Mutaxassislar muzlikning uzilib tushishini iqlim o'zgarishi bilan bog'lashdi, bunday hodisalar mintaqada tabiiy ofatlar xavfini oshirishi, uzoq muddatli jiddiy ekologik va iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aytildi. Mazkur hodisa iqlim o'zgarishining muzliklar qisqarishiga qanchalik ta'sir ko'rsatayotganini yaqqol ko'rsatib berdi.
“Abadiy muzliklar” endi “abadiy” emas
Muzliklar iqlim o'zgarishining eng sezgir indikatori hisoblanadi. Darhaqiqat, iqlim o'zgarishi global muammoga aylanib, dunyodagi yirik muzliklarga xavf solyapti, ularning qisqarishini tezlashtirmoqda. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi: 2022 – 2024-yillarda dunyo miqyosida muzliklar hajmining eng katta yo'qotilishi qayd etildi. Jahon meteorologiya tashkiloti va Jahon muzliklarini monitoring qilish xizmati ma'lumotlariga ko'ra, ko'plab mintaqalarda “abadiy muzliklar” XXI asr davomida “omon qolmaydi”.
Dunyo bo'ylab 275 000 dan ortiq muzliklar taxminan 700 000 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Muz qatlamlari dunyodagi chuchuk suvning taxminan 70 foizini o'zida saqlaydi. Baland tog'li hududlar “dunyoning suv minoralari” hisoblanadi. Shu bois, muzliklarning kamayishi qish mavsumida to'plangan suvdan yilning eng issiq va qurg'oqchil davrlarida foydalanadigan yuz millionlab odamlarning suv ta'minotiga tahdid soladi. Muzliklarning erishi suv toshqinlari kabi xavfli tabiiy ofatlarni yuzaga kelishiga sabab bo'ladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2025-yilni Xalqaro muzliklarni muhofaza qilish yili deb e'lon qilgani va 21 martni Jahon muzliklar kuni deb belgilagani mazkur muammo bugungi kunda naqadar dolzarb ekanidan dalolat beradi.
Chindan ham bu global muammo: muzliklarning yo'q bo'lib ketishi nafaqat suv tanqisligi, balki iqlim barqarorligiga ham tahdid soladi.
“Muzliklarni muhofaza qilish nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy zaruratdir. Bu omon qolish masalasidir”, deydi Jahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi Selesta Saulo.
Jahon muzliklarini monitoring qilish xizmatining ma'lumotlariga ko'ra, muzliklar (Grenlandiya va Antarktidadagi kontinental muz qatlamlaridan tashqari) 1975-yilda qayd etish boshlanganidan beri jami 9 trillion tonnadan ortiq yo'qotishga uchragan.
“Bu Germaniya hududi va 25 metr qalinlikdagi ulkan muz qatlamiga teng”, deydi Jahon muzliklarini monitoring qilish xizmati direktori Mixael Zemp.
2024-yil barcha 19 muzlik mintaqasida muzliklarning sof hajm yo'qotilishi kuzatilgan ketma-ket uchinchi yil bo'ldi. O'tgan yili muzlik hajmining yo'qotilishi 450 milliard tonnani tashkil etdi. Kanadaning Arktikadagi hududi yoki Grenlandiya kabi mintaqalar nisbatan muzlik hajmini o'rtacha darajada yo'qotgan bo'lsa, Skandinaviya, Shpitsbergen va Shimoliy Osiyodagi muzliklar rekord darajada qisqardi.
Muzliklar erib, dengiz va okeanlar sathi ko'tarilmoqda
Hozirda muzliklarning erishi global dengiz sathining ko'tarilishiga okean isishidan keyingi asosiy omil sanaladi.
GlaMBIE tadqiqotiga ko'ra, 2000 va 2023-yillar oralig'ida muzliklar o'z hajmining 5 foizidan ayrilgani aniqlandi. Antarktidada va subantarktik orollarda bu ko'rsatkich 2 foiz, Markaziy Yevropada deyarli 40 foizgacha yetdi.
Hozirgi erish sur'atlari davom etsa, Kanadaning g'arbiy qismi, AQSh, Skandinaviya, Markaziy Yevropa, Kavkaz, Yangi Zelandiya va tropik mintaqalardagi ko'plab muzliklar XXI asrda yo'q bo'lib ketadi.
Tadqiqotga ko'ra, 2000 yildan 2023-yilgacha global muzliklar hajmining yo'qotilishi 6,542 milliard tonnani yoki yiliga 273 milliard tonna muzni tashkil etdi. Bu butun sayyora aholisining 30 yil davomida iste'mol qiladigan suv miqdoriga teng, bu har bir kishiga kuniga uch litrdan to'g'ri keladi, deganidir. Mazkur davr oralig'ida muzliklarning erishi global dengiz sathining 18 millimetrga ko'tarilishiga ham olib keldi.
“Bu ahamiyatsiz bo'lib tuyulishi mumkin, ammo bu o'ta muhim masala: dengiz sathining har millimetrga ko'tarilishi har yili yana 200 000 – 300 000 odamni suv toshqinlariga duchor qiladi”, deydi Jahon muzliklarini monitoring qilish xizmati direktori Mixael Zemp.
Shu o'rinda Antarktidada xavotirli vaziyat yuzaga kelayotganini aytib o'tish joiz. Buyuk Britaniyaning Lids universiteti jamoasi 100 000 dan ortiq sun'iy yo'ldosh tasvirlarini tahlil qilib, muzliklar doimiy ravishda yemirilayotganini aniqladi. Tadqiqotga ko'ra, 1997-yildan 2021-yilgacha muzliklar 40 foizdan ko'proqqa qisqarib, 7,5 trillion tonna suv okeanga quyilgan.
Janubiy yarimsharda qishda dengiz muzining maydoni bor-yo'g'i 17,81 million kvadrat kilometrga yetdi, bu oxirgi 47 yillik sun'iy yo'ldosh kuzatuvlaridagi uchinchi eng past ko'rsatkichdir. Bu qiymat uzoq muddatli o'rtacha ko'rsatkichdan sezilarli darajada past bo'lib qolmoqda – 2023-yildagi tarixiy minimumdan va 2024-yilda ikkinchi eng past darajadan ortda qoladi, xolos.
Tadqiqotchi Ted Skambosning so'zlariga ko'ra, 2016-yilgacha Antarktika dengiz muzlari darajasi “beqaror, ammo asta-sekin o'sishni” ko'rsatdi. Endi issiqroq okean suvlari qirg'oqbo'yi hududlariga kirib bormoqda, ya'ni global isishning oqibatlari nihoyat janubiy dengizlarga etib bordi.
Ekspertlarning ta'kidlashicha, muzlar Antarktida muz qatlamini to'lqinlar va shamollardan himoya qiluvchi to'siq vazifasini bajaradi. Uning yo'qolishi qirg'oqbo'yi hududlarini yanada zaiflashtiradi va muzliklarning qulashini tezlashtirishi, bu esa butun dunyo bo'ylab dengiz sathini sezilarli darajada ko'tarilishiga olib kelishi mumkin.
Grenlandiyada ham vaziyat ancha og'ir. Bu yerda muz qatlami ilgari o'ylanganidan 20 foizga tezroq erimoqda. Yangi ma'lumotlarga ko'ra, iqlim inqirozi tufayli u soatiga 30 million tonna muzni yo'qotmoqda. Ba'zi olimlar Shimoliy Atlantikaga kirib kelayotgan chuchuk suvning mazkur qo'shimcha manbai insoniyat uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishidan xavotirda. Global isish oqibatida Grenlandiyadan muzning sezilarli darajada yo'qolishi o'nlab yillar davomida qayd etilgan.
“Suv minoralari”ning “qal'alari” ham xavf ostida
Hatto, Pomir tog' tizmasidagi eng barqaror, uzoq vaqtdan beri global isishdan himoyalangan deb hisoblangan muzliklar ham o'z hajmini yo'qotmoqda. endi “suv minoralari”ning mazkur “qal'alari” ham iqlim inqirozidan xoli emasligi ayon bo'lmoqda. Chunki iqlim o'zgarishlari Markaziy Osiyoda ham o'zini namoyon etmoqda, muzliklar siljiyapti. Pomirdagi Dehdal muzligi shular jumlasidandir. Shu yilning noyabr oyida muzlik yana siljidi, bu uning beqarorligini tasdiqladi va olimlarning xavotirlarini kuchaytirdi.
Tojikiston hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasi Gidrometeorologiya agentligining Glatsiologiya markazi ma'lumotlariga ko'ra, muzlik noyabr oyida 442 metrga siljigan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu beqarorlik bir necha oydan beri davom etmoqda.
Tojikistonda Varzob daryosining yuqori oqimidagi Hisor tizmasida joylashgan Yakarcha muzligi so'nggi ikki yil ichida 3,5-4 metrga qisqargan. Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Muzliklarni tadqiq qilish markazi hamda Shveytsariyaning Friburg universiteti olimlari ana shunday xulosaga kelishdi. Xalqaro ekspeditsiya muzlik faol ravishda erib borayotganini va jiddiy degradatsiyani boshdan kechirayotganini aniqladi. Odatda qor va muzlik to'planadigan zonada avgust oyida deyarli doimiy qor qoplami qolmagandi, bu esa muzlikning massa muvozanatiga tahdid solgan.
Olimlarning ta'kidlashicha, iqlim o'zgarishi muzliklarning erishini va siljishini tezlashtirishda asosiy omilga aylanib bormoqda. Haroratning ko'tarilishi, yog'ingarchilik rejimining o'zgarishi va tez-tez uchraydigan jiddiy ob-havo hodisalari muz hajmi barqarorligining yo'qotishiga olib kelmoqda. Bu, ayniqsa, muzliklar chuchuk suvning asosiy manbai bo'lgan Tojikiston uchun juda muhimdir.
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80-sessiyasidagi nutqida dunyo e'tiborini muzliklarning erib ketayotgani bilan bog'liq muammoga qaratgani bejiz emas, albatta.
“Iqlim o'zgarishi va haroratning ko'tarilishi muzliklarning tez erishiga va dengiz va okean ekotizimlarining yomonlashishiga olib keldi. Sizga shuni eslatib o'tmoqchimanki, shu yozda Tojikiston Dushanbeda muzliklarni muhofaza qilish bo'yicha yuqori darajadagi konferensiyaga mezbonlik qildi. Ushbu tadbir xalqaro hamjamiyatni kriosfera bilan bog'liq masalalarni muhokama qilish uchun birlashtirdi. Shuni ta'kidlash kerakki, Tojikistonning 14 000 ta muzligidan 1300 tadan ortig'i butunlay erib ketgan va muzliklarimizning erish jarayoni tezlashmoqda. Ayni paytda, Tojikistondagi muzliklar va boshqa suv manbalari Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha qismini tashkil qiladi. Biz insoniyat hayoti manbai, ya'ni suv bilan bog'liq muammolarni hal qilish jarayoniga befarq qaramasligimiz kerak, dedi Emomali Rahmon.
Shimoliy Tyan-Shanda ham muzliklarning erishi bilan bog'liq murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Qozog'istonning Olmaota viloyatidagi daryolarni to'yintiradigan yirik muzliklar katta sur'atlarda erimoqda. Xavf ostidagi muzliklardan biri – Tuyuk-Su ko'p yillar davomida Shveytsariyada joylashgan Jahon muzliklarini monitoring qilish xizmati tomonidan kuzatib kelinadi. Aytish mumkinki, Shimoliy Tyan-Shandagi mazkur eng katta muzlik Markaziy Osiyo mintaqasida global iqlim o'zgarishining noyob ko'rsatkichi bo'lib xizmat qiladi. Mutaxassislarimizning hisob-kitoblariga ko'ra, iqlim o'zgarishlari tufayli muzlik yiliga 58 million tonna hajmining taxminan 1 million tonnasini yo'qotmoqda. Agar bu jarayon hozirgi sur'atda davom etsa, yarim asr ichida muzlikdan hech narsa qolmasligi mumkin.
Muxtasar aytganda, muzliklarning erishi bilan bog'liq bunday holatlar dunyoning boshqa mintaqalarda ham kuzatilmoqda. Muzliklarning chekinishi tabiiy ofatlar sonining oshishiga, chuchuk suv ta'minotining kamayishiga olib keladi, sug'orish resurslarini cheklaydi, gidroelektr energiyasi ishlab chiqarishni kamaytirish xavfini yuzaga keltiradi va ekotizimning degradatsiyasini tezlashtiradi. Shu bois, gap nafaqat tabiiy o'zgarishlar, balki dunyo mintaqalarining suv xavfsizligi va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi masalasi haqida ham bormoqda. Bu dunyo mamlakatlaridan iqlim o'zgarishlariga, muzliklarning erib ketishiga olib kelayotgan issiqxona gazlari tashlanmalarini kamaytirish, suv resurslaridan unumli va tejamkorlik bilan foydalanish, ekologiyani muhofaza qilish borasida yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etishni talab etadi.
Shahzod G'afforov,
“Yuz.uz” sharhlovchisi