Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda kengash aʼzolari Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Yangi Namangan tumanini tashkil etish masalasini palataning navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritishni koʻrib chiqdilar. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlash joiz, Namangan shahri 1926-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda uning aholisi 640,1 ming nafarni, umumiy yer maydoni 18 ming gektarni tashkil etadi. 2019-yilda Chortoq va Namangan tumanlaridan 57 ming nafar aholi istiqomat qiluvchi hududlar hamda 6,3 ming gektar yer maydonlari qoʻshilganligi sababli, ushbu hududda yashovchi aholining shahar markaziga qatnovida muammolar yuzaga kelayotgan edi.

Shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalari shahar markazidan 15-20 km uzoqlikda joylashganligi, sanoat korxonalarining kamligi ushbu hududda yashovchi aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlib kelmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 18-19-fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida aholi uchun ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish, aholi bandligini taʼminlash, Namangan shahri hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida Namangan shahar boʻysunuvida Yangi Namangan tumanini tashkil etish taklifini kiritgan edi.

Ushbu taklif xalq deputatlari Namangan shahar kengashining hamda Namangan viloyati kengashining qarorlari bilan maʼqullangan.

Qabul qilingan qarorga muvofiq, Namangan shahrida joylashgan 79 ta mahalladan 24 tasi, 70 ta maktabgacha taʼlim muassasasidan 40 tasi, 85 ta umumtaʼlim maktabidan 21 tasi, 6 ta oilaviy poliklinikadan 2 tasi va 52 ta kasalxonaning 12 tasi Yangi Namangan tumani tarkibiga oʻtkazilmoqda.

Yangi tuman tashkil qilinishi bilan sanoat va ishlab chiqarishdagi rolini oshirish boʻyicha yangi tuman hududida 16 ta sanoat korxonalari va 4 ta kichik sanoat zonasi barpo etiladi. Tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalarida 245 milliard soʻmlik 62 ta loyihada 2600 ta yangi ish oʻrinlari yaratish belgilanmoqda.