Suhbat chogʻida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya hamkorligining dolzarb masalalari, mintaqaviy va xalqaro muammolarning ayrim jihatlari muhokama qilindi.

V.Ishinger Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni, saylov qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratish, parlament, partiyalar rolini va jamoatchilik nazorati kuchaytirish borasida erishilayotgan natijalarni yuqori baholadi.

Germaniya tomoni Oʻzbekistonning asosiy yoʻnalishi Markaziy Osiyo davlatlari bilan dstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat boʻlgan tashqi siyosatini olqishladi.

Muloqot chogʻida Afgʻonistondagi bugungi vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish, afgʻon xalqiga yordam koʻrsatish, shuningdek, bu mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish zarurligini taʼkidladilar.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.