kuchi haqida kuyinib gapirishdan charchamayapti. Haqiqatan, bugungi dunyo tahdidlariga faqat tarbiya, maʼnaviyat bilangina qarshi tura olamiz. Millatni turli tahdid va xatarlardan asrab qolish, mamlakatni yanada taraqqiy ettirish, mustahkam ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaratishda maʼnaviyat kabi oʻlmas fenomen hodisaning ahamiyati tobora kengayib va chuqurlashib boraveradi. Bu haqda gapirar ekan, Prezidentimiz bunday deydi: “Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimiz yangi taraqqiyot davriga qadam qoʻygan bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin, farovon hayotning qadriga yetish tuygʻularini kuchaytirishda maʼnaviy-maʼrifiy sohalar vakillari, madaniyat va sanʼat namoyandalari hamda ijod ahlining oʻrni va taʼsiri beqiyosdir. Biz bunday sharafli yoʻlda ularni oʻzimizga eng yaqin koʻmakchi va maslakdosh deb bilib, ularning yordami va qoʻllab-quvvatlashiga tayanamiz”.

Darhaqiqat, muazzam, biz uchun gʻoyat muqaddas mustaqillik bayrami arafasida jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy muhitini mustahkamlaydigan, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlaydigan, odamlarimizga samimiylik, insonparvarlik gʻoyalarini singdiradigan, turli global xavf-xatarlar, mafkuraviy tahdidlardan asraydigan yagona kuch maʼnaviyatdir. Maʼnaviyatimizning boyligi esa millat va davlat taraqqiyotining kafolatidir.

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor