Viloyatda joriy yili umumiy uzunligi 415 kilometr boʻlgan yoʻllarni qurish va taʼmirlash koʻzda tutilgan. Buning uchun 531 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanadi.

Jumladan, “Kurnos—Arab—Gʻova” umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻlini qurish, “Kosonsoy—Pop” yoʻnalishida 3,6 kilometr uzunlikda yangi avtomobil yoʻli barpo etish, “Iskovot—Kosonsoy—Toʻraqoʻrgʻon—Jomashoʻy—Soyboʻyi”, “Toʻraqoʻrgʻon—Namangan—Chortoq—Keskanyor—Sassiqsoy”, “Kosonsoy—Ravot—Chust—Pop—Navbahor” avtomobil yoʻllarining ayrim qismlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.

Namangan shahridagi markaziy koʻchalarni taʼmirlashga 125 milliard soʻm ajratiladi. EIZ va kichik sanoat zonalari yoʻllarini bugungi kun talablari darajasiga keltirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

—Yangi yilning dastlabki kunlarini yoʻllar mavzusidan boshlayotganimiz bejiz emas. Bu yil yoʻllar biz uchun siyosatga aylanadi. Ortiqcha bir soʻm topsak ham yoʻlga sarflaymiz. Shu orqali yillar mobaynida eʼtibordan chetda qolgan yoʻllarimiz holatini oʻnglaymiz, avtomobil tiqinlari muammosini yechishga harakat qilamiz, — dedi taqdimotda ishtirok etgan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov.

Tadbir davomida viloyat rahbari yoʻllarni holatidan kelib chiqib “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratish, abgor holatga kelgan yoʻllarni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib taʼmirlash ishlarini zudlik bilan boshlash yuzasidan oʻz takliflarini bildirdi.