Brifingda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan maʼlumot berildi.

Davlat dasturida vazirlik 7 ta vazifa va tadbirlarni bajarish boʻyicha asosiy ijrochi, 23 ta bandda belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha esa hamijrochi etib belgilangan.

Dastur ijrosi doirasida vazirlik tomonidan 4 ta normativ-huquqiy hujjat, shundan Prezident qarori 2 ta va Vazirlar Mahkamasi qarori 2 ta, shuningdek, 1 ta maqsadli dastur, 2 ta amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Xususan:

Davlat dasturining 83.4-bandida Namangan viloyat hokimligi bilan birgalikda Namangan muhandislik-texnologiya instituti negizida Namangan toʻqimachilik sanoati institutini tashkil etish boʻyicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Ayni kunlarda tuzilgan ishchi guruhi tomonidan “Namangan davlat texnologiya universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi tayyorlanib, vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Davlat dasturining 86.4-bandida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlim vazirligi, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda Elektrotexnika sohasiga kadrlar yetkazib berishning yangicha tizimini yoʻlga qoʻyish belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash boʻyicha vazirlik tomonidan ishchi guruh shakllantirilib, qaror loyihasi tayyorlanmoqda.

Davlat dasturining 213-bandida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy maʼlumot olish imkoniyatini yanada kengaytirish, bunda bosqichma-bosqich masofaviy taʼlim shaklida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Bu borada “Oliy taʼlim tizimida masofaviy taʼlim shaklini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Hozirgi kunda qaror loyihasi tasdiqlanish jarayonida.

Davlat dasturining 214-bandida qabul parametrini shakllantirish va tasdiqlashni soddalashtirish, ushbu jarayonda oliy taʼlim muassasalari vakolatini kengaytirish boʻyicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash boʻyicha vazirlik tomonidan ishchi guruh shakllantirilib, toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish parametrlarini oliy taʼlim muassasalari tomonidan belgilash tartibini joriy etish yuzasidan jamoatchilik va mutasaddi tashkilotlardan takliflar olindi. Bugungi kunda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Davlat dasturining 215-bandida Oliy taʼlim muassasalarini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishi uchun maqsadli dasturni ishlab chiqish belgilangan.

Ayni kunlarda maqsadli dastur loyihasini ishlab chiqish yakuniga yetkazilib, vazirliklarga kelishish uchun kiritildi.

Davlat dasturining 216-bandida talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etishda loyihalarni moliyalashtirishning maqbul usullarini yoʻlga qoʻyish, shu jumladan, joriy yilda 18800 oʻrinli 47 ta talabalar turar joylarini barpo etish belgilangan.

Hozirda 28 ta umumiy quvvati 12 150 oʻrinli loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Shundan 2 ta 850 oʻrinli loyiha bitimi rasmiylashtirish bosqichida, 16 ta 7 300 oʻrinli loyiha eʼlonga berildi. Shuningdek, 10 ta loyiha boʻyicha konsepsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Davlat dasturining 217-bandida Namangan viloyatida Ibrat ijod maktabi negizida Chet tillari institutini tashkil etish belgilangan.

“Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti faoliyatini tashkil etish” boʻyicha tayyorlangan qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Hozirgi kunda qaror loyihasi tasdiqlanish jarayonida.

Bundan tashqari, Davlat dasturidagi 23 ta bandda hamijrochi sifatida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼul vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilinmoqda.