Ikki yillik tanaffusdan soʻng katta sportga kirib kelgan har qanday sportchida qanchalar kuchli tayyorgarlik boʻlmasin, gʻalabaga ishonchdan koʻra xavotir hissi ustunroq boʻlishi tabiiy. Toʻgʻri, muxlislar nazarida bugun katta sportga qaytdim, aslida esa men undan hech qachon ketganim yoʻq.
Negaki bu sport turiga besh yoshimdan akalarim sababli qadam qoʻyganman. Matda oʻtirib, sportchilarning xatti-harakatlarini tomosha qilardim. Katta akam oʻsha paytda taxminan 90 kg koʻtarar edi. Ogʻir atletikachilar xotiramda Gerakldek bir pahlavonlar sifatida qolgan. Shu bois, tosh koʻtarishga boʻlgan muhabbatim davomli va kuchli. Shunday ekan, men nima uchun ogʻir atletikadan ketishim kerak.
Ikki yil davomida tinimsiz mashgʻulotlar, izlanishlardan toʻxtab qolganim yoʻq. Shuning uchun boʻlsa kerak, Toshkentda oʻtkazilgan Osiyo chempionatidan Andijonga yorugʻ yuz bilan qaytish nasib qildi. Oʻsha paytda 90 kilogramm tosh koʻtargan akalariga havas qilgan bolakay bugun ulgʻayib, 241 kilogramm toshni koʻtardi. Shunaqangi olqishlar boʻlib ketdiki, bu gʻalabadan ham koʻra kuchliroq zavq berdi menga. Nazarimda, muxlislarim katta sportga qaytganim, jahon rekordini yangilaganimdan oʻzimdan ham koʻra koʻproq quvondi. Yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, koʻzga surtish baxti yana nasib etganidan, shu el, shu yurtga yutuqlar olib kelishga qodir boʻlganimdan xursandman. Bu yogʻiga faqat mashgʻulotlar, kuchli tayyorgarliklar ustida ishlaymiz. Jonajon vatanimizga qancha gʻalaba olib kelsak, shuncha kam. Zero, mamlakatimizda sportga, sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga qaratilayotgan katta eʼtibor, buning uchun yaratib berilayotgan shart-sharoit va qulayliklarga javobimiz boshqacha boʻlishi ham mumkin emas. Qolaversa, xalqimiz, Prezidentimiz sportchilarga katta ishonch bildirgan. Bu ishonchni oqlash esa bizning minnatdorchiligimiz ifodasi boʻladi.
Shuni alohida aytmoqchimanki, aslida sportda qiyin yoki oson degan tushuncha yoʻq. Hammasi oʻzingizning maqsad va intilishingizga bogʻliq. Katta sport ostonasida turgan, aynan ogʻir atletikada katta marralarni moʻljallayotgan yoshlar faqat va faqat oldinga intilishi kerak. Ortga qaytish sportchiga xos emas. U ortga qaytsa, yengiladi.
Ogʻir atletikachi barcha sportchilar kabi qatʼiyatli boʻlishi lozim. Sportchi aql va maqsadga ham tayanishi kerak boʻladi. Negaki, magʻlubiyat onlarida aynan shu jihatlar unga dalda beradi. Zero, qaysi sohada boʻlmasin, ayniqsa, sportda magʻlubiyat achchiq boʻlsa-da, juda muhim. Magʻlubiyatdan kimlardir yonib ketadi, kimlardir oʻchib qolishi mumkin. Oʻzim ham qatnashgan har bitta musobaqamda birinchi bor yutqazganman, faqat ikkinchi bor muvaffaqiyatga erishganman. Necha bor qoʻl siltab ketishga uringanman. Lekin “nega men uddalay olmayman, oʻzimni qoʻlga olishim kerak”, degan qaʼiyat bilan oʻzimga dalda berganman. Sportchining aql va maqsadga tayanib ish tutishi mana shunday boʻladi. Ana oʻshandagina bugungidek muvaffaqiyatlarga erishish, elning ishonchini qozonish mumkin. Qitʼa chempionatida bizga shunday imkoniyatlar yaratib bergan mutasaddilarga, gʻalabalarimizdan bizdan koʻra koʻproq quvongan muxlislarga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Ruslan NURIDDINOV,
Ogʻir atletika boʻyicha jahon chempioni,
jahon rekordchisi