Mutaxassis allergiyaga moyil kishilar uchun sovuqdan himoyalanish boʻyicha tavsiya berdi.

Ilmira Razikova, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

Qishning izgʻirin kunlarida terida qizarish, shish, pufakchalar va qichishish kabi sovuqqa allergiya belgilari kuzatilsa, allergolog-immunologga murojaat qilish va shifokor koʻrsatmasiga koʻra, maxsus sinamalarni topshirish zarur. Shundan soʻng mutaxassis tegishli davo muolajalarini belgilaydi.

Allergiyaga moyilligi bor kishilar sovuqdan himoyalanishda quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari kerak:

  • Avvalo, qalin kiyinish zarur! Qoʻlqop, bosh kiyim, sharf va issiq paypoqlardan foydalaning!
  • Izgʻirin haroratda koʻchaga chiqishdan avval shifokor tavsiya etgan himoya kremlari va maxsus malhamlarni qoʻllang!
  • Sovuq ichimlik va yeguliklar isteʼmol qilmang!
  • Yuvinish va choʻmilish chogʻida qattiq mochalkalardan foydalanmang!
  • Immunitetni mustahkamlovchi mahsulotlar, darmondorilar, temir, kalsiy, sink, kaliy, selenga boy taomlar isteʼmol qiling!