Hozirda texnologiyalar shunchalik tez o'zgaryaptiki, 2030 yilga borib dunyo butkul o'zgarib ketishi mumkin degan taxminlar qilinmoqda. Aynan shuning uchun ham dunyodagi barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar axborot texnologiyalari sohasiga katta e'tibor qaratmoqda. O'zbekiston ham bundan istisno emas, yosh startap loyihalarni qo'llab-quvvatlanmoqda, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga katta imtiyozlar berilmoqda.
Jumladan, Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinayotgan startap loyihalaridan biri — to'ldirilgan reallikka asoslangan NazzAR mobil ilovasini yaratgan SmartChain IT kompaniyasidir. SmartChain 2018 yildan beri innovasion texnologiyalar bilan shug'ullanib kelmoqda — to'ldirilgan reallik yo'nalishida qator ishlarni amalga oshirmoqda. Smartfon orqali NazzAR belgisiga yo'naltirilganda mobil qurilma ekranida real ob'ektlarning 3D shakllari, video roliklari, foto suratlar jonlanadi. Yurtimizda bugungi kunda NazzAR mobil ilovasining imkoniyatlari turizm sohasida, ayniqsa muzeylarda keng qo'llanilmoqda. Samarqand shahridagi «Go'ri Amir», «Bibixonim» maqbaralari, Ulug'bek rasadxonasi, «Afrosiyob» muzeyi, «Elmerosi» ilmiy kiyimlar teatri, Davlat madaniyat tarixi muzeyi, O'lkashunoslik muzeyi, Asrorxo'ja ansambli, Xiva shahridagi "Ichan qal'a", Samarqand shahridagi Registon maydoni, Buxoro shahrida «Ark» va «Mohi xossa» tarixiy madaniy meros ob'ektlari, Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, O'zbekiston tarixi davlat muzeyi, Abdulla Qahhor, Sergey Borodin, Muxtor Ashrafiy uy-muzeylari va boshqa tarixiy maskanlarda mazkur mobil ilova orqali eksponatlar haqidagi ma'lumotlarni yanada qiziqarli shaklda sayyohlarga etkazish imkoniyati yaratilgan.
Innovasion rivojlanish vazirligi veb-sayti orqali vazirlik binosiga virtual sayohat, "InnoWeek-2021" Xalqaro innovasion g'oyalar haftaligi doirasidagi ko'rgazmaning virtual talqini ham aynan mazkur startap kompaniyasi faoliyati samarasidir. Bundan tashqari, Innovasion rivojlanish vazirligi binosida ham ko'plab to'ldirilgan reallik elementlari qo'llanilgan. Vazirlik binosiga kiraverishda mehmonlarni virtual gidning kutib olishi, vazirlik binosidagi xonalar, laboratoriyalar haqida NazzAR mobil ilovasi orqali ma'lumotlarga ega bo'lish va hokazolar.
SmartChain kompaniyasi o'z mahsuloti bilan bozorga kirib kelarkan, kompaniyaning yosh, iste'dodli mutaxassislari NazzAR platformasini yaratish va rivojlantirish bilan bir qatorda iste'molchilarga uning imkoniyatlarini tushuntirish, targ'ib qilish bilan shug'ullanishiga to'g'ri keldi. Har bir yangi loyiha amalga oshirilarkan, iste'molchilarning NazzAR brendiga qiziqishi tobora oshib borar, unga talab kuchayardi.
Xalqaro ko'rgazmalarda ishtirok etish, yirik davlat idoralari bilan o'zaro hamkorlik va IT-platformani rivojlantirish bo'yicha doimiy ishlar o'z samarasini berdi — joriy 2021 yilda Islandiya kompaniyasi bilan hamkorlik yo'lga qo'yildi.
"Jamoamiz tomonidan xorijlik hamkorimiz uchun yangi, noyob mahsulot yaratildi va u UnoAR deb nomlandi. Mazkur to'ldiriligan reallik asosida ishlaydigan texnologiya SmartChainning eng yaxshi texnologik echimlari va ishlanmalarini o'zida mujassam etgan. Birinchi xorijiy mijozimiz elektronika sohasidagi yirik chakana sotuvchilardan biridir", — deydi SmartChain IT kompaniyasi direktori Bobur Rahimov.
O'zbekistonda yaratilgan texnologiyaning xorijda tatbiq etilganiga bir necha oygina bo'ldi, va yurtimiz startap kompaniyasi tomonidan yaratilgan mahsulot tobora ommalashmoqda. 2021 yilning 6 dekabr` holatiga ko'ra NazzAR platformasida qurilgan echim Islandiyada yuklab olingan o'z toifasidagi AppStore ilovalarining eng mashhur 10 taligi ichida 2-o'rinni egalladi.
«Bu boshlanishi. Biz xalqaro maydonga endi qadam qo'ydik va yangi hamkorliklarga tayyormiz, – deydi SmartChain kompaniyasi rahbari.