Namangan shahridagi 34-maktab o'quvchisi yaratayotgan mahsulotlarga xorijda talab ortmoqda

    Rus tiliga ixtisoslashtirilgan mazkur bilim dargohining 10-sinf o'quvchisi Azizbek Yoqubjonov ikki yildan buyon grafik dizayn hamda 3D modelling bilan professional darajada shug'ullanib kelmoqda.

    U yaratgan uy loyihalari, zamonaviy jismlarning 3D modellari ayni paytgacha AQSH, Rossiya, Qozog'iston singari chet davlatlarga sotilgan. Doimiy faoliyat va tinimsiz izlanish natijasida u oyiga o'rtacha 500 AQSH dollari miqdorida daromad topmoqda.

    Loyihalarni tayyorlash ish ko'lamiga qarab, bir kundan - yetti kungacha vaqtni talab etadi. Germaniya va Yaponiya bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygan iqtidor sohibi “United IT Clubs” kompaniyasida o'zi kabi yigirmadan ziyod yoshlar bilan birgalikda malaka-yu mahoratini toblamoqda.

    Qahramonimiz shu yo'nalishda o'quv kursi ham ochgan. Xorij buyurtmalarini onlayn tarzda qabul qiladi. Albatta, bularning barchasini ta'lim jarayonlaridan ajralmagan holda olib bormoqda va tengdoshlarini ham qiziqtirmoqda.