Ular bilan har bir oliygoh, texnikum va kollejda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etish shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Talabalar amaliyotni tashkil etilayotgan yangi korxonalarda koʻproq oʻtkazishi lozimligi taʼkidlandi.

Yangi oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda oʻqitish “Akademik” va “Ishchi kasb” taʼlim komponentlarining uzviyligini taʼminlaydigan yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:

- kollej-texnikumning 1-2 kursidagi taʼlim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil boʻladi;

- texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni oʻzlashtirish boʻyicha toʻplangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim boʻladi.

Yaʼni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” toʻplagan oʻquvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida taʼlimni davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Kollej-texnikumda oʻqib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi boʻlganlarni sohadagi mavqeini oshirish boʻyicha ham yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Endi, kollej-texnikumda “ishchi kasb” yoʻnalishida oʻqiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, “bakalavr”ga teng malaka darajasini olishi mumkin.