"Prezidentimiz bu yil birinchi bor “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayramida oʻzlari chiqib tabrik soʻzi bilan murojaat qildilar. Taʼlim-tarbiya tizimini yaxshilash boʻyicha Farmon loyihasini tayyorlash boʻyicha topshiriq berdilar, keyin yana qoʻshimcha selektor oʻtkazib, har bir hokim endi kamida 30-40 foiz vaqtini maktabga yordam berishga qaratsin deb aytdilar va hurmatli hokimlarimizdan bu masalaga chin dildan yondashishni, kundalik topshiriq sifatida qabul qilmaslikni soʻradilar.
Kuni kecha Farmonga imzo qoʻyishdan oldin yana bir bor taʼlimni koʻtarish muhimligini qatʼiy taʼkidladilar.
Bugun ertalabdan esa joylardan shunday yangiliklarni oʻqib turibmiz...
Bunday holatlarni, nafaqat Prezident siyosatiga xiyonat, balki ataylab Davlat Rahbarini imijini diskreditatsiya qilishga harakat deb baholash kerak va har bir bunday holat boʻyicha joylardagi mutasaddilarni kerak boʻlsa jinoiy javobgarlikka tortishgacha olib borish zarur deb hisoblaymiz.
Hurmatli hokimlar va sektor rahbarlaridan xalq taʼlimi tizimi xodimlarini faqat taʼlim sifati boʻyicha ishlashlariga sharoit yaratishda yordam berishingizni soʻraymiz! Yordam berishga imkoniyatingiz boʻlmasa, iltimos, juda boʻlmasa xalaqit qilmang!
PS. Bunday qoʻshimcha ishlarga, adashmasam, Mehnat vazirligidagi alohida fonddan mablagʻ olib joylardagi ishsizlarni jalb qilsa boʻladi", deb yozadi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.
