Namangan viloyatida 11-avgustdan boshlab karantin cheklovlarini yumshatishga kirishildi

    Mamlakatimizda 11 Avgust 2020 1857

    Namangan viloyatida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha viloyat komissiyasi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan bayon qabul qilindi.

    Mazkur hujjatga koʻra, joriy yil 11-avgust kunidan boshlab:

    Namangan shahar va tumanlar hududida hamda shahar (tuman)lararo yoʻnalishlarda jamoat transportida (avtobus, yoʻnalishsiz taksi) yoʻlovchi tashish faoliyatiga ruxsat beriladi. Bunda yoʻlovchilarni cheklangan soniga qatʼiy amal qilinishi va ish soati 22.00 yakunlanishi belgilab qoʻyiladi.

    Hokimliklar huzuridagi Karantin cheklovlarini yumshatish va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga bosqichma-bosqich ruxsat berish boʻyicha tuzilgan maxsus ishchi guruhlar xulosasi asosida quyidagi faoliyat turlariga ruxsat beriladi:

    Barcha turdagi ixtisoslashtirilgan bozorlar.

    Umumiy ovqatlanish shaxobchalari. Oshxonalar soat 12.00dan 14.00 gacha, restoranlar esa soat 18.00 dan 21.00 gacha ishlashi mumkin. Banketlar hamda boshqa ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi;

    Park va istirohat bogʻlari;

    Mehmonxonalar;

    Sport zallari, fitnes klub va trenajyor zallar (ijtimoiy masofani taʼminlash imkoniyati boʻlmagan jamoaviy sport turlarini oʻtkazmaslik tavsiya etiladi);

    Davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari;

    Nodavlat taʼlim markazlari, toʻgaraklar (10 kishidan koʻp boʻlmagan guruhlar tashkil etib, mashgʻulotlar vaqtini oldindan kelishgan holda);

    Barcha xizmat koʻrsatish obyektlari, jumladan, sartaroshxona va goʻzallik salonlari.

    Mazkur muassasalar, tadbirkorlik subyektlari va majmualar faoliyatini yoʻlga qoʻyishda belgilangan shartlarga amal qilinishi lozim. Aks holda ularga nisbatan tegishli choralar koʻriladi va faoliyati toʻxtatiladi.

    Oilaviy tantana, toʻy, maʼraka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisida 30 kishidan koʻp boʻlmagan hamda sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazishga ruxsat beriladi.

    Viloyat komissiyasi yigʻilishida ushbu yumshatish choralari joriy etilayotganini suisteʼmol qilmaslik, ommaviy tadbirlarga yoʻl qoʻymaslik, masofani saqlash, niqob taqish kabi birlamchi qoidalarga doimiy amal qilinishi zarurligi taʼkidlandi.