Shu munosabat bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi aholiga tibbiy yordam koʻrsatish uchun barcha zarur choralarni koʻrgan.
Jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 179 ta aholi punktida joylashgan subfiliallari domiy shay holatda.
Bundan tashqari, mamlakatimiz boʻylab 2861 ta tez tibbiy yordam brigadasi zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda toʻliq taʼminlangan. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat koʻrsatayotgan qariyb 17 ming nafarga yaqin shifokor va 52 ming nafardan ziyod hamshiralarga zarur koʻrsatmalar berilgan.
Qolaversa, aholi Sogʻliqni saqlash vazirligining “1003” qisqa raqamli Sall-markazi malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish boʻyicha tunu kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin.
Xususan, bunday vaziyatda nafas yoʻli surunkali kasalliklari bor yurtdoshlarimizga changli havoda tashqariga chiqmasliklarini tavsiya qilamiz.
Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qoʻyish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qoʻyish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.
Derazalarni yopiq holda saqlash, koʻproq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Ogʻiz va burun boʻshligʻini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi.
Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor boʻlishlari tavsiya etiladi.
Agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, koʻzlarda qichishish va qizarish, tomoqda kuchli qichishish, qichishish bilan kuzatiladigan yoʻtal belgilari yuzaga kelsa, tezda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari lozim.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.