Jahon bozorida organik mahsulotlar narxi anʼanaviy mahsulotlardan 2-3 karra qimmat.
Masalan, Nukus tumanidagi tadbirkor 50 gektar yerda organik pomidor yetishtirib, quritib Yevropaga 6 dollardan eksport qilayapti (anʼanaviy pomidor 1 dollardan kam). Yoki, Toshkent shahridagi korxona Kattaqoʻrgʻon va Chimqoʻrgʻon suv omborlari atrofidagi 400 gektarda organik mosh, loviya, yeryongʻoq yetishtirayapti.
Mutasaddilarga organik maydonlarni 2025-yilda 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga yetkazish topshirildi.
Endilikda organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab berilishi, “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, «Kosher« kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun subsidiya ajratilishi, yirik savdo tarmoqlarida organik mahsulotlar uchun alohida rastalar tashkil etilishi belgilandi.